Jahon | 19:40 / 10.09.2023
30987
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonga nisbatan Jyekson-Venik tuzatmasi bekor qilinishi mumkin

AQSh senatorlari Kris Myorfi va Todd Yang «eskirgan» Jyekson-Venik tuzatmalarini bekor qilish hamda AQShning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarini «qayta ko‘rib chiqish» fursati yetganini ta’kidlashmoqda.

AQSh demokrat-senatori Kris Myorfi. Foto: copticsolidarity.org

Konnektikut shtatidan demokrat-senator Myorfi va Indiana shtatidan republikachi-senator Todd Yang 7 sentabr kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston uchun Jyekson-Venik tuzatmasini bekor qilish va bu uch davlat bilan doimiy normal savdo munosabatlari o‘rnatish statusi to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etishdi.

Agar qonun loyihasi muvaffaqiyatli qabul qilinsa AQSh bu cheklovlardan jabr ko‘rib kelayotgan Markaziy Osiyo davlatlarining qiyinchiliklarini sezilarli tarzda yengillashtirgan bo‘ladi, deb yozadi The Diplomat.

Rossiya Ukrainada olib borayotgan urushning mintaqaga halokatli ta’siri hamda Xitoyning Markaziy Osiyoga ekspansiyasi sharoitida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston uchun Jyekson-Venik tuzatmasi bekor qilinishi Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan ko‘zga ko‘rinarli yaxshi niyatdagi qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Respublikachi-senator Todd Yang. Foto: mavink.com

Savdo to‘g‘risidagi qonunga 1974 yilgi Jyekson-Venik tuzatmasi ayrim davlatlarning emigratsiyaga qo‘ygan cheklovlari, xususan, SSSRni tark etmoqchi bo‘lgan yahudiylarga nisbatan cheklovlar tufayli AQSh bilan normal savdo qilish huquqidan mahrum etish maqsadida qabul qilingan. Garchi sovet ittifoqi 1991 yilda parchalanib ketgan bo‘lsa-da, Jyekson-Venik tuzatmasi uning ayrim sobiq a’zolari uchun amal qilishda davom etib kelmoqda. 2000–2012 yillarda bu cheklovdan Qirg‘iziston, Gurjiston, Ukraina, Armaniston, Moldova va Rossiya chiqarib tashlangan.

Biroq, Markaziy Osiyoning to‘rt davlatidan (yuqorida sanalganlardan tashqari Turkmaniston ham cheklov ostida) cheklov hanuz olib tashlanmagan.

Joriy yil mart oyida AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrifidan so‘ng, Senatning terrorizmga qarshi kurash hamda Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo bo‘yicha xalqaro munosabatlar qo‘mitasi ostqo‘mitasi Blinkenning Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu hamda uning energetika resurslari bo‘yicha yordamchisi Jyeffri Payyettning bu boradagi ko‘rsatmalarini tinglagan.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken mart oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgandi. Foto: Kun.uz

Ostqo‘mita raisi Kris Myorfi Donald Luning Vakillar palatasining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi oldida 2022 yil sentabrida qilgan chiqishiga havola qilgan. Unda Bayden administratsiyasi O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonga nisbatan Jyekson-Venik tuzatmasi bekor qilinishini qo‘llashi aytilgan. Luning so‘zlariga ko‘ra, Jyekson-Venik masalasi Blinkenning Markaziy Osiyodagi hamkasblari bilan har bir uchrashuvda ko‘tarilgan. «Bu chindan ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ishonchga putur yetkazadi», — degan u.

Shu yozda Kris Myorfi The Diplomat nashrida chop etilgan maqolasida garchi har uch davlat «AQSh bilan jips munosabatlar o‘rnatishdan avval inson huquqlari va siyosiy erkinliklarni ilgari surish borasida katta ish qilishi kerak» bo‘lsa-da, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonni tuzatmadan xalos etish zaruriyatini asoslab bergan. Bu mamlakatlarga PNTR statusi berilishi «Amerika Qo‘shma Shtatlariga bu masalada ham ko‘proq ta’sir richagiga ega bo‘lishi»ni ta’minlashi ta’kidlangan.

Myorfi Kongressni «AQShning bu mintaqadagi strategik va iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonni Jyekson-Venik tuzatmasi bilan joriy etilgan eski cheklovlardan xalos etib, ularga PNTR statusi berish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilib, fursatdan foydalanish»ga chaqirgan.

Qayd etish lozimki, Jyekson-Venik tuzatmasining AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarga ta’siri deyarli nolga teng, chunki bu davlatlarga allaqachon shartli-normal savdo munosabatlari taqdim etilgan. Ayrimlarning ta’kidlashicha, mavjud hol potensial investorlarda ma’lum bir shubhalar paydo qilmoqda. Savdo munosabatlari har yili qayta ko‘rib chiqilishi esa eng yaxshi holatda qat’iyatsizlik, yomon holatda esa hurmatsizlik deb baholanmoqda. Markaziy Osiyo va boshqa davlatlardagi turli yahudiylar tashkilotlari Jyekson-Venik qonunini bekor qilishga chaqirgan bo‘lsa-da, bu borada hech ish qilinmagan. Inersiya tufayli tuzatma o‘z kuchida qolavergan.

Yevrosiyo yahudiychiligi Milliy koalitsiyasi (NCSEJ) bosh direktori Mark B. Levin o‘z tashkiloti Myorfi va Yang tomonidan ilgari surilayotgan yangi qonun loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. «Barcha uch davlat o‘z fuqarolarini cheklovlarsiz emigratsiyaga qo‘yib yuborish bo‘yicha Jyekson-Venik tuzatmasi shartlarini bajarishgan. Bu qonun loyihasining ilgari surilishi AQSh hamda ushbu davlatlar o‘rtasida kelgusida muhim aloqalar o‘rnatilishiga xizmat qiladi», degan Mark B. Levin.

Mark B. Levin. Foto: ncsej.org

Qonun loyihasini taqdim etar ekan, Kris Myorfi o‘zining iyul oyidagi maqolasida ta’kidlangan tezislarni takrorladi: «Rossiya va Xitoyning Markaziy Osiyoga ta’siri susayib borayotgan ekan, sovuq urush davri sarqitlaridan voz kechib, AQSh muhim imkoniyatdan foydalanib, Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishi kerak. Bu ikki partiyali qonun bizning iqtisodiy manfaatlarimizga mos keladi va Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyo bilan munosabatlarini XXI asrga o‘tkazish istagi borligi haqida aniq signal jo‘natadi».

Bu ta’kidlarni qo‘llar ekan, Todd Yang shunday degan: «Bizning ikki partiya tomonidan ilgari surilayotgan qonun loyihamiz ayniqsa biz kritik muhim resurslarga yo‘l ochish va mintaqaviy ulkan rivojlanish va ravnaq topishga intilayotgan bir paytda Markaziy Osiyoning asosiy davlatlari bilan ikkitomonlama va mintaqaviy munosabatlarimizni chuqurlashtiradi. Bu qonun loyihasi savdo munosabatlari mustahkamlanishiga, xalqaro bozorlarga yo‘l ochish kengayishiga, Xitoy va Rossiya tomonidan bo‘layotgan zararli ta’sirga qarshi turishga olib keladi».

Chindan ham, Jyekson-Venik eski davrlar sarqiti hisoblanadi. Uning O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston uchun bekor qilinishi Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun hech qanday zarar olib kelmaydi, biroq yaxshi niyat qadami hamda kelgusida savdo va siyosiy munosabatlar ravnaq topishi ko‘rinishidagi dividendlar olib kelishi mumkin, deb yozadi nashr.

Mavzuga oid