Jahon | 19:28 / 04.09.2023
21760
6 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada mudofaa vaziri o‘zgarmoqda. Bu haqda nimalar ma’lum?

Oleksiy Reznikov o‘rniga Rossiya bilan tinchlik muzokaralarida qatnashgan Rustem Umerovni tayinlashmoqchi. Lekin bu frontdagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatishi dargumon.

Foto: Sebastian Gollnow / AFP / Scanpix / LETA

Oleksiy Reznikov Ukraina mudofaa vaziri lavozimini tark etdi. Bu haqda urushning 557-kuni yakunlari bo‘yicha yo‘llagan videomurojaatida ukrainlar yetakchisi Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi. «Mudofaa vazirligiga yangicha yondashuv, yangicha qarash kerak deb o‘ylayman. Ham harbiylar, ham odamlar bilan muloqotda», — degan Ukraina prezidenti. 2021 yil noyabridan buyon vazirlikka rahbarlik qilib kelgan Reznikov 4 sentabr tongida iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozdi. «Ukrain xalqiga xizmat qilish va so‘nggi 22 oy — Ukrainaning zamonaviy tarixidagi eng og‘ir davrda Ukraina armiyasi uchun ishlash sharaf bo‘ldi», — degan u. Mudofaa vaziri lavozimidagi asosiy yutuqlaridan biri sifatida Reznikov Kiyevning g‘arbdagi ittifoqchilari fikridagi paradigma o‘zgarishini keltirdi.

U bosqin boshlanishidan bir necha hafta oldin Vashingtonga kelganida va Ukrainaga Rossiya aviatsiyasiga qarshi turish uchun ko‘chma Stinger zenit-raketa komplekslarini so‘raganda, unga shunday javob qaytarishgandi: «Yo‘q, Oleksiy, bu imkonsiz».

Bir yarim yil o‘tib esa ukrainlarning yurishida g‘arbning zamonaviy tanklari ham qatnashmoqda, Ukraina qurolli kuchlariga zamonaviy qiruvchi samolyotlar berilishi — faqat vaqt masalasi.

Shu bilan birga, so‘nggi vaqtlarda prezident Zelenskiyning atrofidagilar mudofaa vazirligini aynan shu masalada ko‘p tanqid qilmoqda: Ukrainaga g‘arb qurollari yetkazib berish tizimi oxirigacha to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan va bunda faqatgina G‘arb aybdor emas. Reznikov va Ukraina prezidenti ofisi o‘rtasidagi munosabatlarda, aftidan, so‘nggi bir yarim yil ichida bir-biridan charchash yuzaga kelgan. Asl kasbi huquqshunos bo‘lgan Reznikov ancha oldinroq Adliya vazirligidagi o‘zi uchun tushunarli bo‘lgan boshqa lavozimga ketish istagini bildirgan.

Rustem Umerov yangi mudofaa vaziri bo‘lishi kutilmoqda. Uning nomzodi Zelenskiy tomonidan taklif etilgan. Umerovning o‘zi ham Davlat mulklari fondi rahbarligidan bo‘shash uchun ariza yozgan. Oliy radaning navbatdagi yalpi majlisida bu masala ko‘rib chiqiladi. Umerov — kelib chiqishiga ko‘ra qrimtatar bo‘lgan ukrain biznesmeni hisoblanadi. U «Qrimtatarlar jamiyati» asoschilaridan biri, shuningdek, qrimtatar xalqi yetakchisi Mustafo Jyemilevning maslahatchisi bo‘lgan. 2019 -2022 yillarda Umerov «Golos» fraksiyasidan Oliy rada deputati bo‘lgan, keyin Davlat mulklari fondini boshqara boshlagan.

«Babel» manbasining qayd etishicha, Umerov g‘alla kelishuvini ishlab chiqishda ishtirok etgan, shuningdek, asirlar almashinuvi bilan shug‘ullangan. 2022 yil bahorida ushbu mulozim Rossiya bilan Belarus va Turkiyada o‘tgan tinchlik muzokaralarida Ukraina delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan. «Agenstvo» xabariga ko‘ra, 2022 yil martida Umerov zaharlangan va vaqtincha delegatsiya a’zolari safini tark etishga majbur bo‘lgan.

Reznikov endi Ukrainaning Londondagi elchisi bo‘lishi aytilmoqda. Ukrainadagi manbalarda, jumladan, xalq deputati Yaroslav Jyeleznyakning kanalida bu haqdagi xabarlar u iste’foga chiqishidan bir necha kun oldin tarqalgandi. Sobiq mudofaa vazirining o‘zi esa bunday ehtimol haqida «xabardor emasligi»ni bildirgan.

Mudofaa vazirligi rahbarining o‘zgarishi — Ukraina hukumatida RFning mamlakatga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon sodir bo‘lgan eng yirik o‘zgarishdir, deya qayd etadi The New York Times. Reznikovning iste’fosi vazirlikdagi yirik korrupsiya mojarolari va ukrainlarning hal qiluvchi bosqichga kirgan qarshi hujumi fonida ro‘y berdi.

Reznikov iste’foga chiqishi haqidagi ilk xabarlar 2023 yil boshida Ukrainada korrupsiya mojarolari tufayli qator yuqori martabali amaldorlar, jumladan, mudofaa vaziri o‘rinbosari ishdan olinganida tarqalgandi. Keyingi oylar mobaynida Ukraina mudofaa vazirligining oziq-ovqat va harbiylar uchun jihozlarni oshirilgan narxlarda xarid qilgani bilan bog‘liq navbatdagi mojarolar ro‘y bergan, bu esa vazirning iste’fosi haqidagi xabarlarni yana paydo qilgandi. The New York Times nashrining Ukraina prezidenti ofisidagi manbasiga ko‘ra, vazirlik rahbariyatidagi o‘zgarish quyidagi uch sabab tufayli ro‘y bergan: Ukraina hukumati urush uzoqqa cho‘zilgani tufayli yangi harbiy rahbariyat zarur deb hisoblaydi, korrupsiya mojarolari fonida Reznikov fuqarolik jamiyati va OAV tomonidan tanqidga uchragan, bundan tashqari, uning o‘zi iste’foga chiqish istagini bildirgan.

Mudofaa vaziri o‘zgarishi frontdagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatishi dargumon. Ukraina mudofaa vazirligi armiyaga resurslar yetkazib berish bilan shug‘ullanadi — xususan, safarbarlikni tashkillashtiradi va qurol yetkazib berish bo‘yicha muzokaralarda qatnashadi. Resurslarga bo‘lgan ehtiyoj Bosh shtab tomonidan belgilanadi, ulardan jang maydonida qanday foydalanishni esa Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni hal qiladi. Ayni vaqtda jang maydonida jang qilayotganlardan faqat Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) mudofaa vazirligiga bevosita bo‘ysunadi.

Mavzuga oid