O‘zbekiston | 19:36 / 20.08.2023
41169
13 daqiqa o‘qiladi

Umrzoqovning ketishi, UzAuto Motors’ning va’dasi va Ukrainadan mehmonlar - O‘zbekiston hafta ichida

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan an’anaviy ochiq muloqot o‘tkazdi, bungacha esa Prezident administratsiyasi isloh qilindi. O‘zbekiston oliygohlariga test imtihonlari yakunlandi. Toshkentda qurilayotgan yangi ko‘prik qulab tushdi — ortda qolgan haftaning asosiy mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Ishbilarmonlarga qator yengilliklar va’da qilindi

Ochiq muloqotda prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarni qiynab kelayotgan bir necha muammolarni tilga oldi. Xususan, hozirda kameral nazorat to‘laqonli soliq tekshiruviga aylanib ketgani va bu korrupsiyaga ham yo‘l ochib berayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Endilikda kameral nazoratda tadbirkordan hujjat talab qilish yoki uni idoraga chaqirish qat’iyan taqiqlanadi.

«Lekin soliqlardan qochib, o‘z majburiyatlarini bajarmasdan kelayotgan qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarga biz albatta murosasiz bo‘lamiz», dedi prezident.

Soliq tizimidagi korrupsiya bilan bog‘liq shikoyatlar haddan tashqari ko‘payib ketgani ham aynan «tax gap» bilan bog‘liq ekani tilga olindi.

Prezidentning ushbu so‘zlaridan so‘ng zalda guldurok qarsaklar yangradi va prezident Soliq qo‘mitasi raisiga yuzlanib shunday dedi:

«Kudbiyev degan kattakon, senga baho bu. Sening tizimingga baho bu. Olayotgan oyliklaringni oqlamayapsizlar, xalqqa, tadbirkorga yordam bermayapsizlar, to‘siq bo‘lyapsizlar. Mana, tax gap degan balo bularni qanday qiynayapti, katta korrupsiyaga sabab bo‘layotgani uchun tikka turib qarsak chalyapti».

Xo‘sh, «tax gap» tizimi nima o‘zi va tadbirkorlar nimaga bu tizimdan norozi bo‘lishdi? Hozir tadbirkorlarni xavf guruhiga kiritish tizimi yopiq bo‘lib, intizomli soliq to‘lovchilar ham qaysidir hamkori qachonlardir xato qilgan bo‘lsa, uning uchun ham javob bermoqda.

O‘tkazilgan so‘rovlarda QQS to‘lovchilarning 70 foizi ushbu soliqni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash, ya’ni «tax gap» tizimi adolatsiz ekanini bildirgan.

Endi, 1 oktyabrdan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti, ya’ni «tax gap» bekor qilinadi.

Prezident tadbirkorning soliq idoralari bilan bo‘ladigan barcha nizolari ma’muriy sud vakolatiga o‘tkazilishini ta’kidladi. Shuningdek, tadbirkorlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar olib tashlanadigan bo‘ldi.

Soliq bo‘yicha tadbirkorlarga nisbatan da’vo kiritish muddati esa hozirgi 5 yildan 3 yilga tushiriladigan bo‘ldi. 

Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman soha vakillari bilan birga tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingini joriy qiladi. Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab reytingi yuqori korxonalar:

  • barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi;
  • ularga QQSning ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi;
  • QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtinchalik to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi.

Darvoqe, tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida prezident Shavkat Mirziyoyev “aravani torta olmayotgani” uchun bir oyda 200 dan ortiq rahbar ishdan olinganini aytdi.

«Bir oy ichida 200 dan ko‘proq rahbarni ishdan oldik. Nimaga? Aravani tortmayapti. Nimaga bugungi hayotga munosib emas? Bo‘laveradi deb yashayapti. Tahlil qilmaydi, televizor ko‘rmaydi, dunyoda nima bo‘lyapti, qanday raqobat bosib kelyapti, bu raqobatga qachon munosib bo‘lamiz, degan savolga javob topmayapti. Shuning uchun ular bilan xayrlashishga majbur bo‘lyapmiz», — dedi davlat rahbari.

Ular orasida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov ham bor. Uning iste’fosi «boshqa ishga o‘tayotgani» bilan bog‘liqligi aytilgan. Avvalroq ushbu mulozim sohadagi nepotizm va boshqa kamchiliklarni tanqid ostiga olgan Kun.uz nashrini sudga bergan, biroq ko‘p o‘tmay da’vosini qaytarib olgan edi.

Prezident Administratsiyasidagi yangilanishlar ham haftaning asosiy yangiliklaridan biri bo‘ldi. Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi va boshqa quyi lavozimlar tugatildi. Sardor Umrzoqov, Sunnatulla Bekenov va Furqat Rahimov o‘z lavozimlaridan ozod etildi.

