19:38 / 25.08.2023
24894

«Siti» va «Chelsi»ning yangi xaridlari, Ozmunning yangi klubi. So‘nggi transfer xabarlari

«Siti» vunderkind uchun 60 mln yevro sarfladi, «Inter» esa Sanchesni qaytardi.

Yozgi transferlar oynasining so‘nggi kunlarida Yevropa klublari tarkiblarini kuchaytirishni davom ettirmoqda.

Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi Saudiya Arabistonida

Ispaniyalik himoyachi Emerik Laport «An-Nasr» bilan shartnoma imzoladi. Bu yangilik hech kimni ajablantirmadi, so‘nggi kunlar davomida uning transferi hal bo‘lgani haqida xabarlar chiqib turgandi. 29 yoshli futbolchi 24 avgust kuni yangi klubida tibbiy ko‘rikdan o‘tdi va 2026 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma tuzdi. Avvalroq insayder Fabritsio Romano futbolchining yillik maoshi miqdori 20 mln yevroni tashkil etishi haqida yozgandi.

«Manchester Siti» esa bu futbolchisi uchun 27,5 mln yevro ishlab olgan. Laport inglizlar klubida 2018 yildan buyon to‘p tepib kelayotgandi va o‘tgan muddat ichida 15 sovrin qo‘lga kiritdi. O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, «shaharliklar» trebl qayd etdi, bir necha kun oldin esa UYeFA Superkubogida g‘olib bo‘ldi. Endi ushbu himoyachi Krishtianu Ronaldu, Sadio Mane va Marselo Brozovich kabi yulduzlar bilan Osiyodagi sovrinlar uchun kurashadi.

«Chelsi»ga yana bir iqtidorli futbolchi keldi

London klubi 18 yoshli yigitcha uchun 16 mln yevroning bahridan o‘tdi. Hujumchi Deyvid Vashington «Santos»ni tark etdi va «Chelsi» bilan yetti yillik shartnoma tuzdi, unda kelishuvni yana bir yilga uzaytirish haqida opsiya ham bor. Bu londonliklar klubining 2023 yil yozidagi to‘qqizinchi xaridiga aylandi, bungacha darvozabon Sanches («Brayton», 23 mln yevro), himoyachi Disasi («Monako», 45 mln yevro), yarimhimoyachilar Kaysedo («Brayton», 116 mln yevro), Lavia («Sauthempton», 62,1 mln yevro), Ugochukvu («Renn», 27 mln yevro), hujumchilar Nkunku («Leypsig», 60 mln yevro), Jyekson («Vilyarreal», 37 mln yevro) va Gabriel («Santos», 15 mln yevro - u «Strasburg»ga ijaraga berildi) sotib olingandi.

2022 yilda Vashington «Santos»ning yoshlar jamoasida San-Paulu shtati g‘olibi bo‘lgandi. Asosiy jamoadagi debyutini esa shu yil aprelida o‘tkazgandi. Bu muddat ichida u asosiy jamoa safida 16 o‘yinda maydonga tushib, ikki gol urgan. «Chelsi» bosh murabbiyi Maurisio Pochettino rahbariyatdan yana ikki yangi futbolchi olib berishni so‘ragan. Argentinalik mutaxassis jamoaga yana bir darvozabon va hujumchi kerak deb hisoblamoqda. Avvalroq Romano «Chelsi» MLS chempionati vakili «Nyu-Inglend Revolyushn»dan 16 mln yevroga 23 yoshli serbiyalik darvozabon Jorjye Petrovichni transfer qilayotgani haqida yozgandi.

