Jahon | 16:24 / 13.08.2023
24120
7 daqiqa o‘qiladi

Olov Havayining sobiq poytaxtini kultepaga aylantirdi. Suratlar

Havayi orollarida o‘rmon yong‘inlari qurbonlari soni yuzga yaqinlashmoqda. Olov sobiq poytaxt - Lahayna shahrini yer bilan yakson qilgan. Bu AQShda so‘nggi yuz yillikda eng ko‘p odam halok bo‘lgan o‘rmon yong‘inlari bo‘lmoqda.

Laxaynada yong‘in oqibatlari. Foto: Patrick T. Fallon / AFP / Scanpix / LETA

Havayi shtati hukumatining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rmon yong‘inlari oqibatida sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan Maui orolida halok bo‘lganlar soni 99 kishiga yetgan.

Qurbonlar soni ortishi mumkinligi istisno etilmaydi, chunki yuzlab odamlar hamon aloqaga chiqqani yo‘q.

Havayi orollari gubernatori Josh Grinning ma’lum qilishicha, bu AQShda 1918 yildan buyon eng ko‘p odam o‘limiga sabab bo‘lgan o‘rmon yong‘inlari bo‘lmoqda, 105 yil muqaddam Minnesota va Viskonsinda yong‘inlar 453 kishini hayotdan olib ketgandi. Shuningdek, bu Havayi orollari tarixida ro‘y bergan eng dahshatli tabiiy ofatga aylandi, oxirgi marta 1960 yilda ro‘y bergan sunami tufayli 61 kishi halok bo‘lgandi.

Mauida kamida 2,2 mingdan ortiq bino shikastlangan yoki butkul vayron bo‘lgan, shundan 86 foizi — turar joylardir. Butun orolni tiklash uchun 6 mlrd dollar talab etilishi mumkin. Orollardan minglab sayyohlar va mahalliy aholi vakillari evakuatsiya qilingan, ko‘plar elektr va mobil aloqasiz qolishgan.

O‘t o‘chiruvchilar bir necha hududlarda, jumladan tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Laxayna shahrida yong‘inga qarshi kurashmoqda, bu shahar amalda to‘liq yakson bo‘lgan. Avvallari bu shaharga yiliga ikki millionga yaqin sayyoh tashrif buyurardi.

Laxayna shahri XIX asrda Havayi qirolligi poytaxti bo‘lgan - bu orollar AQShga qo‘shilishidan oldin mavjud bo‘lgan davlat edi.

Havayi orollaridagi yong‘inlar hafta o‘rtalarida boshlangandi.

Bu issiq havo va qurg‘oqchilik tufayli kelib chiqdi, orollardan yuzlab kilometr janubda Tinch okeani uzra ko‘tarilgan «Dora» dovuli tufayli kuzatilayotgan kuchli shamollar esa olov tez tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

Joriy yil yozida Amerikaning ko‘plab shtatlarida, shuningdek Yevropa va Osiyoda sayyoradagi iqlim o‘zgarishlari va boshqa omillar natijasida yuzaga kelayotgan issiq ob-havo qayd etilmoqda.

Havayidagi o‘rmon yong‘inlari Kaliforniya va AQShning materik qismidagi boshqa shtatlaridagi kabi katta ko‘lamda emas, ammo mahalliy aholi vakillari bunaqasini hali ko‘rishmaganini aytishmoqda.

Havayi shtati bosh prokurori rasmiylar o‘rmon yong‘inlariga kerakli darajada to‘g‘ri reaksiya ko‘rsatganini sinchkovlik bilan o‘rganmoqchi. Qurbonlar soni ko‘pligi tufayli amaldorlar mahalliy aholini xavf haqida qanchalik tez ogohlantirgani borasida savollarni tug‘dirmoqda.

Juma kuni Laxaynada yashovchilarning ayrimlari yong‘inlar tinganidan keyin shaharga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.

