Jahon | 17:57 / 06.09.2023
9558
3 daqiqa o‘qiladi

Entoni Blinken Kiyevga keldi

Uning tashrifi doirasida Ukraina uchun yangi harbiy yordam paketi haqida e’lon qilinishi mumkin.

Ukraina TIV matbuot xizmati / AP / Scanpix / LETA

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 6 sentabr kuni tongda Ukraina poytaxti Kiyev shahriga tashrif buyurdi.

Tashrifi boshida Blinken AQSh elchixonasiga kirib o‘tgan, keyin esa Ukraina TIV rahbari Dmitro Kuleba bilan Rossiya bosqiniga qarshi kurashib halok bo‘lgan ukrain jangchilari dafn etilgan Berkovetske qabristonini ziyorat qilgan.

Kulebaning qayd etishicha, Blinken uning «Kiyevdagi tashrifini halok bo‘lgan qahramonlarni xotirlash bilan boshlagan ilk hamkasbi bo‘ldi».

Tashrif davomida Blinken Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ham uchrashadi. CNN manbasiga ko‘ra, AQSh hukumati undan ukrain armiyasi «yaqin haftalar ichida qanday harakatlanmoqchiligi» haqida ma’lumot olmoqchi.

Davlat departamentining yuqori martabali mulozimi Blinken Ukraina uchun bir milliard dollardan ortiq qiymatdagi yangi harbiy yordam paketi e’lon qilishi ham mumkin.

Entoni Blinken Ukraina TIV binosiga kirmoqda
Brendan Smialowski / AFP / Scanpix / LETA

Entoni Blinken Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon Kiyevga uchinchi bor rasmiy tashrif bilan keldi. 2022 yil aprelida u Pentagon rahbari Lloyd Ostin bilan birgalikda Kiyevga kelgan, bu RF qo‘shinlari Kiyev oblastidan chekinganidan bir necha hafta o‘tib sodir bo‘lgandi. Blinkenning Kiyevga ikkinchi tashrifi 2022 yil sentabrida ro‘y bergandi, o‘shanda Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv oblastining okkupatsiya qilingan hududlarini ozod etgandi. Bundan tashqari, Blinken 2022 yil martida Polsha va Ukraina chegarasida Dmitro Kuleba bilan uchrashgan.

Blinkenning Kiyevga uchinchi tashrifi Ukraina qurolli kuchlari mamlakat janubida qarshi hujum olib borayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. 3 sentabr kuni «Tavriya» guruhi qo‘mondoni, Ukraina QK generali Oleksandr Tarnavskiy ukrain harbiylari Rossiya qo‘shinlarining janubiy frontdagi ilk mudofaa chizig‘ini yorib o‘tgani, bu rossiyaliklar mudofaasidagi eng yaxshi mustahkamlangan chiziq bo‘lganini aytgandi.

Mavzuga oid