Jahon | 19:44 / 01.09.2023
13326
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston prezidenti AES qurish bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qildi 

Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha umumxalq referendumini o‘tkazishni taklif qildi, chunki bu «Qozog‘iston kelajagi bilan bog‘liq o‘ta muhim masala». 

Foto: akorda.kz

Prezident ushbu taklifni 1 sentabr kuni xalqqa an’anaviy murojaatida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, AES qurish muddati keyinroq aniqlanadi. 

«2019 yilda saylovoldi dasturimda eng muhim strategik masalalar bo‘yicha qarorlar referendum orqali qabul qilinishiga va’da bergandim. Atom elektr stansiyasini qurish yoki qurishdan bosh tortish mamlakatimiz kelajagi bilan bog‘liq nihoyatda muhim masaladir. Shuning uchun men uni umumxalq referendumiga qo‘yishni taklif qilaman», dedi u. 

To‘qayev respublikada atom elektr stansiyasini qurish maqsadga muvofiqligi haqida turli fikrlar borligini tan oldi. 

«Bir tomondan, Qozog‘iston dunyodagi eng yirik uran ishlab chiqaruvchisi sifatida o‘z atom generatsiyasiga ega bo‘lishi kerak. Ba’zi ekspertlar kichik reaktorli stansiyalar qurilishini ma’qullaydi. Boshqa tomondan, ko‘plab fuqarolar va bir qator ekspertlar atom elektr stansiyalari xavfsizligidan xavotirda. Semipalatinsk yadro poligonining fojiali merosini hisobga olsak, buni tushunish mumkin», dedi u. 

Prezident bu borada muhokamalarni har tomonlama davom ettirish zarurligini ta’kidladi. 

To‘qayev, shuningdek, yaqin besh yil ichida kamida bir qancha gidro elektr stansiyalar qayta ta’mirlanishi, yangilari qurilishini ma’lum qildi. 

«Qozog‘iston, asosan, elektr energiyasini import qilmasligi, qo‘shni davlatlarga qaram bo‘lmasligi kerak. Hozir sodir bo‘layotgan voqealarni birinchi navbatda, davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan qabul qilib bo‘lmaydi», dedi u. 

Avvalroq, Qozog‘istonda birinchi atom elektr stansiyasi Olmaota viloyatining Jambil tumanidagi Ulken qishlog‘i hududida qurilishi haqida xabar berilgan edi. Biroq, Energetika vazirligi Qozog‘istonda AES quradigan kompaniya haqida hali yakuniy qarorga kelmagani aytildi.  

Ulken qishlog‘i Qozog‘istonning Balqash ko‘li yaqinida joylashgan va Toshkent shahridan taxminan 700 km uzoqlikda. 

Mavzuga oid