Jahon | 22:57 / 11.09.2023
31399
9 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen Inning hashamatli va sekinyurar zirhli poyezdi ichida 

Kim Chen In so‘nggi to‘rt yil ichida ilk bor Shimoliy Koreyani tark etmoqda. U katta ehtimol bilan o‘zining sevimli transport turida yo‘lga chiqadi: hashamatli bezatilgan, og‘ir zirhli va nihoyatda sekin poyezdga. 

11 sentabr kuni Janubiy Koreya matbuoti Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning poyezdi poytaxt Pxenyandan uzoq safarga yo‘lga chiqqani ehtimoli haqida xabar berdi. Keyinroq Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari Kim «yaqin kunlarda» Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishini tasdiqladi. 

Kim Chen Inga tegishli poyezd haqida ma’lumotlar, foto va video tasvirlar juda kam. The Washington Post ularning ba’zilarini jamlashga muvaffaq bo‘ldi. 

Kim Chen In poyezdi prezident Vladimir Putin bilan uchrashish uchun 2019 yilda Vladivostok shahriga kelmoqda (Aleksandr Xitrov/AP). 

AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, Kim Putin bilan Shimoliy Koreya chegarasidan qariyb 500 km uzoqlikdagi Vladivostok shahrida uchrashadi. 

2011 yilda otasi Kim Chen Ir vafotidan keyin mamlakat rahbarligini qo‘lga olganidan beri Kim Chen In Shimoliy Koreyadan tashqariga kamdan-kam sayohat qildi. Koronavirus pandemiyasi davrida esa mamlakat o‘zini dunyodan butunlay uzib qo‘ygan edi. 

Kim sayohatlar uchun XXI asrdagi davlat rahbariga xos bo‘lmagan transportni – maxsus poyezdni afzal ko‘radi. Buning sababi ma’lum emas. Uning bobosi Kim Ir Sen va samolyotda uchishdan qo‘rqadigan otasi Kim Chen Ir ham ushbu transportdan ko‘p foydalangan. 

Biroq, 2018 yilda prezident Donald Tramp bilan yuqori darajadagi diplomatik sammitda u Air China kompaniyasining Boeing 747 samolyotidan foydalandi. Shu yili Xitoyning Dalyan shahriga, prezident Si Jinping bilan uchrashuvga mahalliy samolyotda parvoz qildi. 

Hashamatli poyezd: tansiq taomlardan Mersedesgacha  

Kimning poyezdida Shimoliy Koreya elitasidan tashqari deyarli hech kim sayohat qilmagan. Uning ichki ko‘rinishi tasvirlari juda kam. Ammo davlat ommaviy axborot vositalari fotosuratlari, sayohatchilarning hisobotlari va razvedka ma’lumotlari hashamatli poyezd haqida ayrim tasavvurlarga imkon beradi. 

Vagonlar tashqi tomondan o‘ziga xos yashil va sariq ranglarga bo‘yalgan. Ichkaridan olingan suratlarda uzun brifing stollari va katta monitorli yaltiroq-oq intererlar ko‘rinadi. Boshqa tasvirlarda qizil charm kreslo bilan jihozlangan xonani ko‘rish mumkin.

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In (chapdan ikkinchi) Xitoy Kommunistik partiyasi xalqaro bo‘limi boshlig‘i Song Tao bilan (o‘ngdan ikkinchi) poyezdda suhbatlashmoqda (Koreya markaziy axborot agentligi, 2019 yil). 

Vagonlarda boshqa hashamatli narsalar ham bo‘lishi mumkin. Shimoliy Koreya yetakchisining poyezd safari haqidagi eng batafsil ma’lumotlar rossiyalik amaldor Konstantin Pulikovskiyning «Vostochniy ekspress» nomli kitobida chop etilgan. U Kim Chen Ir bilan Rossiyaning Uzoq Sharq o‘lkasi bo‘ylab qilgan sayohatini bayon etgan.  

«Rus, xitoy, koreys, yapon va fransuz oshxonalariga mansub har qanday taomga buyurtma berish mumkin edi», deb yozdi Pulikovskiy. Shuningdek, poyezdda fransuz vinolari, tirik omar solingan qutilar borligini qo‘shimcha qildi. Poyezddagi sayohatchilar uchun «konduktor» sifatida tanishtirilgan yosh ayollar qo‘shiq kuylagan. 

2009 yilda Janubiy Koreyaning Chosun Ilbo gazetasi razvedka ma’lumotlariga tayangan holda poyezdda 90 ta vagon borligi haqida yozdi. Ularning ba’zilari transport vositalarini tashish uchun mo‘ljallangan. 2001 yilda Kim Chen Ir bilan poyezdda birga bo‘lgan rossiyalik diplomat Georgiy Toloraya vagonlarda ikkita zirhli Mersedes mashinasi olib ketilganini yozgan edi. 

Taqqoslash uchun, Amerikaning Amtrak Acela poyezdida to‘qqizta vagon bor. Biroq, u ancha tez harakat qiladi, eng yuqori tezligi — 240 km/s. Kim poyezdining tezligi – atigi 88 km/s.  

