O‘zbekiston | 22:55 / 05.09.2023
14431
4 daqiqa o‘qiladi

Turli mamlakatlarda bolani maktabga yuborish xarajatlari hisoblab ko‘rildi 

O‘zbekistonda 2023 yilda bolani maktabga yuborish uchun o‘rtacha 1 mln so‘m sarflanadi. Xarajatlar hajmi qo‘shni davlatlarnikidan unchalik farq qilmaydi. 

Foto: Kun.uz

Yangi o‘quv yili boshlandi. Ota-onalar farzandini maktabga yuborish uchun kanselyariya tovarlari, ryukzak, maktab va sport formasi, poyabzal sotib oldi. Xo‘sh, ota-onalar farzandini maktabga yuborish uchun qancha mablag‘ sarflamoqda, qo‘shni davlatlarda vaziyat qanday? Qirg‘izistonning Kaktus.media nashri bir qancha mamlakatlarda bolani maktabga yuborish xarajatlarini hisoblab chiqdi. 

Qirg‘iziston (1 mln so‘m - 4,4 mln so‘m) 

Qirg‘izistonda bolani maktabga yuborish kamida 7 ming qirg‘iz so‘miga (1 mln so‘m) tushadi. Va bu eng arzon va sifati past tovarlar uchun. Ota-onalar so‘zlariga ko‘ra, ba’zida xarajatlar 30 ming qirg‘iz so‘migacha (4,4 mln so‘m) yetishi mumkin. Ko‘pchilikning ta’kidlashicha, narxlar o‘tgan yilga nisbatan oshgan. 

Qozog‘iston (1,1 mln so‘m – 2,8 mln so‘m) 

Agar ryukzak, kanselyariya tovarlarining minimal to‘plami, maktab va sport formasi, bir juft poyabzal va bir juft krossovka xarid qilsangiz, umumiy summa 40 ming tenge (taxminan 1,1 mln so‘m) bo‘ladi. 

Ota-onalar so‘zlariga ko‘ra, odatda bolaga taxminan 100 ming tenge (2,8 mln so‘m) sarflanadi, chunki kerakli tovarlarni har doim eng arzon narxda topish ilojsiz. Bundan tashqari, sovuq ob-havo tushgunga qadar ba’zi narsalarni ko‘proq olib qo‘ygan afzalroq. 

Birinchi sinf o‘quvchisining xarajatlari ko‘proq bo‘lishi tabiiy, chunki deyarli hamma narsani sotib olish kerak. Qozog‘iston poytaxti aholisi fikriga ko‘ra, bozordagi narxlar shahar do‘konlaridagi narxlardan unchalik past emas. 

Rossiya (3 mln so‘m – 3,6 mln so‘m) 

«Rosstat» ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda o‘g‘il bolani birinchi sinfga yuborish uchun 22,3 ming rubl (3 mln so‘m), qiz bola uchun 26,8 ming rubl (3,6 mln so‘m) sarflangan. Rossiya matbuoti 2023 yildagi narxlar shulardan unchalik farq qilmaydi, deb hisoblamoqda. 

Tabiiyki, narxlar tovarlar sifatiga, mintaqaga va sotib olingan joyga qarab o‘zgarib turadi (ko‘pchilik ota-onalar bozorlarda xarid qilish arzonroq ekanini ta’kidlaydi). 

O‘zbekiston (900 ming so‘m – 2,5 mln so‘m) 

O‘zbekistonda 2023 yilda bolani maktabga yuborish uchun kamida 1 mln 472 ming so‘m sarflash kerak bo‘ladi, deb ma’lumot berdi Sputnik.

Kazinform nashrining O‘zbekistondagi muxbiriga ko‘ra, Toshkent shahrida maktab uchun zarur bo‘lgan kanselyariya buyumlarining to‘liq to‘plami (jumladan, ryukzak ham) qiymati - 600 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha. Shuningdek, ota-onalar bolaning yoshi va xohishidan kelib chiqib, maktab formasi uchun 300 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha to‘lashi kerak bo‘ladi. 

Tojikiston (500 ming so‘m – 1,5 mln so‘m) 

Stanradar ma’lumotlariga ko‘ra, tojikistonliklar bolani maktabga yuborish uchun kamida 420 somoniy (500 ming so‘m) sarflaydi. Ammo aksariyat ota-onalar farzandi uchun kamida 1500 somoniy (1,8 mln so‘m) sarflaganini aytishgan. 

So‘rovlarga ko‘ra, turli mamlakatlardagi ota-onalarning aksariyati eng arzon tovarlarni sotib olish foydasiz ekanini ta’kidlagan. Bu ayniqsa, kiyim-kechak, poyabzal va portfelga taalluqli, chunki bunday narsalar juda tez yaroqsiz holga keladi. Pediatrlarning ta’kidlashicha, bolalar uchun sifatsiz tovarlarni xarid qilish yaxshi emas, chunki bunday tejash sog‘liq uchun xarajatlarni oshirishi mumkin. 

Mavzuga oid