Bornmut – Tottenhem 0:2
Gollar: 0:1 – 17 Meddison, 0:2 – 63 Kulusevski.
Bornmut – Neto, Aarons, Kelli, Zabarnyy, Kerkez, Kristi (Traore, 60), Rotuell (Kuk, 46), Billing (Mur, 86), Klyuyvert (Entoni, 60), Solanke, Semeno (Bruks, 73).
Tottenhem – Vikario, Porro, Romero, van de Ven, Udodji (Devis, 82), Meddison (Skipp, 73), Bissuma (Lo Chelso, 74), Kulusevski, Sarr (Perishich, 59), Son Hyon Min, Risharlison (Heyberg, 60).
Ogohlantirishlar: Kelli (45), Bissuma (53), Risharlison (54), Perishich (71).

Harri Keyn ketganidan keyin ko‘pchilik «Tottenhem»ning imkoniyatlarini past baholayotgandi, ammo «shporlar» hozircha buning aksini ko‘rsatmoqda. Mavsum startida «Brentford»ga qarshi qiyin safar o‘yinidan ochko olib qaytgan londonliklar ikkinchi turda «MYu»ni mag‘lub etishdi, endi esa «Bornmut»ga ham safar o‘yinida hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Dastlab Saar raqib jarima maydoniga yorib kirgan Medisonni ajoyib pas bilan ta’minladi va yangi jamoasining ilk o‘yinlaridayoq asosiy futbolchiga aylangan angliyalik futbolchi hisobni ochdi, ikkinchi bo‘limda esa jamoaning yangi yetakchilaridan biri Udodji bir hujum davomida ikki bor maydon tashqarisiga chiqib ketayotgan to‘pga osonlik bilan yetib oldi va uch himoyachini dog‘da qoldirgan holda darvozabon hududida ochilgan Kulushevskini golli pas bilan ta’minladi. Natijada mag‘lubiyatsiz davom etayotgan «Tottenhem» uchinchi  turdan keyin turnir jadvali yetakchilari safida.

Arsenal – Fulhem 2:2
Gollar: 0:1 – 1 Pereyra, 1:1 – 70, penalti Saka, 2:1 – 72 Nketia, 2:2 – 87 Palinya.
Arsenal – Remsdeyl, Uayt, Saliba, Kiver, Edegor (Jorjino, 84), Rays (Gabriel Jyezus, 90), Haverts (Fabiu Viyeyra, 56), Parti (Zinchenko, 56), Saka, Trossard (Nketia, 46), Martinelli.
Fulhem – Leno, Tete, Diop, Bassi, Robinson, Pereyra (Kerni, 63), Lukich (Rid, 70), Palinya, Uilson (Traore, 71), Dekordova-Rid (Adarabioyo, 89), Ximenes.
Chetlatish: Bassi (83).

«Kanonirlar» ilk daqiqadayoq raqibga gol sovg‘a qilishdi. Avvaliga Saka ortga bergan pasga Andreas Pereyra egalik qilib, u qadar xavfli bo‘lmagan zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi, bu holatda oldinga chiqib ketgan Ramsdeyl ortga qaytishda toyib ketdi. Mezbonlar birinchi bo‘limda munosib javob bera olishmadi. Aniqrog‘i, barcha hujumlar «Fulhem» mudofaasi tomonidan qaytarildi, Edegorning goli esa ofsayd tufayli bekor qilindi.