«Siti» Yevropaning eng yaxshi driblyorlaridan birini sotib oldi

Jyeremi Doku «Manchester Siti»ga o‘tdi, uning transferi Angliya top-klubiga 60 mln yevroga tushdi. Ushbu yigitcha hali 21 yoshda, lekin «Renn» safida 92 o‘yinda, Belgiya milliy jamoasi safida esa 14 o‘yinga tushib ulgurgan. O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, Doku Yevropaning kuchli ligalarida olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, muvaffaqiyatli aldab o‘tishlar soni bo‘yicha kuchli uchlikka kirgan. U bu borada faqat Lionel Messi va Vinisius Juniordan ortda qolgan. 2021 yilda Kilian Mbappe Dokuning o‘yinlariga e’tibor qaratib, u qanday tezlik olishi o‘zini hayratga solishini e’tirof etgandi. Jyeremi Xosep Gvardiola qo‘l ostida yanada o‘sishi tayin.

Ozmun Mourino qo‘l ostida o‘ynaydi

Yoz davomida Serdar Ozmun «Zenit»ga qaytishi haqida bir necha bor xabarlar tarqalgandi. Eronlik 28 yoshli hujumchi esa Germaniyadan boshqa bir top-chempionatga o‘tishga qaror qildi. «Roma» forvardni «Bayyer»dan bir mavsumga ijaraga oladi, rimliklarda uni mavsum yakunida 12 mln yevroga transfer qilish huquqi bo‘ladi. Futbolchiga «Fulhem» talabgor edi, ammo Ozmun Joze Mourino tufayli Rim klubiga o‘tishga qaror qildi. Portugaliyalik mutaxassis ham futbolchining kelishiga shaxsan qiziqish bildirgan va bu transferda muhim omil bo‘lgan. Ozmun «Bayyer»ga 2022 yil boshida kelgandi. O‘tgan vaqt mobaynida u nemislar klubi safida 44 o‘yinda maydonga tushib, besh gol urgan va besh golga uzatma bergan.

Sanches bir yil o‘tib «Inter»ga qaytmoqda

2022 yil yozida Aleksis erkin agent sifatida «Inter»ni tark etgan va «Marsel» safiga borib qo‘shilgandi. U fransuz klubi safida 44 o‘yinda maydonga tushdi va 18 gol urishga erishdi. Mavsum yakunida tomonlar shartnomani uzaytirmaslikka qaror qilishdi va chililik futbolchi bozorga yana erkin agent sifatida chiqdi. Bir necha kun muqaddam «Inter» bosh direktori Juzeppe Marotta 34 yoshli ushbu futbolchi qaytishini istashi haqida ochiq gapirdi. Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, tibbiy ko‘rik 25 avgust kuniga belgilangan, shundan keyin tomonlar qisqa muddatli shartnoma imzolashadi. Aleksis 2019-2022 yillarda ham «Inter» safida o‘ynagan, 109 o‘yinda 20 gol urib, 23 golga assistentlik qilgandi.

Saloh Saudiya Arabistoniga keladimi?

Bir kun avval Muhammad Saloh «Liverpul»ni tark etishi haqida xabarlar tarqalgandi. Bu haqda Angliya, Saudiya Arabistoni va Ispaniyadagi nashrlar bir vaqtning o‘zida yoza boshladi. Xususan, Relevo ma’lumotiga ko‘ra, «Al-Ittihod» 31 yoshli misrlikni liganing eng yuqori maosh oluvchi futbolchisiga aylantirishga tayyorligini xabar qildi. Futbolchining o‘zi ham bunday taklifga rozi bo‘lishi aytildi.

Bungacha «Liverpul» «Al-Ittihod»ga yarimhimoyachisi Fabinoni sotgandi, ammo Saloh bilan vaziyat boshqacha ketmoqda. Insayder Fabritsio Romano «Liverpul» saudiyaliklarning 90 mln yevrolik transfer taklifini rad etgani haqida xabar bergan. Bu holatda Saloh uchun yagona variant — klubni transferga rozi bo‘lishga majbur qilish bo‘ladi

Mbappe «PSJ» bilan muzokaralar olib bormoqda

Hafta boshida The Times «PSJ» va Kilian Mbappe kelishib olganini xabar qilgandi, unga ko‘ra, futbolchi klubni tekinga tark etmaslikka va’da qilgan, aks holda u sodiqlik uchun ko‘zda tutilgan 100 million yevrolik bonusni ololmaydi. Ammo o‘shanda gap faqat og‘zaki kelishuv haqida borgandi. Endi esa Sky Sport 24 yoshli forvard shartnomani uzaytirish bo‘yicha haqiqiy muzokaralarga kirishganini xabar qilmoqda. Variantlar avvalgi kabi ikkita — yoki amaldagi kelishuv yana bir yilga uzaytiriladi, yoki uzoq muddatli yangi shartnoma tuziladi.

