08:54 / 09.09.2023
4132

Yevropa Ittifoqi Rossiya sud tizimi vakillariga qarshi sanksiyalar kiritdi

Rossiya organlarining prokurorlari, sudyalari va tergovchilari Qrimda inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzgani uchun Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga duchor bo‘ldi. Sanksiyalar ro‘yxatiga olti kishi qo‘shilgan.

Foto: Arne Immanuel Bänsch/dpa/picture alliance

Yevropa Ittifoqi kengashi 8 sentabr, juma kuni Rossiya Federatsiyasida va Ukrainaning Rossiya tomonidan vaqtincha egallab olingan hududlarida inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzganlik uchun javobgar bo‘lgan olti nafar shaxsga nisbatan cheklov choralarini kiritdi.

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxati Qrimda Rossiya hokimiyati tomonidan tuzilgan sudlarda ishlagan prokuror va sudyalar bilan to‘ldirildi. Ular 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan jurnalist Vladislav Yesipenko va qrim-tatar Narimon Jalolovga qarshi siyosiy sabablarga ko‘ra sudlarda qatnashgan, deyiladi Yevropa Ittifoqi kengashi bayonotida.

Bundan tashqari, ro‘yxatga Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmatining ikki xodimi kiritilgan bo‘lib, ular Yesipenkoni qiynoqlarga solishda ishtirok etgan yoki uning ishi, shuningdek, Qrim-tatar jamiyati vakillarining ishlari bo‘yicha tergov o‘tkazgan.

«Rossiya rejimi sud tizimidan inson huquqlarining ko‘plab qo‘pol buzilishlari uchun vosita sifatida foydalanadi», deyiladi Yevropa Ittifoqi kengashi bayonotida. Xususan, gap hukmron tuzumga qarshi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, ya’ni fikr va so‘z erkinligining jiddiy buzilishi haqida bormoqda. 

«Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Qrim Avtonom Respublikasi va Sevastopol shahrini, shuningdek Ukrainaning Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson viloyatlarining bir qismini noqonuniy anneksiya qilishga urinishini tan olmaydi, bu xalqaro huquqni, shu jumladan BMT nizomini buzish hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralari doirasida mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiq qoladi», - deya ta’kidladi Bryussel. 

Shunday qilib, Yevropa Ittifoqining inson huquqlariga oid sanksiyalar rejimi bo‘yicha cheklov choralari endi 67 jismoniy va 20 yuridik shaxsga nisbatan qo‘llanadi. Bu shaxslarga nisbatan aktivlarni muzlatish tartibi joriy qilingan va Yevropa Ittifoqi fuqarolari va kompaniyalariga ularga mablag‘ berish taqiqlangan. Jismoniy shaxslarga Yevropa Ittifoqiga kirish yoki tranzitdan o‘tishga to‘sqinlik qiluvchi taqiq joriy etildi. 

Inson huquqlari bo‘yicha global sanksiyalar rejimi 2020 yil 7 dekabrda o‘rnatilgan. Bu genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va inson huquqlarining boshqa jiddiy buzilishi (masalan, qiynoqlar, qullik, qotillik, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish) kabilarga nisbatan qo‘llanadi. 

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan yangi shaxslar 

Qrimda Rossiya tomonidan tuzilgan «Qrim Respublikasi Simferopol tuman sudi» prokurori o‘rinbosari Yelena Podolnayaga nisbatan Yevropa Ittifoqi sanksiyalari joriy etildi. U jurnalist Vladislav Yesipenkoga qarshi siyosiy sabablarga ko‘ra sudda qatnashgan va uni 11 yilga ozodlikdan mahrum qilishni taklif etgan. Unga qarshi sud Rossiyada «hukmron rejimni tanqid qiluvchi va Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushga qarshi chiqqan ovozlarni bostirishdan» dalolat beradi, deb yozadi Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnali. 

Ishga aloqador yana bir shaxs - Qrim Respublikasi Simferopol tuman sudi sudyasi Dilyaver Berberov. 2021 yil 16 fevralda u Yesipenko ishi bo‘yicha hukmni e’lon qildi va uni 6 yilga ozodlikdan mahrum qildi. 

Ro‘yxatda Rossiya kuchlari tomonidan yaratilgan «Qrim prokuraturasi» prokurori Anastasiya Supryaga ham bor. U Qrim-tatar xalqi majlisi raisi o‘rinbosari Axtem Chiygoz va qrim-tatar jamiyati a’zolari, jumladan Narimon Jalolovning siyosiy sabablarga ko‘ra sud jarayonlari va jinoiy ta’qiblarida ishtirok etgan. Yevropa Ittifoqi kengashi Supryaga Qrim-tatar jamiyati a’zolarini ta’qib qilish bo‘yicha tizimli kampaniyalarda ishtirok etganini hamda Rossiya va u egallab olgan hududlarda inson huquqlarining jiddiy buzilishi uchun javobgar ekanligini ta’kidlaydi.

Rossiya kuchlari tomonidan tuzilgan «Qrim Respublikasi Oliy sudi» sudyasi Viktor Krapkoga nisbatan sanksiyalar qo‘llandi. U jurnalist Vladislav Yesipenko va qrim-tatar Narimon Jalolovga qarshi siyosiy sabablarga ko‘ra sudlarda ishtirok etgan. Krapko Qrim-tatar jamiyati a’zolarini ta’qib qilish bo‘yicha tizimli kampaniyalarda qatnashgan.

«FSB» xodimlari Vitaliy Vlasov va Denis Korovinga nisbatan ham Yevropa Ittifoqi jazo choralari joriy etildi. Vlasov jurnalist Vladislav Yesipenko, Qrimdagi qrim-tatar jamiyati a’zolari, jumladan Narimon Jalolov, ishi bo‘yicha tergovga rahbarlik qilgan. Korovin Yesipenkoni qiynoqqa solishda ishtirok etgan, deb yozadi Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnali. 

Bryusselning ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasining sud tizimi mustaqil emas hamda Rossiyada va u egallab olgan hududlarda inson huquqlarining jiddiy buzilishi uchun javobgardir.

Top