O‘zbekiston | 20:52 / 22.08.2023
10636
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Bokuda Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

«Zug‘ulba» qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Ozarboyjon prezidentiga tashrif bilan kelish taklifi hamda O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Yetakchilar O‘zbekiston bilan Ozarboyjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Parlamentlar, hukumatlar, hududlar, tashqi siyosiy va boshqa idoralar, tahliliy doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror sur’atda oshib bormoqda. Qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi.

Ozarboyjonda O‘zbekiston avtomobillarini yig‘ish, ipakchilik va to‘qimachilik klasterlari tashkil etilgani samarali hamkorlikka misol bo‘la oladi.

Tashrif arafasida o‘tkazilgan biznes forumi natijasida yangi kooperatsiya loyihalari va savdo shartnomalarining salmoqli to‘plami shakllantirildi.

O‘zbekiston va Ozarboyjon yetakchilari energetika, mashinasozlik, metallurgiya, shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi, foydali qazilmalar, to‘qimachilik, ipakchilik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida O‘zbekiston-Ozarboyjon investitsiya kompaniyasining samarali faoliyatini ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘rta koridor orqali yuk tashishni ko‘paytirish, logistika va portlar infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Prezidentlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, yangi kooperatsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va ilgari surish uchun ikki mamlakat hududlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etish muhimligini qayd etdilar.

Tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta’lim va fan sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqotni va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

Mavzuga oid