Jahon | 21:52 / 20.09.2023
17516
3 daqiqa o‘qiladi

Ramzon Qodirovning kanalida u “tirik va sog‘lom” ekani ma’lum qilindi

Checheniston rahbari Ramzon Qodirovning Telegram-kanalida u “tirik va sog‘lom” ekani aytilgan post e’lon qilindi. So‘nggi vaqtlarda OAVda uning jiddiy xasta ekani, hatto komaga tushgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar urchigandi.

Qodirov e’lon qilgan videodan kadr

“Yaratganga shukr, men tirikman va sog‘lomman. Va umuman tushunmayapman, nega men hatto kasal bo‘lib qolsam ham shov-shuv ko‘tarilishi kerak? Lekin buning o‘z plyusi ham bor – endi qaysi OAV va qaysi shaxslar o‘z o‘quvchilarini ochiqchasiga aldashini auditoriya bilib oldi”, – deya yozilgan postda.

Avvalroq matbuotda va Telegram-kanallarda Checheniston rahbari sog‘ligi yomonlashgani sabab Moskvadagi Markaziy klinik shifoxonaga olib borilgani haqida xabarlar tarqalgan, Kremlda bunga javoban Qodirovning “sog‘ligining holati haqida ma’lumotnoma bera olmasliklari”ni aytishgandi.

Qodirov 20 sentabr kungi postida haqiqatan ham shu shifoxonada bo‘lganini tasdiqladi, lekin boshqa maqsadda – u yerda davolangan bobosi Magomed Qodirovni ko‘rish uchun borganini bildirdi.

Postga ilova qilingan videoda Qodirov shifoxona palatasida bobosining yonida o‘tirgani ko‘rinadi. Videoda shifokor Checheniston rahbarining bobosi 2 haftadan buyon shifoxonada ekanini aytib, “Bugun 20 sentabr” deya ta’kidlaydi.

Ramzon Qodirovning sog‘ligi yomonlashgani haqidagi xabarlar sentabr oyi o‘rtalarida paydo bo‘ldi. Ayrim manbalar u koma holatida ekanini yozdi. Ukraina razvedkasi Qodirovda allaqanday kasallik zo‘raygani va u “og‘ir holatda” ekanini da’vo qildi. “Exo Moskvi” sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktov Checheniston rahbarida “tipik og‘ir buyrak yetishmovchiligi” kuzatilgani, shu sababli “tez-tez gemodializ olishiga zarurat borligi va bu, aftidan, Markaziy klinik shifoxonada bo‘layotgani”ni yozdi.

17 sentabr kuni Qodirovning Telegram-kanaliga u bog‘da sayr qilayotgani aks etgan video joylandi. “Internetda rostni yolg‘ondan ajrata olmaydigan hammaga toza havoda sayr qilib, o‘y-xayollarini tartibga keltirib olishni juda ham maslahat beraman. Yomg‘ir yaxshigina tetiklashtiradi”, – deya yozilgandi video ostiga. Rolik qachon va qayerda yozib olingani ma’lum emas.

Mavzuga oid