Jahon | 15:35 / 19.08.2023
26780
4 daqiqa o‘qiladi

Endi yarashib olgan Burak O‘zdemir va uning otasiga qamoq jazosi tahdid solmoqda

Ijtimoiy tarmoqlar yulduzi turkiyalik CZN Burak o‘zi firibgarlikda ayblagan otasi bilan yarashib olgandi. Endi esa ota-bolaga 5 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutuvchi da’vo qo‘zg‘atildi. Ular «Shahar qo‘riqxona zonasi»da ruxsatsiz, o‘zboshimchalik bilan inshoot qurishda ayblanmoqda.

Burak O‘zdemir otasi Ismoil bilan. Kollaj:

CZN Burak nomi bilan ijtimoiy tarmoqlarda mashhur Muhammad Burak O‘zdemir va uning otasi Ismoil O‘zdemir o‘rtalaridagi sovuqchilikni bartaraf etishgani bilan, boshqa ko‘ngilsizliklardan xalos bo‘la olishmayapti. (Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Burak O‘zdemir o‘z otasi Ismoil O‘zdemirni o‘ziga tegishli restoranni xorijlik kimsaga sotib yuborganligi uchun firibgarlikda ayblab, sudga bergan edi).

Ota va bolaning munosabatlari yana kun tartibiga qaytdi, ularga nisbatan sudda da’vo qo‘zg‘atilgan.

Muhammad Burak O‘zdemir va uning otasi Ismoil O‘zdemirga nisbatan «shahar qo‘riqxona zonasi»da ruxsatsiz qurilish ishlari olib borishgani uchun 2 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin. Istanbul shahar jinoyat ishlari sudining birinchi instansiyasida o‘tgan dastlabki sud majlisida Ismoil O‘zdemir va uning advokatlari hozir bo‘lishgan. Burak O‘zdemir o‘rniga uning advokati ishtirok etgan, deb yozadi «Turkiya gazetasi» «İhlas» xabar agentligiga havola qilib.

Javobgar Ismoil O‘zdemir sud majlisida ko‘rilayotgan ko‘chmas mul knga tegishli ekanini ta’kidlab, «Men o‘z uyimda oddiy ta’mirlash ishlarini amalga oshirdim. Ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun shahar ma’muriyatidan tegishli ruxsatnoma ham oldim. Menga nisbatan qo‘yilayotgan ayblovlarni tan olmayman», degan va o‘zini oqlashni talab qilgan.

Ayblanuvchi Muhammad Burak O‘zdemirning advokati esa o‘z mijozini sud majlisiga tayyorlay olmasligi, u xorjda ekanini aytgan hamda jinoyat sodir etganlikda ayblovni tan olmasligini ta’kidlagan.

Sud majlisida fikri so‘ralgan prokuror yetishmayotgan punktlarni to‘ldirishni talab qilgan.

O‘zining dastlabki qarorini e’lon qilar ekan, Burak O‘zdemirning advkatiga o‘z mijozini sudga tayyorlash uchun vaqt taqdim etilishi kerakligini ta’kidlab, sud majlisini keyinroqqa qoldirgan. Madaniyat va turizm vazirligining sudda ishtirok etish talabi va ishda mavjud kamchiliklarni barataraf etish to‘g‘risidagi talablar qanoatlantirilgan.

Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan tayyorlangan ayblov xulosasida aytilishicha, ruxsatsiz qurilish ishlari boshlangani to‘g‘risidagi xabarnoma olinganidan so‘ng shikoyat qilingan obektga kirishning iloji bo‘lmagan, shunga qaramasdan inshoot qurilishi davom ettirilmoqda va hali u yakuniga yetkazilmagan.

Ayblov xuloasasida uchastkada qurilish ishlari olib borish uchun ruxsat beruvchi hujjat topilmagani ham qayd etib o‘tilgan.

Prokuraturaning ayblov xulosasida Muhammad Burak O‘zdemir va Ismoil O‘zdemirni «2863-sonli madaniy va tabiat qimmatliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun»ga zid harakatlar olib borishgani uchun 2 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqarish talab etilgan.