Jahon | 09:47 / 02.09.2023
8617
4 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya Sariq dengiz tomon qanotli raketalar uchirdi

Shimoliy Koreya Sariq dengiz tomon bir nechta qanotli raketalar uchirdi, deb xabar berdi Seul. Ikki kun oldin Shimoliy Koreya Janubiy Koreyaga yadro zarbalari berish bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazib, buni AQSh bilan birgalikdagi harbiy mashqlarga javob deb atadi.

Foto: Ahn Young-joon/AP/picture alliance

Shimoliy Koreya Sariq dengiz tomon bir nechta qanotli raketalar uchirdi, bu haqda 2 sentabr, shanba kuni Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi xabar berdi. Janubiy Koreya harbiylariga ko‘ra, bu mahalliy vaqt bilan shanba kuni ertalab soat 4:00 lar atrofida (Toshkent vaqti bilan soat 23:00) sodir bo‘lgan. Seul AQSh bilan birgalikda Shimoliy Koreya raketalarini uchirish tafsilotlarini tahlil qilayotganini bildirdi.

31 avgust kuni Shimoliy Koreya rasmiylari butun Janubiy Koreyadagi nishonlarga yadro kallaklari bilan raketa zarbalari berish bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazilganini e’lon qildi. Pxenyan buni B-1B strategik bombardimonchi samolyotlari ishtirok etgan Janubiy Koreya va AQSh armiyalarining 11 kunlik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlariga javob deb atadi. Bu harakatlar KXDR tomonidan «AQSh tomonidan profilaktik yadroviy zarba berish rejalariga teng qadam» sifatida baholangan.

Bundan tashqari, bir hafta oldin Shimoliy Koreya o‘zining ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarishga ikkinchi urinish haqida e’lon qilgan edi. Ikkinchi harakat, birinchisi kabi, muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. 

Rossiya fuqarosi va uning kompaniyasi AQShning KXDRga qarshi sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi

2023 yilda bo‘lib o‘tgan Shimoliy Koreyaning bu va boshqa ko‘plab raketa sinovlari munosabati bilan 1 sentabr kuni Janubiy Koreya, Yaponiya va Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreyaning raketa dasturi bilan bog‘liq shaxslar va kompaniyalarga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilganini e’lon qildi. 

AQSh Moliya vazirligi Moskvadagi «Intellekt» kompaniyasi va uning bosh direktori Sergey Kozlov hamda Shimoliy Koreya fuqarosi Chon Chin Yonni Shimoliy Koreyaga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Idoraning 31 avgust kuni e’lon qilingan bayonotida aytilishicha, bu jismoniy va yuridik shaxslar «ommaviy qirg‘in qurollari va ballistik raketalarni noqonuniy ishlab chiqish» bilan shug‘ullanuvchi «KXDRdagi tashkilotlarni bevosita qo‘llab-quvvatlagan yoki daromad keltirishda yordam bergan». Qayd etilishicha, sanksiyalar KXDRning bir hafta oldin ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqish bo‘yicha ikkinchi muvaffaqiyatsiz urinishiga javoban kiritilgan.

Vashington Pxenyan va Moskva o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida e’lon qildi 

Rossiya va Shimoliy Koreya Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha yashirin muzokaralar olib bormoqda va muhokama «faol ravishda oldinga siljimoqda». Bu haqda 30 avgust, chorshanba kuni Oq uydagi Milliy xavfsizlik kengashining (MXK) strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
 
Avgust oyi o‘rtalarida AQSh Vashington Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasidagi qurol-yarog‘ savdosi bilan bog‘liq deb hisoblagan uchta kompaniyaga nisbatan sanksiyalar kiritgan edi. AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kompaniyalarni nazorat qiluvchi Slovakiya fuqarosi Ashot Mkrtichev KXDR va Rossiya o‘rtasida Shimoliy Koreyaga tovarlar evaziga 20 dan ortiq turdagi qurol va o‘q-dorilarni Rossiyaga o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borgan. 

Shu fonda AQSh Moliya vazirligi Rossiya Ukrainadagi urushda yo‘qotayotgan o‘q-dori va qurol-yarog‘lar uchun KXDR va boshqa ittifoqchilarga tobora ko‘proq murojaat qilishga majbur bo‘layotganini aytdi. Buni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning iyul oyi oxirida bo‘lib o‘tgan KXDRga tashrifi tasdiqlashi mumkin. 

Mavzuga oid