Jahon | 20:25 / 16.09.2023
11301
2 daqiqa o‘qiladi

2050 yilga borib, 5 million «iqlim» migranti paydo bo‘lishi mumkin – To‘qayev

Qozog‘iston prezidenti suv bilan bog‘liq muammolarga urg‘u berdi.

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischilari davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishida ishtirokchilar e’tiborini mintaqa oldida turgan bir qator muammolarga qaratdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo xavfsizligiga global iqlim o‘zgarishi, suvning kamayishi va sug‘orish uchun suv yetishmasligi tahdid solmoqda.

«Xalqaro ekspertlarning fikricha, mintaqamizda havo harorati o‘rtacha jahon darajasidan ancha tez ko‘tarilmoqda. Bu Orol dengizi havzasidagi asosiy suv manbai bo‘lgan muzliklar maydonining qisqarishiga olib keladi. Oxirgi 50 yil ichida ularning hajmi 30 foizga kamaydi. Tahlilchilar hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga borib, Markaziy Osiyodagi qurg‘oqchilik yiliga yalpi ichki mahsulotning 1,3 foizi miqdorida zarar yetkazishi mumkin. Bu esa 5 millionga yaqin ichki «iqlim» migrantlarining paydo bo‘lishiga olib keladi», dedi u.

To‘qayevning ta’kidlashicha, mintaqadagi ikki asosiy daryo – Sirdaryo va Amudaryo oqimining tartibga solish darajasi nihoyatda yuqori. Ularning havzalarida 80 dan ortiq suv omborlari qurilgan.

«Shunday qilib, antropogen yuklamaning ortishi, atrof-muhitni keng qamrovli boshqarishning davom etishi, turli ijtimoiy-ekologik muammolarning keskinlashishi kutilmoqda. Bularning barchasi mintaqaviy xavfsizlikka tahdid qiladi. Qozoq maqolida «Suv – farovonlik manbai» deyilgan. Menimcha, davlatlarimiz suv siyosatini shakllantirishda suv cheklangan tabiiy resurs ekanidan, butun mintaqaning farovonligi va barqaror rivojlanishi bevosita unga bog‘liqligidan kelib chiqishi kerak. Raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali suvni maksimal darajada tejash masalasi dolzarb masala hisoblanadi. Bu yo‘nalish suv resurslari bo‘yicha hamkorligimizda asosiy yo‘nalishga aylanishi mumkin», dedi Qozog‘iston prezidenti.

Mavzuga oid