19:45 / 14.08.2023
45066

Dunyo bilimdonlarini yig‘gan chempionat yakunlandi 

“Zakovat”ning birinchi Osiyo ochiq chempionati o‘z nihoyasiga yetdi. G‘olib jamoalarga jami  200 mln so‘m mukofot puli hamda maxsus kubog topshirildi. Endi intellektual o‘yinning jahon chempionati bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. 

12-13 avgust kunlari Toshkentda “Zakovat” intellektual o‘yinining birinchi Osiyo ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi. Ikki kun davom etgan yirik turnirda O‘zbekiston, Isroil, Kipr, Germaniya, Armaniston, Qozog‘iston, Belarus, BAA, Latviya, Daniya, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya kabi 14 mamlakatdan 55 ta jamoa qatnashdi, jami ishtirokchilar soni 300 nafardan ortiq.  

Avval xabar berganimizdek, turnirning birinchi kuni “Zakovat Arena”sida 6 ta tur doirasida tashkil etildi. Har bir tur uchun 15 ta savol berildi. Sportcha va breyn-ring shaklida o‘tgan har ikki o‘yinning eng kuchli jamoalari saralab olinib, sovrindorlar aniqlandi.  

13 avgust kuni “O‘zbekfilm” binosida chempionatning yopilish marosimi doirasida 3 ta jamoa mukofotlandi. Sport versiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni olgan Rossiyaning “Eclipse” jamoasiga 100 mln so‘m, ikkinchi o‘rin egasi Rossiya va Qozog‘istonning “Basenji” jamoasiga 60 mln so‘m, uchinchi o‘rin egasi Rossiyaning “Borskiy korabl” jamoasiga esa 40 mln so‘m berildi.  

Yopilish marosimi davomida O‘zbekiston chempioni “Misteriya

 va “Basenji” (Rossiya-Qozog‘iston) jamoalari “breyn-ring” o‘yinining finalida qatnashishdi. 2 ta tur doirasida 9 tadan savol berildi. 

Qiziq ma’lumot, o‘yin boshlanishidan avval mashhur boshlovchi, turnir koordinatori Yan Sadovskiy “Basenji” jamoasiga yuzlanib, jamoa a’zolaridan biri Dmitriy Yefrenov asli o‘zbekistonlik ekani, Nukusda tavallud topgani haqida ma’lumot berib, har qanday holatda ham finalni baribir o‘zbeklar yutishini hazilomuz aytdi. 

“Basenji” jamoasi 2 ta turda ham ustunlik bilan g‘olib deb topildi va ularga tantanali ravishda maxsus kubog topshirildi. 

“Jamoamiz “Zakovatga” kelish uchun maxsus saralanib, tayyorlandi. Turnir tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada fantastik o‘tdi. Men o‘zim bunday o‘yinlarda 30 yildan beri qatnashib kelaman. Ko‘ryapman-ku, bu tanlov maksimal ravishda yuqori darajada tashkil etildi. Buning uchun O‘zbekistonga o‘z minnatdorligimni bildiraman, vaqtimiz juda yaxshi o‘tdi. Emotsiyalarimizni tasvirlab berolmayman, buning ustiga so‘z lug‘atim ham 3 martaga boyidi. Tashkilotchilarga yana bir bor rahmat, bu fantastik bo‘ldi”, – deydi “Basenji” jamoasi a’zosi Mixail Savshenkov. 

“Zakovat” intellektual o‘yini asoschisi Abdurasul Abdullayev Osiyo mintaqasi bo‘yicha turnirlar yakunlanganini, endigi qadam jahonga chiqish ekanini ma’lum qildi. Uning aytishicha, 2024 yilda “Zakovat”ning jahon chempionati o‘tkaziladi. 

“Taassurotlar bir dunyo, ko‘ryapsiz-ku, mana, tadbirga bugungi kundagi eng kuchli bilimdonlar keldi. Ular yangi avlod bilimdonlari hisoblanadi. Bunday bilimdonlar yana 5-10 yildan keyin dunyo bo‘yicha 50 taga chiqadi. O‘tgan yili Markaziy Osiyo chempionatini, bu yil Osiyo ochiq chempionatini o‘tkazdik, keyingi yilda esa Jahon chempionatini qilamiz, nasib. Bu galgi turnirga ham katta-yu kichik — hammasini taklif qilamiz. Klubimiz yigitlariga rahmat, bir necha kun uxlamasdan ishlashdi. Buning o‘zi bo‘lmaydi”, – dedi “Zakovat intellektual klubi” NNT prezidenti Abdurasul Abdullayev.

“Bu kabi tadbirlar – biz uchun tajriba. Ko‘rib turibmiz, haqiqatan kuchli jamoalar ko‘p. Misol uchun, O‘zbekistonning eng kuchli jamoasi kuchli 10 talikka kirdi, 9-o‘rin bo‘ldi. Bu esa hali bunaqangi turnirlarda ko‘p chiniqishimiz kerakligini anglatadi. Ko‘pchilik ular bizdan bilimliroq, biznikilarni bilimi kamroq deb o‘ylashadi, aslida bunday emas. “Zakovat” – bu ham sportning bir turi. Siz sport bilan qancha ko‘p shug‘ullansangiz, shuncha ko‘p natijalaringiz yaxshi bo‘lib boraveradi. O‘zbekiston darajasida eng zo‘ri bo‘lishingiz mumkin, lekin o‘zingizdan kuchli raqiblar bilan kuch sinashmasangiz, “qotib qolaverasiz”. Shuning uchun bunaqangi turnirlar bizga kerak. Hozircha Jahon chempionati haqida o‘ylayapmiz. Jahon chempionati ham nomigagina jahon chempionati emas, haqiqiy keng ko‘lamli jahon chempionati bo‘ladi”, – dedi “Zakovat intellektual klubi” kengash a’zosi Xushnud Xudoyberdiyev. 

Ma’lumot uchun, I Osiyo ochiq chempionati mintaqadagi mamlakatlardan tashqari, Yevropaning bir qancha davlatdan kelgan bilimdonlar ishtirokida o‘tkazildi. Shu sababli turnir barcha uchun qulay bo‘lgan rus tilida tashkil etildi.

Xushnud Xudoyberdiyevning aytishicha, kelgusida jahon chempionatini shu tilda bo‘lishi uning keng miqyosda professional zakovatchilar bilan o‘tkazilishini ta’minlaydi.

Top