Jahon | 19:32 / 10.08.2023
25860
4 daqiqa o‘qiladi

Texasda ayolga ilon va qirg‘iy bir vaqtda hujum qildi

Texaslik ayol noodatiy tarzda jarohat oldi. Unga bir vaqtning o‘zida ilon va qirg‘iy hujum qilgan.

CBS/PEGGY JONES

64 yoshli Peggi Jons o‘z bog‘idagi maysani o‘rayotganida osmondan uning ustiga ilon qulagan. Hodisa 25 iyul kuni Texasning Luiziana bilan chegarasi yaqinidagi Silsbi shahri hududida ro‘y bergan.

Sudralib yuruvchini ayolning uyi ustidan uchib o‘tayotgan qirg‘iy uloqtirgan va shu zahoti o‘ljasini yana olib ketish uchun pastga sho‘ng‘igan.

Natijada ilon texaslik ayolning qo‘liga osilib qolgan va uning yuziga hujum qila boshlagan, qirg‘iy esa unga tirnoqlarini botirgan.

«Men ilondan qutulmoqchi bo‘ldim, ammo u qo‘limga o‘ralib oldi, — deydi Jons xonim CBS News telekompaniyasiga. — Ilon yuzimga urildi, bir necha bor ko‘zoynagimga zarba berdi… Men uni itqitib tashlashga urinardim, ammo u qattiq yopishib olgandi».

Ayol darhol ilon yirtqich qushning «yo‘qotgan» o‘ljasi ekanini tushungan, chunki hujum vaqtida u ochiq joyda ishlayotgandi, shunday ekan, sudraluvchi daraxtdan qulashi ehtimoli yo‘q edi.

Peggi Jons o‘ziga ilon va qirg‘iy hujum qilgan dalada. Foto: CBS/PEGGY JONES

Bu darhol tasdiqlanadi: unga endi qirg‘iy ham hujum qiladi.

«Qirg‘iy ham xuddi ilon kabi kutilmaganda paydo bo‘ldi, — deya hikoya qiladi Jons. — U qo‘limda osilib turgan ilonni changallab oldi va uni olib ketishga urindi. Shu bilan birga, mening qo‘limni ham ushlab olgandi. Qirg‘iy ilon bilan birga mening qo‘limni ham changallab olgandi!»

Yirtqich qush ilonni Peggi Jonsning qo‘lidan darhol ajratib ololmagach, u tirnoqlarini bir necha bor ayolning qo‘liga botiradi.

Kurash qirg‘iyning g‘alabasi bilan yakunlanadi va u o‘z o‘ljasini olib uchib ketadi, shundan keyin Peggi Jonsning qotib qolgan turmush o‘rtog‘i rafiqasini shifoxonaga olib ketadi.

«Mening terim sanchib teshilgan, kesilgan, tirnalgan va kuchli ko‘kargan», — deydi Jons xonim. U hujum vaqtida ilon uning ko‘zoynagini sindirib yuborganini qo‘shimcha qilgan.

Ayol qo‘shaloq hujum uning uchun juda og‘ir tajriba bo‘lganini ta’kidlaydi.

Bir vaqtning o‘zida qirg‘iy va ilon bilan kurashayotganida u jonivorlar o‘zini halok qilishi mumkinligidan qo‘rqqan. Ushbu voqeadan keyin uning uyqusi buzilgan.

Shu bilan birga, ayol CBS News uchun intervyusida aytishicha, Texasda yovvoyi jonivorlar bilan sodir bo‘ladigan hodisalar— kamyob emas.

«Men avval ham qirg‘iy ilonni avval yerga tashlab, keyin ko‘tarib olganini ko‘rganman. Ular bu orqali o‘ljasini o‘ldirmoqchi bo‘ladi», — degan Jons.

Mavzuga oid