Iqtisodiyot | 23:24 / 12.09.2023
20242
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari ketma-ket beshinchi oy kamaydi

Avgust oyida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qariyb 1 mlrd dollarga, yil boshidan beri esa 3,1 mlrd dollarga kamaydi. Bu tashqi savdo defitsitining oshishi, pul o‘tkazmalarining qisqarishi va milliy valuta kursining qadrsizlanishi fonida ro‘y bermoqda.

Foto: Pavel Lisitsyn

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro valuta zaxiralariga oid ma’lumotlarni yangiladi.

Unga ko‘ra, 1 sentabr holatiga, O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 32,7 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu – joriy yil boshidan buyon qayd etilgan minimum ko‘rsatkich.

Zaxiralar o‘tgan oyga nisbatan deyarli 958 mln dollarga, yil boshidan beri esa 3 mlrd dollarga kamaydi.

Hisobot davrida oltinning fizik hajmi 11,8 mln troya unsiyadan 12,1 mln troya unsiyaga, qiymati esa 23 mlrd dollardan 23,4 mlrd dollarga ko‘paygan.

Zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari 9,5 mlrd dollardan 8,7 mlrd dollarga kamaygan. O‘zbekistonning valutadagi aktivlari miqdori statistik ma’lumotlar e’lon qilina boshlagan 2018 yildan keyingi davrda hech qachon hozirgichalik past bo‘lmagan.

Oltin-valuta zaxiralari nima uchun qisqarmoqda?

Tashqi savdo defitsiti. 2023 yil yanvar-iyul oylaridagi tashqi savdo aylanmasi 35 mlrd dollarga(eksport hajmi 14,9 mlrd dollar, import hajmi esa 20 mlrd dollar), tashqi savdo salbiy saldosi esa 5 mlrd dollarga yetgan. Importning eksportdan yuqoriligi qo‘shimcha xorijiy valutani talab qiladi va milliy valuta kursiga bosim o‘tkazadi. Xususan, 1-yarim yillikda tabiiy gaz importining 7,2 barobarga oshishi ham zaxira aktivlari miqdoriga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Pul o‘tkazmalarining qisqarishi. Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga amalga oshirilgan transchegaraviy o‘tkazmalar miqdori 5,2 milliard dollarni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 6,5 mlrd dollar bo‘lgan. Ya’ni pul o‘tkazmalarida 20 foizlik kamayish kuzatilgan.

Milliy valuta kursining qadrsizlanishi. Asosiy savdo hamkor-davlatlar milliy valuta kursidagi tebranishlar fonida joriy yilning boshidan buyon o‘zbek so‘mi AQSh dollariga nisbatan 8,3 foizga(11 146 so‘mdan 12 180 so‘mga) qadrsizlandi. Kursning keskin o‘zgarib ketishining oldini olish maqsadida Markaziy bank ichki bozorga valuta intervensiyalarini amalga oshirgan bo‘lishi mumkin.

Yil boshidan beri O‘zbekistonning zaxira aktivlari 3,08 mlrd dollarga, jumladan, valuta zaxiralari 2,94 milliard dollarga kamaygan.

Oltin-valuta zaxiralari nima uchun kerak?

Har bir mamlakatning oltin-valuta zaxiralari o‘ziga xos sug‘urtadir. U davlatning milliy iqtisodiyotini ehtimoliy makroiqtisodiy xatarlardan himoya qiladi. Shu bois oltin-valuta zaxiralari qator talablarga javob berishi lozim. Masalan, undan har qanday sohada foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak. Oltin-valuta zaxiralari oson joylashtirilishi va oson olinishi darkor.

Mamlakatlarning oltin-valuta zaxiralaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:

  • to‘lov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish uchun;
  • inflatsiyani ushlab turish, milliy valutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlashga valuta sotib olish uchun;
  • davlatning tashqi qarzlarini to‘lash uchun;
  • davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun.

Oltin-valuta zaxiralari asosan qimmatbaho metallardan (quyma oltin, platina, palladiy, kumush), davlatlararo miqyosda zaxira valutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan (AQSh dollari, yevro, shveysar franki, yapon iyenasi, funt-sterling) va Xalqaro valuta jamg‘armasi chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.

Davlatning oltin-valuta zaxiralari miqdori uning iqtisodiyoti va moliyaviy tizimi holatidan darak beradi, davlatlararo majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini kafolatlaydi. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

2012-2013 yillar davomida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralarining o‘zgarish dinamikasi:

Mavzuga oid