Jahon | 19:41 / 22.08.2023
21958
3 daqiqa o‘qiladi

Manba: Surovikin Rossiya havo kosmik kuchlari qo‘mondonligidan bo‘shatildi

Bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Rossiya armiyasidagi eng yuqori martabali mulozimlardan biri, Yevgeniy Prigojinning iyun oyidagi isyonidan keyin ko‘rinish bermayotgan armiya generali Sergey Surovikin Rossiya havo kosmik kuchlari qo‘mondoni lavozimidan ozod etilgan. Bu haqda «Exo Moskva» sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktov o‘z Telegram-kanalida yozdi.

«Surovikin Havo kosmik kuchlari qo‘mondoni lavozimidan bo‘shatilib, mudofaa vazirligi tasarrufida qoldirilsin (farmon)», deb yozdi Venediktov o‘z kanalida.

Bu postdan bir necha daqiqa o‘tib uning kanalida yana bir post paydo bo‘ldi: «Ertaga Surovikinning onasi tug‘ilgan kun. Hech bo‘lmasa qo‘ng‘iroq qilish imkonini berisharmikin?» deb yozdi jurnalist.

Farmon matni rasman e’lon qilinmadi. RF mudofaa vazirligi ham bu xabarni tasdiqlamagan.

Jurnalist Kseniya Sobchak esa, undagi ma’lumotlarga ko‘ra, Surovikin yopiq farmon bilan 18 avgust kuniyoq ishdan olingani haqida yozdi.

Rossiyada armiya generali unvoniga ega kam sonli generallardan biri Sergey Surovikin 23 iyun kuni Yevgeniy Prigojin boshchiligidagi vagnerchilar isyonidan buyon ko‘rinish bermayapti. Isyon boshlanganda Rossiya oliy harbiy rahbariyati orasida faqat Surovikin vagnerchilarni to‘xtashga chaqirib murojaat qilib chiqqandi. G‘arb nashrlarida esa Surovikin isyon haqida oldindan bilgani va unga xayrixoh bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.

Prigojin isyoni vaqtida aynan Surovikin boshqaruvidagi havo kosmik kuchlari vagnerchilarga qarshilik qilish uchun chiqqan va bir necha vertolyot urib tushirilgandi. Isyon boshlangach, Prigojin ustidan jinoiy ish ochildi, lekin isyonchilar Moskva yaqinida to‘xtab, ortga qaytib ketgach, unga qarshi ochilgan ish tugatilib, unga Belarusga ketish imkoni berildi.

AQShning WSJ nashri isyondan keyin Surovikindan tashqari yana o‘ndan ortiq yuqori martabali harbiy mulozimlar ishdan ketgani haqida yozgan. Generalning qizi esa otasi ish joyida ekanini aytdi. Isyon kunidagi vagnerchilarga murojaatidan keyin Surovikin hech qayerda, hatto mudofaa vazirligi uchrashuvlarida ham ko‘rinish bergani yo‘q.

Surovikin RF havo-kosmik kuchlariga 2017 yil 31 oktyabridan buyon rahbar edi. U Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotlariga rahbarlik qilgan va general Armageddon laqabini olgan.

2022 yil oktyabridan 2023 yil yanvar oyiga qadar u Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shinlari guruhiga qo‘mondonlik qilgan, aynan uning qarori bilan Rossiya qo‘shini Dniproning o‘ng sohilidan, jumladan Xerson shahridan olib chiqilgandi. U 2023 yil 11 yanvar kunida Ukrainadagi guruhning yangi qo‘mondoni Valeriy Gerasimovga o‘rinbosar bo‘lgandi.

Mavzuga oid