Jahon | 20:52 / 18.09.2023
18809
10 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Kleshchiyevkani ham ozod etdi. Bu Baxmut uchun kalitmi?

Sharqiy frontdagi ukrain kuchlari Baxmutni qurshab olishga qaratilgan amaliyotda sezilarli yutuqlarga erishmoqda.

Foto: Andriy Yermak

Ukraina qurolli kuchlari Baxmut janubidagi Kleshchiyevka qishlog‘ini ozod qildi. Bu ma’lumot Ukraina qurolli kuchlari sharqiy guruhi matbuot xizmati rahbari, kapitan Ilya Yevlash tomonidan tasdiqlangan.

«Biz Kleshchiyevka aholi yashash manzili ozod etilganini tasdiqlaymiz. 80-alohida desant-shturm brigadasi, 5-alohida shturm brigadasi, shuningdek milliy politsiyaning „Lyut“ birlashgan shturm brigadasi bo‘linmalari. Kleshchiyevka ozod etildi, u Ukrainaniki», — degan Yevlash.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining kechki videomurojaatida qishloq ozod etilgani uchun harbiylarga minnatdorchilik bildirgan. Ukraina mudofaa vazirligi spikeri Anna Malyar bu amaliyotda 95-desant-shturm brigadasi ham qatnashganini qo‘shimcha qilgan.

Bundan oldinroq Kleshchiyevka ozod etilgani haqida Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andriy Yermak ham xabar bergandi. U ukrain harbiylari Kleshchiyevka markazidagi ibodatxona vayronalari fonida mamlakat bayrog‘i va o‘z brigadalari bayroqlarini ko‘tarib tushgan fotoni e’lon qilgan. Keyinroq shu hududda olingan video ham paydo bo‘ldi.

Fotosuratda 1841 yilda qurilgan Pokrovskiy ibodatxonasini tanish mumkin — u mazkur qishloqdagi eng qadimiy bino edi.

Shu bilan birga, Ukraina QK bosh shtabi Kleshchiyevka ozod etilgani to‘g‘risida rasmiy xabar bermagan, ammo so‘nggi kunlarda mazkur hududdagi jiddiy yutuqlar haqida xabarlar berib kelinayotgandi.

Avvalroq Ukraina bosh shtabi vakillari BBC Ukraina xizmatiga bergan izohida aholi yashash manzillari ozod etilgani to‘g‘risidagi ma’lumot bu joy ukrain harbiylari tomonidan egallanganidan bir necha kun o‘tibgina e’lon qilinishini aytishgandi. Bu muddat Ukraina kuchlari hududda tozalash ishlari o‘tkazishi, raqibni haydab chiqarishi va pozitsiyalarda mustahkam o‘rnashishi uchun zarur.

Rossiya mudofaa vazirligi o‘z hisobotlarida Kleshchiyevkadagi vaziyatni tilga olmagan.

Rossiyalik «harbiy korrespondentlar» esa Kleshchiyevkaning bir qismi hamon kulrang zona bo‘lib turgani, Ukraina qurolli kuchlari faqat markazni egallaganini aytishgan.

«Soledar yo‘nalishidagi Kleshchiyevka va Andriyivka hududida shiddatli to‘qnashuvlar davom etmoqda, — deya yozgan yakshanba kuni kechqurun Rossiya mudofaa vazirligiga aloqador hisoblangan Rybar telegram-kanali. — Ayni vaqtda tomonlarning hech biri butunlay vayron bo‘lgan aholi yashash manzillarini nazorat qilmayapti».

Ukraina Baxmutdan janubda, ushbu shahardagi rus qo‘shinlari ta’minot liniyasiga yaqin joylashgan yana bir aholi yashash manzili bo‘lmish Andriyivka ozod etilgani haqida juma kuni xabar bergandi.

Kleshchivka va Andriyivka ustidan nazorat o‘rnatilishi Ukraina qurolli kuchlariga Baxmutni qurshab olishga qaratilgan amaliyotni davom ettirish imkonini beradi, bu qishloqlar egallanishi Baxmutga janubdan keladigan ta’minot yo‘llari uzilishiga olib keladi.