Qayd etib o‘tish joizki, bu ikki shaxs Sardor Umrzoqov investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bo‘lib ishlaganida uning o‘rinbosarlari bo‘lishgan.

Xullas, prezident farmoni bilan Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi tugatildi hamda administratsiyaning tuzilmasiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan, administratsiya rahbarining hududlardagi yordamchilari lavozimlari; hududlardagi yordamchilari kotibiyatlari; hududlardagi yordamchilari kotibiyatlari faoliyatini muvofiqlashtirish shu’basi tugatildi.

Sardor Umrzoqov prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

Prezident Administratsiyasining yangi strukturasi quyidagicha ko‘rinishga ega bo‘ladi:

1. Prezidentning birinchi yordamchisi;

2. Prezident yordamchisi;

3. Administratsiya departamentlari;

4. Prezident maslahatchilari.

O‘zbekistonda oliygohlarga test sinovlari bo‘lib o‘tdi

Hu bir vaqtlardagidek yana 1 avgust kuni start olgan test sinovlari ikki hafta mobaynida o‘tkazilib, 14 avgust kuni yakunlandi. Test sinovlari natijalari ertasi kuniyoq paydar-pay e’lon qilib turildi. Test sinovlarida 948 ming abituriyent qatnashishi kerak edi, shundan 50 mingdan oshig‘i imtihonda qatnashmagan.

Hozir abituriyentlar kutayotgan eng asosiy narsa – yakuniy mandat. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, abituriyentlarning yakuniy javoblari kirish imtihonlari to‘la yakunlangan sanadan boshlab 1 hafta ichida chiqishi kerak. Demak, 13 avgustda test tugagan bo‘lsa, 20 avgustda mandat e’lon qilinishi kerak.

Muhim jihati — maksimal 189 ball to‘plash mumkin bo‘lgan test sinovlarida abituriyent talaba bo‘lish uchun to‘plashi kerak bo‘lgan eng minimal ball – 56,7 ball etib belgilangan.

Test imtihonlarida qatnashgan abiturentlarning qariyb yarmi ana shu ballni ham to‘play olishmagan. Hayron bo‘lishga shoshilmang: avvalgi yillarda vaziyat bundan-da badtar bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, bu yil OTMning bakalavriatiga qabul uchun 190 mingga yaqin kvota ajratilgan.

Qulagan to‘sin va kaltak yegan jurnalistlar

Toshkent xalqaro aeroportiga eltuvchi yo‘l o‘tkazgich qayta rekonstruksiya qilinmoqda. Hafta avvalida ushbu yangi yo‘l o‘tkazgich ko‘prikdagi to‘sinlar qulashi ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarni keltirib chiqardi.

Ko‘prik qulashiga to‘sinlar sifatsizligi emas, «Ko‘prikqurilish» tresti unitar korxonasi tomonidan olib borilayotgan qurilish ishlarida mehnat muhofazasiga amal qilinmasligi sabab bo‘lgan, dedi mutaxassislarlardan biri.

«O‘zbekiston temiryo‘llari» voqeaga ehtiyotsizlik sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.

Tik holda montaj qilinishi lozim bo‘lgan va bir biriga yaxshilab qotirilmagan to‘sinlardan birining kran yordamida ko‘tarilgan chog‘da yonga og‘ishi natijasida u qolganlarini ham tortib ketgan. Yonboshlagan to‘sinlar o‘z og‘irligini ko‘tara olmasdan sinib ketgan.

Mazkur holat yuzasidan Transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 3 nafar mansabdor shaxs gumonlanuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan. To‘sinlar qulashi natijasida yo‘l o‘tkazgich qurilishida 2 mlrd 760 mln. so‘mlik zarar ko‘rilgan.

To‘sin qulashini yoritish uchun borgan ZO‘R-TV telekanali jurnalistlariga qarshilik ko‘rsatilgan. Operatorning kamerasiga zarar yetkazilgan, o‘zi kaltaklangan.

ZO‘R-TV muxbirlariga zo‘ravonlik ko‘rsatib, ularga qarshi kuch ishlatgan xodim «Ko‘prikqurilish» tresti unitar korxonasi 67-Ko‘prikqurilish otryadi ish boshqaruvchisi Nodir Eshniyozov ekani ma’lum bo‘ldi. «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ u ishdan bo‘shatilganini e’lon qildi.

Buning ortida ichki ishlar vazirligi bezorilik holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Hafta ichida yana qanday e’tiborga molik yangiliklar bo‘ldi?

