Rossiyaliklar Xitoy avtomobillarini ommaviy ravishda ta’mirlashga yubormoqda – OAV
Rossiyaliklarning Xitoy avtomobillariga «o‘tishi» ularni ta’mirlashga bo‘lgan talabning oshishiga olib keldi.
2023 yilning dastlabki sakkiz oyida Xitoydan keltirilgan yangi, yoshi 4 yilgacha bo‘lgan avtomobillar o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga ko‘proq ta’mirga jo‘natilgan. Bu haqda Rossiyadagi eng yirik texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tarmog‘i – Fit Service ma’lumotlariga tayanib, «Izvestiya» xabar berdi. Ta’mirlash holatlari sonining ko‘payganini «Marshal» federal logistika kompaniyasi ham tasdiqlagan.
«Xitoyda ishlab chiqarilgan ba’zi avtomobillarda ishlab chiqarish sifati bilan bog‘liq muammolar bo‘lishi mumkin, bu esa eskirishga va tez-tez ta’mirlash zaruratiga olib keladi. Bundan tashqari, bunday modellarda ishonchlilik va chidamlilik bilan bog‘liq muammolar bo‘lishi mumkin, bu ham tez-tez buzilishlarga olib keladi», dedi «Marshal» kompaniyalar guruhi bosh direktori Mixail Belousov.
«Xitoyning aksariyat avtomobillari «podveska»si tijorat maqsadlarida foydalanishga tayyor emas. U taksi rejimida foydalanilganda og‘ir yuklamalarga bardosh bera olmaydi», dedi RentCarsSPB avtomobil ijarasi kompaniyasi direktori Aleksandr Vinogradov.
«Podveska» bilan bog‘liq muammolar 20 ming km masofani bosib o‘tgandan keyin boshlanishi mumkin, deb qo‘shimcha qildi «Skolkovo» texnoparki rezidenti Dmitriy Polunin. «Agar biz avtomobildan shaharda foydalanishni nazarda tutsak (yiliga o‘rtacha 40 ming km), u holda «podveska» bilan bog‘liq muammolar 6 oydan keyin paydo bo‘lishi mumkin», dedi ekspert.
«Otkrytiye Avto» tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, rossiyalik avtomobil ixlosmandlari Xitoy avtomobillarining sifatidan hafsalasi pir bo‘lgan. Xususan, rossiyaliklarning 61 foizi Xitoydan kelayotgan avtomobillar Rossiya ob-havo sharoitlariga qisman moslashgan deb hisoblaydi, yana 19 foizi qish fasliga dosh bera olmasligiga ishonadi.
Xitoy avtomobillarining kamchiliklari orasida rossiyaliklar metallning yupqaligi va detallarning yuklamalarga bardosh bermasligi (44 foiz), qishda metallning korroziyaga uchrashi (42 foiz), shuningdek, elektronika va ehtiyot qismlarning sifatsizligini (29 foiz) sanab o‘tishgan. Rossiya yo‘llari sharoitlariga mos kelmaydigan «podveska»dan 28 foizi, bo‘yoqlarning sifatsizligidan 24 foizi shikoyat qilgan.
«Avtostat» ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, Rossiyada taxminan 1,08 million Xitoy avtomobili bor. Fit Service ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan Chery, Lifan, Geely, Haval, Changan va JAC brendlari texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining eng ko‘p «mehmoni» bo‘lgan.
Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan so‘ng, avtomobil ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatdi. Bundan tashqari, yangi avtomobillarni rasmiy yetkazib berish ham to‘xtatildi. Xitoy bundan foydalandi va Rossiya bozorini kengaytirdi.
2023 yilda Rossiya Xitoy avtomobillarining dunyodagi eng yirik importchisiga aylandi. Yanvar-may oylarida mamlakatga 287 ming dona avtomobil keltirildi, bu 2022 yildagidan qariyb ikki baravar ko‘p (162 ming), deb yozdi Bloomberg Xitoy bojxona organlari va Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilar uyushmasi ma’lumotlariga tayanib.
Mavzuga oid
17:22
«Markaziy Osiyo – Xitoy» quvuri orqali 14 yilda yetkazilgan tabiiy gaz miqdori ma’lum qilindi
16:48
Rossiyada yadroviy portlashdan himoyalovchi mobil boshpanalarni seriyali ishlab chiqarish boshlandi
15:02
O‘zbekiston Xitoyga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiladi
13:31