«Moskva yaqinida to‘xtab o‘ziga o‘lim hukmi chiqargandi» – Zelenskiy ofisi Prigojin o‘limi haqida
Ukraina prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixaylo Podolyak «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin iyun oyidagi harbiy isyoni sabab o‘ldirilgan deb hisoblaydi.
Podolyak Rossiyaning «Meduza» mustaqil nashri bilan suhbatda Prigojinning o‘limiga munosabat bildirgan.
«Aviahalokat Rossiya ichki siyosatida yangi davr boshlanganidan dalolat. Juda ko‘p o‘limlar qayd etiladigan noaniq davr. Prigojinning halokati va keyinchalik bo‘lajak keskinliklar sababi ko‘p.
Birinchidan, iyundagi isyon Putinni juda qo‘rqitib yubordi. Ikkinchidan, Prigojin Moskvaga 200 km qolganida to‘xtab, keyin kutilmaganda ortga qaytganida ixtiyoriy tarzda o‘ziga o‘lim hukmi chiqargandi.
Putin o‘zidagi qo‘rquv hissi o‘laroq hech kimni kechirmaydi, bu imkonsiz narsa. [Prigojinning] bu qadar oshkorona yo‘q qilinishi Putinni ishonchsizlik va asabiylik qurshab olgan bir vaqtda Rossiyadagi elita vakillarini «o‘znikilar»ni ayamay o‘ldirish davri kelganidan ogohlantiradi», deydi Podolyak.
Zelenskiy ofisi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Prigojinning o‘limi G‘arb elitasiga ham signal va bu Putin «qattiq qo‘rqishni uddalashi»dan dalolat.
«U obro‘sizlanishni, Ukrainani maqtash orqali kamsitilishni, Xalqaro jinoyat sudi orderi va shunga o‘xshash boshqa narsalarni kechira olmaydi. Shu sabab urushni noto‘g‘ri tugatish, murosali variantlar, navbatdagi Minsk kelishuvi – bo‘lmag‘ur va muammoli narsalar. Ularning oqibati yaxshi bo‘lmaydi. Putin qasos oladi.
Nihoyat, bu Rossiya armiyasiga ham signal. Ya’ni, ularga hech qanday «qahramonlar» yo‘qligi, har qanday sotqinlik o‘lim bilan tugashi, armiyaning asosiy vazifasi o‘ldirish, o‘lish va Putinni qo‘rqitmaslik ekani uqtirildi», degan siyosatchi.
Podolyak «Meduza» bilan suhbatda Rosaviatsiya Prigojin samolyotda bo‘lganini juda tez tasdiqlaganiga e’tibor qaratgan. Bu narsaga rossiyalik jurnalistlar ham urg‘u bergandi.
«Odatda aviahalokatdan keyin bortda kim bo‘lganini aniqlashtirishga bir muddat vaqt ketadi. Shunday ekan, bu yerda ikki taxmin bor: yoki sotqinlik o‘lim bilan tugashini ko‘rsatish uchun hammasi o‘ylangan va ongli ravishda e’lon qilingan. Yoki ichki protokolga zid tarzda holatga hayratlanarli darajada tez reaksiya bildirishgan», degan Podolyak.
Ma’lumot uchun, Yevgeniy Prigojinga tegishli samolyot 23 avgust kuni soat mahalliy vaqt bilan 19:30 lar atrofida Tver oblastida halokatga uchragan, ko‘p o‘tmay bortda «Vagner» asoschisining o‘zi ham bo‘lgani aytilgandi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin aviahalokatda o‘lganlar yaqinlariga hamdardlik bildirib, Prigojinning qanday odam bo‘lgani haqida gapirgani «Vagner» asoschisi o‘limining rasman tasdiqlanishi deb qabul qilindi.
Putinning sobiq oshpazi Yevgeniy Prigojin Rossiyaning Ukrainaga bosqinida faol qatnashgan va «Vagner» bilan ko‘plab shaharlarda jang qilgan, xususan, Baxmutni egallab olgandi.
Mavzuga oid
22:12 / 25.09.2024
FT: Yevgeniy Prigojin pullarni yashirin ravishda g‘arb banklari orqali o‘tkazgan
22:17 / 30.07.2024
Podolyak Ukraina va Rossiya muzokaralari qanday bo‘lishi kerakligini tushuntirdi
15:22 / 25.06.2024
Prigojinning «adolat marshi»ga bir yil. «Vagner» va voqea qahramonlari taqdiri qanday kechdi?
14:50 / 24.06.2024