O‘zbekistonning tashqi savdosi: Xitoy asosiy savdo hamkori maqomini mustahkamlagan, oltin eksporti oshgan, gaz sotish qisqargan
2023 yilning dastlabki 7 oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi qariyb 35 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda Xitoyning ulushi – 19,5 foizgacha oshgan. Hisobot davrida 5,6 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 90 foizga ko‘p.
Statistika agentligi O‘zbekistonning 2023 yil yanvar-iyul oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni e’lon qildi.
Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi (TSA) 35 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 14,9 mlrd dollarni, import hajmi esa 20 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 31 foizga, import hajmi 18,1 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 5 mlrd dollarga yetgan.
Tashqi savdoda Xitoyga bog‘liqlik ortgan
O‘zbekistonning tashqi savdo aloqalarida Xitoyga bog‘liqligi ortib bormoqda. Xususan, yil boshidan beri Xitoyning O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 6,9 mlrd dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 19,5 foizini tashkil qilgan.
2023 yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan top-10 davlat:
- Xitoy – 6,9 mlrd dollar;
- Rossiya – 5,3 mlrd dollar;
- Qozog‘iston – 2,5 mlr dollar;
- Turkiya – 1,9 mlrd dollar;
- Koreya – 1,3 mlrd dollar;
- Qirg‘iziston – 632,2 mln dollar;
- Germaniya – 609 mln dollar;
- Fransiya – 518 mln dollar;
- Turkmaniston – 492 mln dollar;
- Afg‘oniston – 471 mln dollar.
Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan faqatgina uchta mamlakat – Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 17 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.
Oltin eksporti
Joriy yilning yanvar-iyul oylarida 5,6 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 37,7 foizini tashkil etadi.
O‘z navbatida oltin eksporti 2022 yilning mos davri bilan taqqoslanganda, 89,8 foizga ko‘paygan.
Dastlabki 7 oylikda oltinsiz eksport 9,3 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,4 foizga o‘sgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2021 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2020 yilda 5,8 mlrd dollarlik, 2019 yilda esa 4,9 mlrd dollarlik oltin sotilgan.
Yoqilg‘i mahsulotlarining eksporti va importi
Rasmiy statistikaga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston 201 mln dollarlik gaz import qildi, bu 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 49,1 foizga ko‘p. O‘z navbatida mazkur davrda gaz eksporti 35 foizga yoki 342 mln dollargacha qisqargan.
Avvalroq, joriy yilning dastlabki 7 oyi davomida O‘zbekistondan Xitoyga umumiy qiymati 295,3 mln dollarlik tabiiy gaz eksport qilingani xabar berilgandi.
Shuningdek, 2023 yilning birinchi 7 oyida 98 million dollarlik ko‘mir import qilingan, bu o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 56,6 foizga ko‘p.
Hisobot davrida 79,6 mln dollarlik elektr toki sotib olingan (o‘sish – 19,2 foiz) va 47,2 mln dollar qiymatidagi elektr energiyasi (kamayish – 22,4 foiz) eksport qilingan.
Neft va neft mahsulotlarining eksporti 73,1 foizga oshib, 142,7 mln dollarni, importi esa 59,6 foizga ko‘payib, 1 mlrd dollarni tashkil qilgan.
2023 yilning yanvar-iyul oylari davomida O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish 9,5 foizga kamaygan bo‘lsa, elektr energiyasi ishlab chiqarish 5,5 foizga oshgan.
Mavzuga oid
09:40 / 22.11.2024
Oktyabrda O‘zbekiston 833 mln dollarlik oltin sotdi
13:13 / 19.11.2024
Germaniya O‘zbekistonga 1 mlrd yevrodan ortiq qiymatda mahsulotlar eksport qildi
13:07 / 18.11.2024
Piskent poligonidagi navbat elektron shaklga o‘tkazildi
14:00 / 15.11.2024