«Kleshchiyevka va Andriyivka — tamom. Bu Baxmut qanoti edi», — deya yozgan Rossiyaning «Trinadsatiy» telegram-kanali.

Ukrain harbiysi Andriyivka xarobalarida

18 sentabr kuni Ukraina QK quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni, Ukrainaning sharqiy yo‘nalishdagi guruhiga boshchilik qilayotgan general Oleksandr Sirskiy Baxmut atrofida RF armiyasining nisbatan eng yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan bo‘linmalaridan biri yakson etilganini ma’lum qildi. 

Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, gap 72-alohida motoo‘qchilar brigadasi, shuningdek, 31- va 83-alohida desant-shturm brigadalari haqida bormoqda. General Ukraina kuchlari avvalroq rossiyaliklarning zaxira kuchlari olib kelingan Andriyivka va Kleshchiyevka hududida RF armiyasining mudofaa chiziqlarini yorib o‘tganini ma’lum qilgan.

17 sentabr kuni Rosgvardiyaning anneksiya qilingan «DXR» bo‘yicha o‘rinbosari Aleksandr Xodakovskiy Andriyivka hududida 31-desant-shturm brigadasi komandiri, «Dunay» laqabli polkovnik Andrey Kondrashkin halok bo‘lgani haqida xabar bergandi.

Kleshchiyevka va Andriyivka nimasi bilan muhim?

25 iyul kuni Ukraina QK sharqiy guruhi rasmiysi Sergey Cherevatiy Andriyivka ozod etilishi ukrain kuchlarining taktik vaziyatini yaxshilashi hamda Baxmutni qurshab olishga yoki u yerdan Rossiya armiyasini siqib chiqarishga imkon berishini aytgandi.

«Andriyivka yoki Baxmut atrofidagi boshqa istalgan aholi yashash punktining egallanishi Baxmutni qurshab olish yoki dushmanni chekintirish amaliyotini yakunlashga imkon beradi», — degandi Cherevatiy.

Andriyivka, Kleshchiyevka va Kurdyumovka (Andriyivkadan janubroqdagi yana bir aholi yashash manzili) Baxmutni o‘rab olish uchun muhim ahamiyatga ega ekani aytiladi.

Ammo, OSINT-loyihasi ukrain harbiylari Baxmutga janubdan keluvchi yo‘lni muvaffaqiyat bilan kesib qo‘ygan taqdirda ham (Andriyivka va Kleshchiyevka hududida), shaharga shimoldan ta’minot yetkazish davom etishi mumkinligini qayd etishgandi. «OAV „Baxmut qurshalishi“ haqida sarlavhalar yozmoqda. Ammo bunga hali uzoq», — deya yozgandi mualliflar.

Shu yil iyulida Ukraina QK sharqiy guruhi qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Ukraina tomonining bu yo‘nalishdagi strategik maqsadi — Baxmutni qurshab olish ekanini aytgandi. U Ukraina qo‘shini bu vazifani uddalay olishini bildirgandi.

Ukraina Baxmutni 2023 yil may oyida, yarim yil davom etgan qonli janglardan keyin boy bergandi.

Tahlil: Kleshchiyevka «Baxmut kaliti» sifatida

BBC Ukraina xizmati muxbiri Oleg Chernish:

Ukrainalik harbiylar Baxmutdan janubdagi Kleshchiyevka qishlog‘i ozod etilganini xabar qilmoqda. Shu kunlarda bunday xabarlar shu hududda jang qilayotgan bo‘linmalarga tayanilgan holda ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘la boshlagandi.

Kleshchiyevka — bir vaqtlar Baxmutning shinamgina chekka qismi bo‘lgan, urushga qadar bu yerda yarim ming atrofida odam yashagan — qariyb bir yil oldin harbiy harakatlar markazida qolgandi.

