Rossiyaning possovet davlatlari hududidagi harbiy obektlari. Ular nima uchun tashkil etilgan?
Bir paytlar SSSR tarkibiga kirgan 7 ta davlat: Armaniston, Belarus, Gruziya, Ozarboyjon, Moldova, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston hududida hozir ham Rossiyaning harbiy bazalari mavjud. Ulardan bir qanchasi ikki tomonlama hamkorlik aloqalar natijasida, qolganlari esa sun’iy ravishda yaratilgan.
Rossiya sobiq SSSR hududida o‘z ta’sirini saqlab qolishga harakat qilib keladi. Bu esa ushbu mintaqa mamlakatlari bilan nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki harbiy hamkorlikni rivojlantirishga ham undaydi. Shu jihatdan, rasmiy Moskva o‘z hududi chegaralaridan tashqarida ham ko‘plab bazalarga ega. Ulardan bir qanchasi possovet davlatlari o‘rtasidagi mustahkam aloqalar natijasida, boshqalari esa sun’iy ravishda tashkil etilgan. Quyida Rossiyaning o‘z hududidan tashqaridagi harbiy bazalari va ularning paydo bo‘lish tarixi haqida ma’lumot beriladi.
Qozog‘iston
Rossiyaning mudofaa sanoati uchun muhim bo‘lgan xorijdagi eng yirik harbiy obektlar Qozog‘istonda joylashgan. Hozirda ushbu mamlakat hududida rus harbiylari tomonidan ijaraga olingan umumiy maydoni 8,6 million gektardan ortiq bo‘lgan uchta sinov maydonchasi bor.
Ulardan biri Sari-Shagan poligoni. Bu yer raketaga qarshi yangi tizimlarni, zenit va ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. Baza Balxash ko‘lining shimoli-g‘arbidagi Qarag‘anda, Jambil, Aqto‘be va Qizilo‘rda viloyatlarining cho‘l qismida joylashgan. Uni qurish 1956 yilda boshlangan, 1996 yilda Rossiya poligonni ijaraga oladi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirgacha Sari-Shaganda 400 dan ortiq raketaga qarshi yangi tizimlar, 5500 dan ortiq zenit va 900 dan ortiq ballistik raketa sinovlari o‘tkazilgan.
Ikkinchisi – Boyqo‘ng‘ir kosmodromi. Ushbu inshoot rasman 1955 yilda ish faoliyatini boshlagan bo‘lsa-da, dastlabki sinovlar 1957 yilda amalga oshiriladi.
Oltmish yildan ortiq tarixi davomida Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan 6000 dan ortiq raketa uchirilgan. Xususan, 1961 yilning 12 aprel kuni Yu. Gagarinning samoga parvozi ham shu yerdan amalga oshirilgan.
1994 yilda Boyqo‘ng‘ir kosmodromi ham, unga yondosh Boyqo‘ng‘ir shaharchasi ham yillik 115 mln dollar to‘lash sharti bilan 2050 yilga qadar Rossiyaga ijaraga berilgan.
Uchinchisi – Taysoygan poligoni. Mazkur harbiy baza 1949 yilda qurib bitkazilgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, 1966 yildan 1977 yilgacha bu yerda 24 ta yadro portlashi amalga oshirilgan. Sinov maydoni 750 ming gektardan iborat.
Qozog‘iston Mudofaa vazirligining xabar berishicha, yuqoridagi poligonlarning har biri uchun ulardan foydalanish va ijaraga berish shartlari to‘g‘risida ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnoma va bitimlar mavjud (birinchi bunday shartnoma 1993 yil 22 yanvarda tuzilgan). Ijara narxi gektariga 2,33 dollarni tashkil etadi. Ma’lum bo‘lishicha, butun maydonni ijaraga berish davlatga 20,4 million dollar daromad keltiradi.
Qirg‘iziston
Qirg‘izistonda Moskvaning birlashgan Kant harbiy bazasi mavjud. U Rossiya Markaziy harbiy okrugi tarkibiga kiradi. Amaldagi harbiy bazada KXShT aerodromi, Issiqko‘ldagi sinov harbiy-dengiz bazasi, Chaldovar qo‘rg‘onida aloqa tarmog‘i va Moylu Su shahridagi seysmik punkt bor.
Kantdagi aerodrom 1941 yil Odessa harbiy aviatsiya uchuvchilar maktabining Qirg‘izistonga evakuatsiya qilinishi ortidan tashkil etilgan. Sovet Ittifoqi parchalanishi fonida 1992 yildan boshlab aviabazani nazorat qilish Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tadi. Rossiya va Qirg‘iziston o‘rtasida 2003 yil 22 sentabrda imzolangan ikki tomonlama shartnomaga muvofiq, Kant aviabazasi rus harbiylari tomonidan ijaraga olinadi.
2023 yil fevral holatiga ko‘ra, aviabaza tarkibiy qismi Su-25 hujum samolyotlari, Mi-8MTV5-1 vertolyotlari, Orlan-10 tipidagi kichik va o‘rta masofaga harakatlantiruvchi uchuvchisiz uchish apparatlari, shuningdek, harbiy politsiya bo‘linmasidan iborat.
