O‘zbekiston | 07:54 / 16.09.2023
8218
2 daqiqa o‘qiladi

Maktab direktorligiga nomzodlar menejyerlik sertifikatini olishi kerak bo‘ladi

Maktab direktorlarining vakant lavozimlariga nomzodlar faqat sertifikati mavjud va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi.

Foto: Shutterstock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga hukumat qarori loyihasi joylashtirildi.

Unga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktor lavozimiga nomzodlar menejyerlik o‘quv kurslarida o‘qitiladi.

Menejyerlik o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan nomzodlar menejyerlik sertifikatini berish bo‘yicha yakuniy sinovlarga qo‘yiladi.

Nomzodlar uchun yakuniy sinovlar bevosita ishtirok etish shaklida maxsus jihozlangan xonalarda qog‘oz yoki elektron shaklda o‘tkazilishi mumkin.

Yakuniy sinovlar 25 ta test, keys hamda amaliy topshiriqlardan iborat tarzda shakllantiriladi. Bajarish uchun jami 120 daqiqa vaqt beriladi.

Yakuniy test sinovlar uchun 50 ball, keys topshiriqlari uchun 10 ball va amaliy topshiriqlar uchun 40 ball, jami 100 ball beriladi.

70 balldan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar yakuniy sinovni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi va ularga QR-kod qo‘yilgan elektron shaklda menejyerlik sertifikati beriladi.

Menejyerlik sertifikati 5 yil davomida amal qiladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan menejyerlik sertifikatiga ega nomzodlardan maktab direktorlari zaxirasi shakllantiriladi.

Bunda, maktab direktorlarining vakant lavozimlariga nomzodlar faqat sertifikati mavjud va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi.

Mavzuga oid