Rossiya kuchlari, asosan «Vagner» XHK otryadlari 2022 yil noyabrida ushbu aholi yashash manzili yo‘nalishida faol shturm harakatlarini boshlagan, 2023 yil yanvarida esa uni egallab olgandi. Rossiyaliklar yanada oldinga yurish va Baxmutdagi ukrain garnizonining so‘nggi logistik arteriyasi — shaharni Konstantinovka bilan bog‘lovchi «hayot trassasi»ni ham nazorat ostiga olishni rejalashtirgandi.

Ammo buning aksi bo‘ldi. May oyidan ukrain harbiylari Baxmut qanotlarida, birinchi navbatda Kleshchiyevka yo‘nalishida qarshi hujumga o‘tdi. O‘sha vaqtda qishloq RF qo‘shinlarining kuchli istehkomiga aylantirilgandi.

Ukraina qurolli kuchlari tezda maqsadga yetganida Baxmutdagi Rossiya garnizoni «sichqon tuzog‘i»da qolgan bo‘lardi. «Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojin o‘shanda muntazam ravishda Rossiya qo‘shinlarini yollanma jangchilar yarim yil mobaynida ko‘p qon to‘kib egallagan pozitsiyalarni osonlik bilan tashlab ketayotganlikda ayblagandi.

Rossiya kuchlari yana qariyb to‘rt oy Kleshchiyevkani ushlab turdi. Ukrain harbiylari, birinchi navbatda 3-shturm brigadasi jangchilari asta-sekinlik bilan shimol va janubdan qishloqqa yaqinlashib kelib, raqib kuchlarini tobora sharqqa surilishga majbur qildi.

Sentyabr oyi o‘rtalariga kelib Kleshchiyevka mudofaasi quladi: RF qo‘shini butunlay chekindi.

Bu qishloq nimasi bilan muhim? Kleshchiyevkaning chekkalarida baland tepaliklar mavjud bo‘lib, ular amalda nafaqat pastroqda joylashgan Baxmutning o‘zini, balki to‘rt kilometr sharqdan o‘tuvchi va okkupatsiya ostidagi Horlivkaga olib boruvchi avtoyo‘lni ham nazorat qilishga imkon beradi. Bu Rossiya garnizoni ta’minotidagi muhim yo‘l hisoblanadi.

Agar bu yo‘l to‘sib qo‘yilsa, Baxmutga faqat sharqdagi Popasnayadan keladigan yo‘l orqali ta’minot yetkazish mumkin bo‘ladi, shimoli-sharqdagi Lisichansk bilan bog‘lovchi yo‘l ham bor, ammo Ukraina qurolli kuchlari bu trassaga shimoldan yaqinlashib kelmoqda va bu yo‘ldan ta’minot olib o‘tish xavfli bo‘lib bormoqda.

Bundan tashqari, Kleshchiyevka atrofidan Horlivka va yanada janubga — Donetskka olib boruvchi temiryo‘l tarmog‘i o‘tgan. Hozirda o‘z pozitsiyalarini boy bergan rossiyaliklar aynan shu temiryo‘l ortiga o‘tib chekinishgan.

Ular bu chiziqni ushlab qola oladimi? Bunga ishonch yuqori emas.

Rossiyalik harbiy muxbirlar va harbiylashgan telegram-kanallar RF armiyasi uzoq vaqt davomida ushlab turgan Kleshchiyevka boy berilganini tan olishmoqda. Ammo ular ukrain harbiylariga yanada sharqqa yurish uchun kuch yetmasligidan umid qilishmoqda.

Bu haqiqatan ham shundaymi yoki yo‘q — buni yaqin haftalarda ro‘y beradigan voqealar ko‘rsatadi. Ukrain harbiylari muvaffaqiyatni mustahkamlash uchun Kleshchiyevka va Andiriyivkani egallash bilan to‘xtamasligi va Baxmutni to‘liq qurshab olish uchun sharqqa harakatlanishda davom etishi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid