Yevgeniy Prigojinning o‘limi hozirgacha rasman tasdiqlanmadi. Shu bilan birga BBC rus xizmatining olti nafar suhbatdoshi Tver oblastida qulab tushgan samolyot yo‘lovchilari ro‘yxatida qayd etilgan «Vagner» XHK rahbarining o‘limini «u yoki bu ko‘rinishda» tasdiqlagan. 23 avgust kuni kechqurun Prigojin va vagnerchilar komandiri Dmitriy Utkinning o‘limi haqida «Vagner» XHKga yaqin bo‘lgan Grey Zone telegram-kanali hamda Kreml ta’siridagi «Tsargrad» telekanali xabar bergandi. 

«Rossiya Qahramoni, o‘z Vatanining haqiqiy vatanparvari — Yevgeniy Viktorovich Prigojin Rossiya xoinlarining xatti-harakatlari tufayli halok bo‘ldi. Ammo hatto Jahannamda ham u eng zo‘rlardan bo‘ladi!» — deyiladi xabarda. Kanal muallifi xuddi shu tarzda XHK asoschilaridan yana biri, yollanma jangchilarning birinchi komandiri, chaqiruv belgisi kompaniya nomiga berilgan Dmitriy «Vagner» Utkinning o‘limida ham Rossiya xoinlarini ayblagan.

Embraer Legacy 600 samolyoti qulashi oqibatida halok bo‘lganlarning jasadlari sud-tibbiyot ekspertizasiga olib ketilgan, deb xabar qildi «Fontanka» va Shot telegram-kanali. Shot ma’lumotiga ko‘ra, dafn marosimlari xizmatlarini ko‘rsatuvchi ikki avtomobil samolyot halokatga uchragan va o‘rab olingan hududga soat 4:30 atrofida kirgan hamda u yerni ikki soatcha vaqt o‘tganidan keyin tark etgan. Nashrning tasdiqlashicha, jasadlar Tverdagi o‘likxonaga olib ketilgan, sud-tibbiyot ekspertizasi byurosi ham o‘sha yerda joylashgan. 

Keyinroq MSK1.ru nashri dafn marosimlari agentligidagi manbasiga tayangan holda Prigojinning jasadi ham o‘likxonada yotgani haqida xabar berdi. Shuningdek, OAVda Prigojinning jasadi Tverdagi o‘likxonada rasman tanib olingani, uni «Vagner» XHK qo‘mondonlaridan biri aniqlagani haqida xabar tarqaldi. Xabarlarga ko‘ra, asosiy belgi — barmoqlaridan birining yo‘qligi bo‘lgan. Shuningdek, bo‘yi va tatuirovkalariga qarab Dmitriy Utkinning jasadi ham tanib olingan. 

Embraer samolyoti parchasi Tvers oblastining Kujyenkino posyolkasi atrofida. 2023 yil 24 avgust

Samolyotlarning parvozlarini kuzatib boradigan Flightradar24 servisi biznes-jyet halokati bo‘yicha hisobotni taqdim etdi. Samolyot o‘zi haqidagi ma’lumotlarni Moskva vaqti bilan soat 17:46 da uzata boshlagan. Hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, soat 18:10 ga borib bort 28 ming fut (8,5 kilometr atrofida) balandlikka ko‘tarilgan. Bu balandlikdagi parvoz soat 18:19 ga qadar davom etgan. Keyin bir necha daqiqa ichida samolyot pastlagan va yana balandlikka ko‘tarilgan (maksimal — 30,1 ming fut, ya’ni 9,1 kilometrgacha).