Mutaxassislar hanuz «stokholm sindromi» tashxis sifatida bor narsami yoki psixologik mexanizmmi deya bahslashib kelishadi. Biroq u siyosiy shtamp sifatida yashab kelmoqda. Fuqarolar o‘z huquqlari poymol qilishini qo‘llab-quvvatlashadimi? Xalq uchun foydali ish qilolmaydigan hukumat uchun ovoz beradimi? Shovqinli ozchilikning talablariga bo‘ysunadimi? Bularning barchasini albatta kimdir «stokholm» sindromi bilan tushuntiradi.

1973 yildagi voqea. Politsiyachilar bank binosini nishonda ushlab turishibdi. Foto: sr.se

Stokholm sindromi nima o‘zi?

Psixologlarga agressor bilan identifiksiyalashuv fenomeni — qurbon o‘zining qiynovchi shaxsga simpatiya qilishi azaldan ma’lum. Bu hodisani Shandor Ferensi va Anna Freyd 1930-yillardayoq yozib ketishgan. Shved psixiatri Nils Beyyerut 1973 yilning 23 avgustida Stokholmdagi Norrmalmstorg maydonida joylashgan Kreditbanken banki egallanganda garovga olinganlar o‘zini qanday tutgani to‘g‘risidagi jurnalistlar savoliga aynan ularning yozib ketgani orqali javob bergan (Beyyerut o‘sha krizis chog‘ida politsiya maslahatchisi bo‘lgan). Agressor bilan identifikatsiyalashuv — garovga olinganning bosqinchiga simpatiyasini u «norrmalmstorg sindromi» deb atagan. Tez orada bu qiyin talaffuz qilinuvchi ibora barchaga tanish Stokholmga almashtirilgan.

Nils Beyyerut. Foto: BBC

Beyyerut hech qanaqa yangilik ochmagan va bunga hech qachon da’vo ham qilmagan. «Sindrom» eng avval boshdan qat’iy termin emas, shunchaki bir metafora (kinoya) bo‘lgan. Norrmalmstorg bosqini televideniye voqealarni jonli efirda ko‘rsatgan dastlabki hodisalardan biri bo‘lgan. Shu sababli bu metafora tezda mashhur bo‘lib ketgan va «agressor bilan identifikatsiyalashuv» kabi murakkab terminning o‘rnini bosgan.

O‘shanda bankni egallagan bosqinchilar Yan-Erik Ulsson va Klark Olofsson oddiy jinoyatchilar bo‘lishgan (ular qamoqda o‘tirib chiqib, Shvetsiyada yashashmoqda). Norrmalmstorgdagi Kreditbanken bankida terrorchilik akti emas, oddiy o‘g‘rilik ro‘y berayotgandi: bosqinchilarning maqsadi ham shved hukumati va fuqarolarini qo‘rqitish emas, pul edi.  Ularda o‘ldirish va o‘lish uchun yaraydigan qandaydir bir oliy g‘oya ham bo‘lmagan.