Jahon | 14:22 / 20.09.2023
16656
14 daqiqa o‘qiladi

«Nihoyatda kuchli eskalatsiya»: ekspertlar Qorabog‘dagi holat va uning kelajagi haqida

Qorabog‘ hududida avvalgi jangovar harakatlar to‘lqini yakunlanganiga uch yilcha bo‘lyapti. Yangi to‘qnashuvlar nega boshlandi va u nima bilan tugashi mumkin? BBC ekspertlarga shu savolni berdi.

Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘lovchi Lochin yo‘lagidagi to‘siq. Foto: AFP

2020 yilgi 44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra Ozarboyjon Qorabog‘ning bir qismi va unga yondosh tumanlarni qaytarib olgan edi. Qorabog‘ga Ozarboyjon, Armaniston va Rossiya rahbarlarining kelishuviga ko‘ra rossiyalik tinchlikparvar kuchlar kiritilgandi. Ular armanlar istiqomat qiladigan hududni nazorat qilib, ularning xavfsizligini ta’minlashi ko‘zda tutilgan.

Armaniston Bokuning deyarli barcha talablariga rozi bo‘lgan, evaziga Qorabog‘da istiqomat qiluvchi armanlarning xavfsizligiga kafolat va Xonkandi bilan to‘laqonli muzokaralar talab qilgan. Qorabog‘ning o‘zida esa bir necha oydirki humanitar krizis davom etmoqda — 2020 yil dekabridan buyon hududni Armaniston bilan bog‘lovchi Lochin yo‘lagi to‘sib qo‘yilgan.

Qorabog‘da nimalar bo‘lyapti?

«Jangovar harakatlarning boshlanishiga o‘tgan oqshom mina portlashi natijasida olti nafar ozarboyjonlik harbiylar halok bo‘lgani bevosita sabab bo‘lgan. Biroq, janglar boshlanishi uchun qulay fon Ozarboyjon tomonining armanlar o‘t ochish rejimini buzayotgani, arman kuchlari tomonidan yangi pozitsiyalarda xandaqlar qazilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar bilan boyitib turildi», — deb yozadi Janubiy Kavkazdagi mojarolar bo‘yicha tadqiqotchi Lorens Broyers.

Armanlar pozitsiyasi yo‘q qilinishi. Foto: Ozarboyjon qurolli kuchlari / Getty Images

«Qorabog‘ni tobora «kulrang zona» deb atayotgan, u yerda qurollangan guruhlar mavjudligiga toqat qilib bo‘lmasligini ta’kidlayotgan, bu yerdagi ayirmachilarning barcha tuzilmalarini tarqatib yuborishga chorlayotgan Ozarboyjonning ritorikasi uning motivlari to‘g‘risida aniq belgi berib turgan edi», — deb yozgan Broyers X (sobiq Twitter) tarmog‘ida va seshanba kuni boshlangan jangovar harakatlardan so‘ng postlar seriyasini e’lon qilgan.

U so‘nggi bir necha hafta ichida Qorabog‘ yaqinida Ozarboyjon qo‘shinlari to‘planayotgani haqidagi xabarlar keng tarqalganini qayd etgan. Shuningdek, Isroildan Ozarboyjonga yangi qurol-yarog‘lar partiyasi jo‘natilgan va bu ham harbiy harakatlarga tayyorgarlik ko‘rilayotganidan nishona bo‘lgan.

Ozarboyjon, aftidan, bu operatsiyani qish kelguncha yakunlashga qaror qilgan, chunki qor yog‘ishi bilan tog‘larda harbiy harakatlar olib borish qiyinlashadi. Boz ustiga, Qorabog‘ atrofidagi vaziyat tinchlikparvar kuchlar mavjudligiga tayanardi, biroq Rossiya Ukrainaga hujum qilishi hamono ularning muloqot o‘rnatishdagi roli yo‘qqa chiqdi.

«Bugun armanlar va ozarboyjonlar har ikki xalq o‘zi uchun yaratib olgan turlicha parallel realliklarda yashashmoqda. Armanlarning realligida Ozarboyjon va Turkiya arman halqiga nisbatan yangi genotsid uyushtirmoqchi va shu sababli «munosib javob qaytarish kerak». Ozarboyjonliklar esa 30 yillik xo‘rlanishlardan so‘ng «adolatli qasos» fursati yetib kelgan, deb hisoblaydi. Har ikki reallikda ikkinchi tomonning og‘riqlari va orzulariga o‘rin qoldirilmagan. Etnik tozalashlar aynan shunday boshlanadi», — deydi BBC muharriri Famil Ismoilov.

Bu Ozarboyjonning «yakuniy sapchishi» bo‘la oladimi?

Yerevandagi Kavkaz instituti direktori Aleksandr Iskandaryan BBC bilan suhbatda eskalatsiya nima bilan tugashi to‘g‘risida xulosa qilishga hali tayyor emasligini aytdi.

«Qorabog‘ning havo hujumiga qarshi imkoniyatlarini yo‘q qilish va o‘chirishga bo‘lgan urinishlar bu juda keskin eskalatsiya ekanidan dalolat berib turibdi. Keyinchalik yo‘lak ochilishi, odamlarga Qorabog‘ni tark etish imkoni yaratilishi ham mumkin. Bu qanchalik imkonli va real ekanini aytish qiyin, lekin bu eskalatsiya plankasining juda yuqoriga ko‘tarilishidir», — degan Iskandaryan.

Qorabog‘ manzaralari. Foto: turbinatravels.com

Joylardan kelayotgan videokadrlar va xabarlarga ko‘ra, Ozarboyjon armiyasi chindan ham jangovar harakatlarning dastlabki bosqichida yer usti operatsiyalariga emas, dushmanning havo hujumidan mudofaa tizimlarini yo‘q qilishga qattiq e’tibor bermoqda, — deydi BBC harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev.

Zarbalar birinchi navbatda zenit-raketa majmualariga — radiolokatorlar, uchirish qurilmalari, shuningdek, radioelektron kurash tizimlariga berilmoqda. Bu vazifani amalga oshirish uchun Bokuda ulkan arsenal bor.

Arman kuchlarining sovetlar davrida ishlab chiqarilgan eski HHM tizimlarini ishdan chiqarish Ozarboyjon uchun havoda to‘liq ustunlikni qo‘lga kiritishni anglatadi. Bu holatda keyingi bosqichda aviatsiya qiyinchiliksiz dushmanning barcha harbiy infratuzilmasini vayron qilib, uni ilojsiz vaziyatga solib qo‘yadi. Yakuniy bosqichda yer usti operatsiyasi o‘tkaziladi va uning natijasi oldindan ma’lum bo‘ladi.

Armanlarning Qorabog‘da ihotalangani, Ozarboyjonning harbiy tashabbusi yuqoriligi inobatga olinsa, bu bosqichlarning barchasi tez-tez yakunlanishi mumkin. Gap Ozarboyjon rahbariyati joriy harbiy operatsiyada qanday rejalarni ko‘zlaganida.

«Agar quruqlikdan operatsiya o‘tkazilib o‘rmonlar va tog‘lardan iborat massivni to‘liq tozalash maqsad qilingan bo‘lsa — bu uzoq davom etadi. Biroq Qorabog‘da mavjud bo‘lib turgan qurollangan noqonuniy guruhlar qurollarini tushirib, Kelbajar va Ag‘damdan chiqqani kabi Ozarboyjon hududini tark etadigan bo‘lsa, keyinchalik Qorabog‘dagi arman jamoatchiligining yetakchilari bilan integratsiya, fuqarolikni tan olish va h.k. muzokaralar yo‘lga qo‘yiladi», — deb hisoblaydi harbiy ekspert Ozod Isozoda.

Rossiya tinchlikparvar kuchlari nima qiladi?

Rossiya tinchlikparvar kuchlari Qorabog‘da 2020 yil noyabrida — Aliyev, Putin va Pashinyan Ikkinchi Qorabog‘ urushiga nuqta qo‘ygan bayonotni imzolashganidan so‘ng joylashtirilgan.

Aynan o‘sha bayonotda Rossiya tinchlikparvar kontingenti «o‘t ochishni to‘xtatish ustidan nazorat qilish» uchun joylashtirilishi qayd etilgan va barcha tomonlar bu shartga rozi bo‘lgan.

Rossiya tinchlikparvar kuchlari. Foto: interfax.ru

Mana, o‘t ochilmoqda. Nega tinchlikparvar kuchlar jim turishibdi?