Kimning poyezdi sekinyurar, hammaga halaqit beradi 

Shimoliy Koreya rahbari poyezdining tezligi past, bu unga o‘rnatilgan qo‘shimcha zirhning og‘irligi bilan bog‘liq. Rossiyalik diplomat Toloraya so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik texniklar 2001 yilda Kim Chen Ir poyezdini ko‘zdan kechirganida, Shimoliy Koreya yetakchisi yashaydigan va rasmiy maqsadlarda foydalanadigan ikkita asosiy vagon ostidan zirhli plitalar topgan. Texniklar, shuningdek, vagonlar sovet davridan qolganini, ammo keyinchalik jiddiy o‘zgartirilganligini aniqlagan. 

Shimoliy Koreya xavfsizlik kuchlari xodimlari 2019 yilda Vladivostokdagi bekatda poyezd yonida kutishmoqda (Aleksandr Safronov/AP) 

Poyezd sayohat paytida, ko‘pincha xavfsizlik choralari tufayli ko‘plab to‘xtalishlarga sabab bo‘ladi. Chosun Ilbo gazetasining yozishicha, Kimning poyezdi yo‘lidagi stansiyalar «ehtimoliy tahdidlar» bo‘yicha 100 nafarga yaqin xavfsizlik agentlari tomonidan tekshiriladi. Shuningdek, boshqa poyezdlar harakatlanmasligi uchun stansiyalar elektr energiyasidan uzib qo‘yiladi. Shu bilan birga, Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan Il-76 havo kuchlari transport samolyoti va Mi-17 vertolyotlarini o‘z ichiga olgan yirik ta’minot guruhi ham poyezdga hamrohlik qiladi. 

Kuzatuvchilar va nazoratchilarning katta guruhlari mavjudligiga qaramay, poyezdda sayohat qilish samolyotga nisbatan «sezilmaydi». Uni radar yoki boshqa kuzatuv vositalari yordamida aniqlash qiyin. Kim Chen Inning ko‘plab safarlari faqat yakuniga yetganidan keyin e’lon qilingan. 

Dunyo yetakchilari uchun poyezdlar ba’zan eng yaxshi variant bo‘lishi mumkin 

Shimoliy Koreyadan Vladivostokkacha bo‘lgan sayohat 20 soat davom etadi, bu har qanday parvozdan ancha uzoqroq. Kim Chen In Tramp bilan ikkinchi sammiti uchun Vetnamga borganida, bir tomonlama safar 65 soat davom etgan. 

Kimning otasi o‘z hukmonligi davrida poyezdda Moskva sari 1 haftalik  sayohatlarini amalga oshirgan. Bobosi Kim Ir Sen esa 1984 yilda Moskva orqali Sharqiy Yevropaga poyezd safarini amalga oshirgan – bu esa undan ham uzoqroq. 

Sekin tezlikdan tashqari, boshqa qiyinchiliklar ham bor. Rossiya temir yo‘llari izi kengligi Shimoliy Koreya temir yo‘llarinikidan farq qiladi. Vagonlarni unga moslashtirish uchun chegaralarda juda ko‘p vaqt yo‘qotiladi. Biroq, Xitoy bilan Shimoliy Koreya temir yo‘llari izi kengligi bir xil. 

Xavfsizlik, ehtimol, Kim sulolasining temir yo‘l transportini afzal ko‘rishining eng muhim sababi bo‘lishi mumkin. Kim Chen Irning sobiq qo‘riqchilaridan biri Shimoliy Koreya yetakchisi urib tushirilishidan qo‘rqib, «hech qachon samolyotda uchmaslikka» va’da berganini aytgan. 

Garchi Kim Chen In taxminlarga ko‘ra, bundan qo‘rqmasa-da, Shimoliy Koreyadagi sovet davri samolyotlarining eskirib borishi davlat tashriflari uchun qo‘shimcha tashvish keltirib chiqarishi mumkin. Shimoliy Koreya rahbari, shuningdek, o‘z mamlakati ichida ham muntazam ravishda poyezdda sayohat qiladi. 

AQSh prezidenti Jo Bayden 2023 yil fevral oyida Kiyevda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jyeyk Sallivan bilan poyezdda (Evan Vucci/AP). 

Shimoliy Koreya yetakchisi havo qatnovidan ko‘ra temir yo‘l sayohatini afzal ko‘radigan yagona siyosatchi emas. Masalan, urush davridagi havo tahdidlari tufayli Kiyevga deyarli barcha tashrif buyuruvchilar Ukraina temir yo‘li orqali yetib borgan. Ular orasida AQSh prezidenti Jo Bayden va boshqa siyosatchilar bor. Ular maxsus jihozlangan VIP poyezdlarda sayohat qilgan.  

Kim bilan uchrashishi kutilayotgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham o‘z hashamatli poyezdiga ega. Ayrim jurnalistlarning fikricha, Putin o‘z xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlar tufayli 2021 yildan boshlab temir yo‘l orqali tez-tez sayohat qila boshlagan. 

Mavzuga oid