«Vest Hem» yangi transferni hal qildi

«Ayaks» yarimhimoyachisi Muhammad Quddus faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettiradi. Insayder Fabritsio Romanoga ko‘ra, ganalik 23 yoshli vinger 45 million yevro evaziga «Vest Hem»ga ko‘chib o‘tmoqda. Quddus London klubi bilan 5 yillik shartnoma imzolaydi. Kelishuv haqida yaqin 48 soat ichida e’lon qilinishi kutilmoqda.

Quddus o‘tgan mavsumda Niderlandiya chempionatida 30 o‘yinda 11ta gol va 3ta assist qayd etgan. U kuni kecha Yevropa ligasi saralash bahsi doirasidagi «Ludogorets»ga qarshi bahsda (4:1) het-trik qayd etgandi.

21 yoshli futbolchi Saudiyani tanladi

Saudiya Arabistoni bilan bog‘liq yana bir transfer. So‘nggi vaqtlarda Gabriel Veyga «Napoli»ga o‘tishi hal bo‘lgandek ko‘ringandi. Ammo «Selta»ning 21 yoshli futbolchisi Saudiya Arabistoniga yo‘l olishga qaror qildi. «Al-Ahli» ispanlar klubi bilan kelishuvga erishgan, futbolchi ham transferga rozilik bildirgan. «Napoli» Veygaga yiliga 2,2 mln yevro maosh taklif qilgandi, saudiyaliklar esa — 12,5 mln. «Real» yarimhimoyachisi Toni Kroos ushbu havbek haqidagi xabarga salbiy munosabat bildirdi. «Sharmandalik», deya yozdi u yosh futbolchi transferi haqida.

Ushbu futbolchiga «Napoli»dan tashqari «PSJ», «Manchester Siti», «Barselona» va «Chelsi» kabi top klublar ham qiziqayotgandi.

«Sevilya» belgiyalik vingerni sotib oldi

Dodi Lukebakio 25 yoshda, ammo «Sevilya» uning faoliyatidagi sakkizinchi klub bo‘ldi. Belgiyalik hujumkor yarimhimoyachi o‘tgan mavsumda ijara asosida «Volfsburg»da o‘ynagandi (25 o‘yin, bir gol, uch assist), keyin «Herta»ga qaytdi. Berlinliklar jamoasi Bundesligani tark etgan va qator aktivlarini sotishga majbur. Klub Lukebakio transferi uchun 10 mln yevro ishlab oldi. Dodi Belgiya, Angliya, Germaniya chempionatlarida o‘ynagan, endi esa La Ligada ham imkoniyatlarini sinab ko‘radi.

Xorvatiya milliy jamoasi darvozaboni «Fenerbahche»da

Dominik Livakovich nihoyat Zagrebning «Dinamo» klubini tark etdi. Futbolchining saviyasi allaqachon Xorvatiya chempionati darajasidan o‘tib ketgandi, ammo u faqat 28 yoshida boshqa ligaga o‘tmoqda. «Fenerbahche» ushbu darvozabon transferi bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qildi. Xorvatiyalik futbolchi yaqin vaqtlar ichida Istanbulga uchadi va tibbiy ko‘rikdan o‘tib, shartnomaga qo‘l qo‘yadi. Bu mavsumda Livakovich barcha turnirlar doirasida yetti o‘yin o‘tkazib ulgurdi, olti gol o‘tkazdi va to‘rt o‘yinda darvoza daxlsizligini saqladi. U bu o‘yinlarning barchasida jamoasini sardor sifatida maydonga boshlab tushgan.

Top