Kremldagilar harbiylar «arman va ozarboyjon tomoni bilan kontaktda» ekanini ta’kidlashmoqda. Davlat dumasining mudofaa qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolov esa toki tinchlikparvarlarga tahdid yo‘q ekan, ular quroldan foydalanishga haqli emasligini ta’kidladi.

Aslida ham shundaymi?

Shu yil fevral oyida «Radio Azatutyun» (RFE/RL’ning arman tilida chiqadigan bo‘limi) «Qorabog‘ mojarosi hududida tinchlikparvar operatsiyalar o‘tkazishga mandat to‘g‘risida»gi rasmiy so‘roviga Armaniston va Rossiya mudofaa vazirlari imzo qo‘ygan javobni olgan. Unda fuqarolardan iborat aholining hayoti va salomatligiga tahdid yuzaga kelganida tinchlikparvar kuchlar qurol ishlatishga haqli ekani qayd etilgan.

Muammo shundaki, Ozarboyjon bu hujjat ostiga imzo qo‘ymagan. Biroq Pashinyan hujjat uchtomonlama bayonotning davomi ekaniga, shu sababli Bokuning imzosisiz ham amal qilishisha ishontirmoqchi bo‘lgan, biroq yuridik jihatdan olib qaralsa bunday deb bo‘lmaydi.

Rossiyalik tinchlikparvar kuchlarda «tinchlikka majburlash», ya’ni kuch ishlatishga izn beruvchi BMT mandati ham yo‘q. To‘g‘ri, Rossiya TIV bu mandat aslida shart ham emasligi, Boku va Yerevan tinchlikparvar kuchlarning «ish yuritish usuliga rozi» ekanini qayd etishgan.

19 sentabr kuni kechga yaqin Rossiya mudofaa vazirligi nihoyat bayonot bilan chiqdi. Vazirlik versiyasiga ko‘ra, rossiyalik tinchlikparvar kuchlar «o‘t ochish rejimini to‘xtatishga amal qilmaslikning ko‘plab faktlarini qayd etishgan» va «kun bo‘yi vaziyatni monitoring qilishmoqda».

Tinchlikparvar kuchlar yana tinch aholini evakuatsiya qilish bilan ham shug‘ullanmoqda. Armanistonning sobiq ombudsmani Arman Tatoyan bu xabarni tasdiqlab, qo‘shimcha qildi: «fuqarolik shaxslari, jumladan bolalar rossiyalik tinchlikparvar kuchlar tomonidan chegaraoldi hududlaridan Qorabog‘ hududining ichkarisiga evakuatsiya qilinmoqda».

Tinchlikparvar kuchlar orasida yaradorlar va o‘lganlar haqida xabar chiqmayapti. Tadqiqotchi Lorens Broyersning hisoblashicha, rossiyaliklar orasida yo‘qotishlar yo‘qligiga sabab – ularni «ogohlantirishgan».

Sulh muzokaralari nima bo‘lyapti?

Seshanba kuni kechqurun Ozarboyjon Qorabog‘dagi arman aholisi vakillari bilan Yevlax shahrida ba’zi bir qator shartlar bajarilganidan so‘ng uchrashishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

«Aksilterrorchilik operatsiyasi tugatilishi uchun qurollangan noqonuniy arman bo‘linmalari oq bayroqni ko‘tarib, barcha qurol-yarog‘larni topshirib, Qorabog‘dagi noqonuniy rejim esa o‘zini o‘zi tarqatishi kerak», — deyishgan Aliyev ma’muriyatidagilar.

Ozarboyjon va Turkiya prezidentlari shu yil iyun oyi so‘ngida Shushada uchrashishgan va ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida deklaratsiya imzolashgan edi. Foto: RIA Novosti

Aks holda «aksilterrorchilik choralari» «oxirigacha» o‘tkaziladi, deyilgan bayonotda.

Armaniston sobiq ombudsmani Tatoyan Boku tomonidan ilgari surilgan shartlarni «barcha narsani yo‘qotish» deb atagan.

«Agar qandaylir institutsional asosga ega bo‘lgan barcha organlar tarqatib yuborilsa, tashkiliy funksiyaga ega bo‘lgan qandaydir zarra ham qolmaydi. Bu esa funksiyalar to‘liq Ozarboyjonga o‘tishini bildiradi. Ozarboyjon u yerda nimaiki mavjud bo‘lsa hammasini boshqaradi. Bu — fojia degani.

Men ulkan repressiyalar boshlanishidan qo‘rqaman. Mohiyatan bu Ozarboyjon uchun Qorabog‘ hududiga bemalol kirib kelishni anglatadi, u yerda esa o‘n minglab odamlar yashashadi... Ozarboyjon tinmasdan yon berishni talab qilib kelmoqda. Qorabog‘dagi armanlar esa: avval jangovar harakatlarni to‘xtatib, muzokaralar stoliga o‘tiraylik va shartlaringizni muhokama qilaylik, deyishmoqda», — degan Tatoyan.

2020 yilgi Qorabog‘ urishidan so‘ng Yerevan va Boku sulh shartnomasini imzolash haqida gapirib qolishgandi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va ularning diplomatlari Moskvada, Bryusselda, Vashingtonda uchrashishdi. Ozarboyjon sulh shartnomasi imzolanishi uchun avvalroq Armanistonga besh punktdan iborat shartlarini taqdim etgandi: bu — chegaralarni o‘zaro tan olish, hududiy da’volarga ega bo‘lmaslik, harbiy kuch va kuch tahdidlarini qo‘llashdan voz kechish, chegaralarni demarkatsiya qilish va transport kommunikatsiyalarini ochish.

Arman tomoni hamma shartga rozi bo‘lgan. Pashinyan Qorabog‘ni Ozarboyjonning bir qismi deb tan olgan. Biroq arman tomoni ham o‘z shartini qo‘ymoqda — qorabog‘lik armanlarning xavfsizligiga kafolat berish va bu kafolatlarni ta’minlash uchun xalqaro mexanizmlarni yaratish.

«Ozarboyjon Xonkandi bilan yaxshi muzokara olib bora olmadi. Muloqot variantlari taqdim etildi, biroq ularning barchasi mojaroni avtoritar yechish irmog‘ida bo‘ldi, ya’ni Xonkandining obektivligi umuman hisobga olinmadi, ya’ni ularning mavjud davlatchilik an’analari, ularning o‘z hokimiyat tuzilmasi borligiga inkor etildi», — deydi sotsiolog Behro‘z Samadov.

Ekspert fikricha, Boku tan olinmagan respublikadan o‘zini o‘zi boshqaruv organlarini yo‘q qilishni talab qilmoqda. Lekin shunga qaramasdan, Ozarboyjon ularga aniq integratsiya siyosati taklif etmayapti, deydi Samedov.

«Integratsiya ularning tillarida, hech qanday integratsiya siyosati yoki armanlarni integratsiya qilish narrativi yo‘q. Armanlar dominant kollektiv xayolida «begona»ligicha qolmoqda va buni o‘zgartirish uchun hech qanday chora ko‘rilmagan», — deydi sotsiolog.

2020 yilgi urushgacha Qorabog‘da 120 ming arman millatiga mansub aholi yashagan. Ayni paytda qancha arman yashayotgani — noma’lum.

Armanlar (ayniqsa Qorabog‘da yashaydiganlari) va ozarboyjonlar o‘rtasida o‘ttiz yil ichida siyosat va jarohatlovchi tajribaga asoslangan o‘zaro ishonchsizlik shakllangan. Armanlar Sumgaitni eslashadi, ozarboyjonlar Xo‘jalini: mojaro avjiga chiqqan pallada bu joylarda tinch aholi vakillari o‘ldirilgan — armanlar ham, ozarboyjonlar ham.

SSSR parchalanganidan so‘ng ro‘y bergan boshqa mojarolarga solishtirilsa, bu yerda milliy omil juda kuchli. Tbilisida abxazlar jamoasi yashashadi, Abxaziyada esa gurjilar, Dnestrbo‘yida molodvanlar bor, Moldovada esa ruslar. Biroq, ozarboyjonlar endi Armanistonda yashashmaydi, armanlar esa Ozarboyjonda. O‘zini «mustaqil» deb e’lon qilgan va tan olinmagan TQRda ham ozarboyjonlar yo‘q.

Ekspertlar fikricha, bu va boshqa omillar tomonlar o‘rtasida ishonch pastligiga olib keladi hamda Boku, Yerevan va tan olinmagan TQR vakillari o‘rtasidagi muzokaralarni murakkablashtiradi.

Mavzuga oid