21:11 / 06.09.2023
9519

Samarqandda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya ish boshlamoqda

30 dan ortiq davlatdan 2 mingdan ziyod mutaxassislar ishtirok etadigan, O‘zbekistonda ilk bor tashkillashtirilayotgan muhim anjuman O‘zbekiston Respublikasi hukumati va BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti - FAOʼning texnik ko‘magi bilan tashkillashtirilmoqda.

Foto: Hasan Paydoyev

Tadbirda 30 dan ortiq davlatdan vazirlar va diplomatlar, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Islom tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki kabi va boshqa xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va ilmiy tashkilotlarning vakillari ishtirok etadi.

Foto: Hasan Paydoyev

Lotin tilida «Fiat panis» («Non bo‘lsin») shiori ostida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan FAO o‘z bilimi, ko‘nikmalari va tajribalarini samarali qo‘llashi mumkin bo‘lgan beshta ustuvor yo‘nalishni belgilab olgan:

  • Ochlikka, oziq-ovqat xavfsizligi yo‘qligi va to‘yib ovqatlanmaslikka qarshi kurashishga ko‘maklashish — oziq-ovqat xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash uchun siyosat va siyosiy majburiyatlarni amalga oshirish yo‘li bilan ochlikni yo‘q qilish, ochlik va taomlanish sohasidagi muammolar va yechimlar haqida yangilangan informatsiyalarni taqdim etish va ta’minlash.
  • Qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va baliq xo‘jaligi mahsuldorligi va barqarorligini oshirish — yuqori mahsuldor qishloq xo‘jaligi sektorlari (o‘t-o‘lanchilik, chorvachilik, o‘rmon xo‘jaligi va baliq xo‘jaligi)ni qo‘llab-quvvatlash uchun faktga asoslangan ma’lumotlarga ega siyosat va amaliyotni rag‘batlantirish bilan birga tabiiy resurslardan barqaror foydalanishni ta’minlash.
  • Qishloq joylarda qashshoqlik darajasini qisqartirish — aholining kambag‘al qatlamlariga o‘zlari muhtoj bo‘lgan resurslar va xizmatlarga ega bo‘lishda yordam ko‘rsatish, jumladan, qishloq joylarida bandlikni ta’minlash va qashshoqlikdan chiqish uchun ijtimoiy himoya berish.
  • Agrooziq-ovqat tizimlarining inklyuzivligi va samaradorligini ta’minlash — qishloq joylarida qashshoqlik va ochlikni qisqartirishga xizmat qiladigan kichik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlovchi xavfsiz va samarali oziq-ovqat tizimlarini yaratishga ko‘maklashish.
  • Krizislar va tahdidlarga qaramasdan yashab qolish uchun vositalarni kuchaytirish — mamlakatlarga tabiiy ofatlar va atropogen falokatlarga tayyorgarlik ko‘rishda ularning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tizimlarining barqarorligini oshirish va risklarni kamaytirish yo‘li bilan yordam ko‘rsatish.

FAO ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda oziq-ovqat xavfsizligi mo‘’tadil yoki o‘tkir mavjud bo‘lmagan sharoitda ayni paytda 2,3 mlrd inson yashamoqda. Ularning 556 million nafari (25 foizi) Osiyo qit’asida yashaydi.

Jahondagi so‘nggi yillardagi geosiyosiy vaziyat bilan bog‘liq tebranishlar, albatta, oziq-ovqat xavfsizligi uchun ham yetarli tahdidlar paydo qilgan. Birgina Ukrainadagi urush Afrika qit’asida ocharchilik xavfini keltirib chiqarmoqda.

Albatta, butun dunyoda ro‘y berayotgan tahdidlarning barchasi O‘zbekiston uchun xos emas. Masalan, yurtimizga ocharchilik xavf solayotgani yo‘q. Biroq yerlarning sho‘rlashi, sug‘orish uchun suv resurslarining kamayib borayotgani, cho‘llashish, qurg‘oqchilik kabi tahdidlar bor. Bu haqda tadbir borasida jurnalistlar uchun qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov brifingda chiqish qilgan.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov / Kun.uz

Bo‘lajak konferensiya FAO va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun xizmat qiladi. Tadbir jahondagi agrosanoat tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish, tahdidlarni muhokama qilish uchun yaxshi maydoncha bo‘lib xizmat qilishiga ishonilmoqda.

«Xalqaro miqyosdagi ushbu tadbir 2-raqamli barqaror rivojlantirish maqsadi — «Nol ochlik»ka erishish uchun ko‘rilayotgan choralarning statusini tahlil qilish imkoniyati beradi», — dedi FAOʼning Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi Viorel Gutsu.

Foto: Hasan Paydoyev

Qayd etib o‘tish kerak, «Nol ochlik» maqsadi —oziq-ovqat xavfsizligi va taomlanishni yaxshilash bo‘yicha konkret vazifalar, shuningdek 2030 yilgacha barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun choralarni qamrab oladi.

Foto: Hasan Paydoyev

Konferensiya doirasida «O‘zbekistonning agrooziq-ovqat salohiyati» ko‘rgazmasi va O‘zbekiston I agrooziq-ovqat investitsiya forumi ham o‘tkaziladi. Forumda Germaniya, Italiya, Isroil, Vengriya, Janubiy Koreya, Polsha, Ozarboyjon, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan 50 dan ortiq kompaniyalar ishtirok etadi.

Xalqaro konferensiya ertaga rasman ochiladi va ikki kun davomida ish olib boradi.

Shuhrat Shokirjonov

Top