Laxaynaga olib boruvchi va hozirda ochiq bo‘lgan kam sonli yo‘nalishlardan biri bo‘lgan Xonoapilani shossesida toliqqan odamlar o‘tirgan avtomobillarning ulkan navbati yuzaga kelgan — mashinalar yukxonalarida oziq-ovqat, suv, yonilg‘idan tortib pampers va hojatxona qog‘ozigacha g‘amlab olingan.

Ammo bir necha soat o‘tib yo‘l yana yopib qo‘yildi, unda faqat favqulodda xizmatlar mashinalari qatnashi mumkin.

Mahalliy aholi vakillaridan biri, 26 yoshli Brayan Agiran yong‘in avjiga chiqqan mahalda ham Laxaynada edi. U mo‘jiza tufayli o‘z uyini saqlab qolgan, olovni katta chelakda suv tashib o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo endi u yerga qaytishni istamayapti.

«Men ko‘zimni yumdim va Armageddonni ko‘rdim, — deydi u va endi uxlay olmayotganini aytadi. — Endi Laxayna butkul o‘zgardi».

U Mauining boshqa aholisi kabi qurbonlar soni sezilarli darajada ortishi mumkinligidan xavfsiramoqda.

Maui orolining Laxayna shahri joylashgan g‘arbiy qismida hamon elektr va suv ta’minoti yo‘q. Bu hududda hamon qidiruv brigadalari ishlamoqda va jabrlanganlarni topishga harakat qilmoqda.

Qidiruv ishlari dengiz bo‘ylab ham olib borilmoqda. Sohil qo‘riqlash xizmati xodimlari shahar bandargohi yaqinida suvdan 17 kishi chiqarib olinganini ma’lum qilgan. Ayni vaqtda ularning barchasining holati qoniqarli.

Turistik kompaniya xo‘jayini Geyb Lyusi BBC bilan suhbatda olov juda tez tarqala boshlagan mahalda dahshatli voqea haqida eshitganini aytadi.

«Odamlar suvga sakrashgan. Menimcha ayrimlar shu qadar tez olov qurshovida qolishganki, faqat dengiz sohiliga tushib qutulishlari mumkin edi», — deydi o‘z qayiqlarini qutqaruv amaliyotlari uchun taqdim etgan Lyusi xonim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlar «to‘rt yoshli bolalarini olib, ularni syorfing taxtasiga o‘tirg‘izishgan va sohildan nariroqqa itarishgan». Lyusining aytishicha, ayrim xabarlarga ko‘ra, dengizdagi qoyalarda odamlarning jasadlari topilgan.

Hukumat Maui orolidagi shaharlarni tiklash uchun ko‘p yillar ketishidan ogohlantirgan. Birgina Laxaynaning o‘zida mingdan ortiq binolar vayron bo‘lgan.

 Front-strit — Laxaynaning okean sohili bo‘ylab o‘tgan asosiy ko‘chasi, 10 avgust
Patrick T. Fallon / AFP / Scanpix / LETA
Shahar atrofida yonib ketgan qayiq
Marco Garcia / Reuters / Scanpix / LETA
Patrick T. Fallon / AFP / Scanpix / LETA
Laxaynadagi avtoturargohda yonib ketgan mashinalar
Patrick T. Fallon / AFP / Scanpix / LETA
Marco Garcia / Reuters / Scanpix / LETA
Laxayna aholisi shaharni mashinalarda yoppasiga tark etishi, 10 avgust
Marco Garcia / Reuters / Scanpix / LETA
Laxaynadagi oila yonib ketgan uyi o‘rnida, 11 avgust
Patrick T. Fallon / AFP / Scanpix / LETA
Laxaynada yong‘in vayron qilgan uylardan biridagi hovuz
Justin Sullivan / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA
Laxaynadagi vayrongarchiliklar, 9 avgust
Jack Truesdale / Civil Beat / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Laxaynalik ayol yong‘indan keyin topilgan mushugi bilan
Moses Slovatizki / AFP / Scanpix / LETA
Laxaynaning ko‘rinishi, 11 avgust
Etiene Laurent / EPA / Scanpix / LETA

Mavzuga oid