AQSh prezidenti Jo Bayden O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi. 11 avgust kuni yuborilgan maktubda Amerika prezidenti O‘zbekiston rahbarini Nyu-Yorkda BMT bosh assambleyasi doirasida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo va AQSh davlat rahbarlarining (5+1) sammitiga taklif etgan. Sammit 19-20 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

«Ummon» guruhining sobiq solisti Zohid Risqiyevga sud hukmi o‘qildi. Bir inson umriga zomin bo‘lgan avtohalokatni sodir etganlikda ayblangan Zohid Risqiyevga shartli ravishda 2 yil sinov muddati berilib, ozodlikda qoldirildi. U 3 yilga transport vositasini boshqarish huquqidan ham mahrum qilindi.

2022 yil sentabrida Zohid Risqiyev boshqaruvidagi BMW katta tezlikda harakatlanib, yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilib, «Megaplanet» savdo majmuasi qarshisidagi ko‘p qavatli uy oldiga tushgandi. Voqea oqibatida yo‘lovchilardan biri vafot etgan, Zohid va ikki yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgandi.

Avtomobil mavzusini davom ettiramiz.

UzAuto Motors 2024 yildan boshlab avtomobillarni 3 oy ichida yetkazib berishni va’da qildi. Yaqinda, avgust oyida ochilgan kontraksiyalar bo‘yicha puli oldindan to‘langan avtomobillar yil yakunigacha o‘z egalariga topshiriladi. O‘sha urho-sur bo‘lgan kuni 51 mingta avtomobilga shartnoma tuzilganini unutmaylik. UzAuto Motors keyinchalik shartnoma tuzilganidan keyingi kutish muddati 3 oydan oshmasligiga va’da bermoqda.

Darvoqe, hukumatning yangi qaroriga ko‘ra, yangi import avtomobillar faqat yuridik shaxslar — ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan sotilishi haqidagi talab bekor qilinadi. Bu ham O‘zbekistonga xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar olib kirish uchun yo‘l ochadi.

Xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida ikki yo‘lakli tizim tugatildi. Yashil va qizil yo‘lakli tizim 2018 yil 1 yanvardan ishga tushirilgan edi. Prezident farmoniga ko‘ra, uning o‘rniga masofaviy bojxona nazorati, ya’ni maxsus ajratilgan joylarda vizual kuzatuvni amalga oshirish tizimi joriy etildi.

Hafta ichida ukrainalik bir guruh bolalar O‘zbekistonda dam olish va sog‘lig‘ini qayta tiklash uchun olib kelindi. Ukrainadan dam olish va reabilitatsiya uchun kelgan 45 nafardan iborat bolalar guruhi «Anor» bolalar oromgohida hordiq chiqarishmoqda Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi tashabbusi bo‘lgan ushbu loyiha o‘zbek ishbilarmonlari va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Dayjyestimiz so‘ngida futbol yangiliklari. Saudiya Arabistoni chempionati futbol yulduzlari bilan to‘ldirilayotgan bir chog‘da, Krishtianu Ronalduning jamoadoshi Jaloliddin Masharipov «An-Nasr» bilan tuzilgan shartnomani o‘zaro kelishuvga ko‘ra bekor qilganini e’lon qildi. Masharipov faoliyatini Turkiyaning «Trabzonspor» klubida davom ettiradigan bo‘ldi.

Darvoqe, braziliyalik futbol yulduzi Neymar ham Saudiya Arabistoniga yo‘l olgani haftaning shov-shuvli yangiligi bo‘ldi. PSJdan «Al-Hilol»ga 90 mln yevro evaziga amalga oshirilgan transfer evaziga Neymarga 2 mavsum uchun 320 mln yevro maosh beriladi. Bu soatiga 17,1 ming yevro degani.

Bundan tashqari, Neymarga shaxsiy foydalanish uchun xususiy samolyot, to‘liq jihozlangan (25 ta yotoqxona, 40x10 hajmdagi basseyn va uchta sauna) va 5 nafar xizmatkorlari bo‘lgan koshona, Bentley Continental GT, Aston Martin DBX va Lamborghini Huracán avtomobillari, 24 soat xizmatida bo‘ladigan haydovchi beriladi. Uning dam olish kunlarida mehmonxonalar, restoranlar va boshqa turli xizmatlar uchun hisoblar to‘lash uchun klub qarorgohiga yuboriladi.

Neymar o‘z ijtimoiy tarmoqlarda Saudiya Arabistonini targ‘ib etuvchi har bir post yoki «storiz» uchun 500 ming yevro mukofot oladi, «Al-Hilol»ning har bir g‘alabasi uchun unga 80 ming yevro miqdorida mukofot puli ham beriladi. 

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid