AQSh senatori Menendes «yuz minglab dollar pora olganlikda» ayblandi
AQSh Senatining tashqi aloqalar qo‘mitasi rahbari Robert Menendes «yuz minglab dollar» miqdorida pora olganlikda ayblandi.

Foto: Getty Images
Nyu-Jyersi shtatidan demokrat senator, Tashqi aloqalar qo‘mitasi rahbari Robert Menendes korrupsiyada ayblanmoqda. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Menendes o‘z mansab mavqeidan mamlakat ichkarisida va xorijdagi qator korrupsion sxemalarda foydalanganlikda ayblangan. Ayblovlardan birida senator AQSh hukumatining maxfiy ma’lumotlarini Misr rahbariyatiga yetkazgani aytiladi.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, senator va uning rafiqasi Nadin Menendes naqd pul, oltin quymalari, ipoteka to‘lovlari va «hashamatli mashina» ko‘rinishida «yuz minglab dollar» miqdorida pora olgan.
2022 yilda senatorning Nyu-Jyersidagi uyida tintuv o‘tkazgan tergovchilar 480 ming dollar naqd pul, shuningdek, qiymati 100 ming dollardan ortiq bo‘lgan oltin quymalarni topgan edi.
Advokat Nadin Menendes o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni inkor qilmoqda. Robert Menendes vakillari ayblovlarga izoh bermadi.
CNN telekanalining ta’kidlashicha, endi senator Tashqi ishlar qo‘mitasi rahbari lavozimini tark etishga majbur bo‘ladi.
Robert Menendes birinchi marta korrupsiyada ayblanayotgani yo‘q. 2015 yilda u o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, do‘sti, oftalmolog Salomon Melgenga yordam berganlikda ayblangan. Menendes hakamlar hay’ati oldida sudlangan, biroq ular ayblovlarning hech biri bo‘yicha hukm chiqara olmagan. Natijada senator oqlangan. Keyinroq Adliya vazirligi unga qo‘yilgan qolgan ayblovlarni olib tashlagan edi.
Menendes ko‘p yillar davomida Rossiya rasmiylari harakatlarini qattiq tanqid qilib kelgan va bu borada bir necha bor taqiqlovchi choralarni taklif qilgan. 2014 yilda Rossiya hukumati Menendesni sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shgan edi.
Mavzuga oid

12:18
Eron AQSh ishtirokida uranni boyitish bo‘yicha konsorsium tuzishni taklif qildi

11:45
Tramp Qatarda nima qildi: milliardlik bitimlar, hashamat va AQSh prezidenti oilasining shaxsiy manfaatlari

08:59
Fuqaroni 30 ming dollar evaziga AQShga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi

01:09