Tojikiston
Tojikistondagi 201-harbiy baza Rossiyaning o‘z chegarasidan tashqaridagi eng yirik harbiy inshooti hisoblanadi. U ikki shaharda — Dushanbe va Boxtarda joylashgan. Baza tank, artilleriya, razvedka, havo hujumidan mudofaa bo‘linmalaridan iborat.
Rossiya harbiy bazasini tashkil etish bo‘yicha bitim 2004 yil 10 yillik muddatga imzolangan. Keyinchalik, 2012 yilning oktyabrida tuzilgan yangi kelishuvga ko‘ra, rus harbiylari kamida 2042 yilgacha Tojikistonda qoladi. Ayni paytda Tojikistonda 7 mingga yaqin rus harbiysi bor.
Gruziya
Sobiq Sovet Ittifoqi paytida Gruziyaning 4ta shahri – Gudauta, Axalkalaki, Batumi va Tbilisi shaharlarida harbiy bazalar tashkil etiladi. SSSR parchalanganidan so‘ng Rossiya ushbu mamlakatdagi harbiy inshootlarni ijaraga olish bo‘yicha kelishuv imzolashga harakat qila boshlaydi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) 1999 yildagi Istanbul sammitida rasmiy Moskva barcha 4 ta bazani 2001 yilgacha yopish, qo‘shin va texnikalarini olib chiqib ketishga rozi bo‘ladi. Ammo amalda bunday bo‘lmaydi.
Rossiya-Gruziya urushidan keyin rus hukumati Abxaziyani avtonom respublika sifatida tan oladi va Gudauta shahridagi harbiy bazasini saqlab qolishni nazarda tutuvchi shartnoma imzolanadi. Xususan, 2009 yilda Rossiya qurolli kuchlarining 4 ming kishilik 7-birlashgan harbiy bazasi Abxaziyaga joylashtiriladi. Uning tarkibiga Gudautadagi Bombora harbiy aerodromi, Ochamchiradagi poligon va portning bir qismi, Kodor darasi va Ingur GES yaqinidagi Rossiya-Abxaziya harbiy garnizonlari kiradi.
Shuningdek, 2009 yilda Janubiy Osetiyaga ham Rossiyaning 4 ming kishilik 4- harbiy bazasi joylashtiriladi.
Armaniston
Armanistonning Gyumri shahrida Rossiyaning 5 ming kishilik 102-harbiy bazasi joylashgan. Bu baza S-300 zenit raketa majmualari va MiG-29 samolyotlari bilan jihozlangan bo‘lib, 1995 yilda tashkil etilgan va 49 yillik muddatga tuzilgan davlatlararo kelishuvga ko‘ra MDH havo hujumiga qarshi birlashgan mudofaa tizimi doirasida harbiy navbatchilik olib boradi. Bu kelishuvga ko‘ra Rossiyadan baza uchun haq olinmaydi.
Belarus
1995 yildan beri Belarusda ikkita rus harbiy obekti – Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining 43-aloqa markazi va Gansevichi aholi punkti yaqinidagi Volga radiolokatsion stansiyasi faoliyat yuritadi.
43-aloqa markazi Atlantika, Hind va qisman Tinch okeanida jangovar navbatchilikda bo‘lib turgan Rossiya dengiz floti Bosh shtabining suvosti kemalari o‘rtasidagi aloqani ta’minlash vazifasini bajaradi.
Volga radiolokatsion stansiyasi esa shimoli-g‘arbiy yo‘nalishda uchirilgan qit’alararo ballistik raketalarni kuzatish uchun tashkil qilingan.
Moldova
Dnestrbo‘yi – Moldova hududidagi kichkina va hech kim mustaqilligini tan olmagan respublika. Ikkinchi jahon urushigacha Dnestrbo‘yi hududi Moldaviya avtonom sovet sotsialistik respublikasi deb atalar va Ukraina SSR tarkibida edi. Zamonaviy Moldova hududi esa Ruminiya tarkibidagi Bessarabiyaning bir qismi edi. Molotov–Ribbentrop pakti imzolangach, sovet ittifoqi Moldovani Dnestrbo‘yiga qo‘shib oldi va hududni Moldaviya SSR deb atay boshladi.
1980 yillar oxirida Moldova parlamenti tomonidan moldovan tilining yagona davlat tili deb belgilanishi ortidan asosan rusiyzabon aholi yashovchi Dnestrbo‘yida norozilik to‘lqinlari yuzaga keladi. Noroziliklar natijasi Dnestrbo‘yi Respublikasining Moldovadan ham, SSSRdan ham mustaqil bo‘lishi haqidagi referendum bilan tugaydi. 1992 yilda Moldova va Dnestrbo‘yi o‘rtasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi – Moldova bu hududni o‘z izmiga qaytarishga harakat qilgan edi. Tez orada Rossiya Dnestrbo‘yiga o‘z armiyasini kiritdi, mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasi imzolanadi. O‘shandan buyon Dnestrbo‘yida rossiyalik harbiylar mavjud.
Mavzuga oid
21:03 / 19.11.2024
Rossiyada dollar yil boshidan beri birinchi marta 100 rubldan oshdi
18:44 / 19.11.2024
Ukraina ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga birinchi zarbani berdi
16:48 / 19.11.2024
Rossiyada yadroviy portlashdan himoyalovchi mobil boshpanalarni seriyali ishlab chiqarish boshlandi
13:31 / 19.11.2024