O‘zbekiston | 19:18 / 22.09.2023
42151
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Chust tumanidagi holat yuzasidan munosabat bildirdi

Shavkat Mirziyoyev bolalar sog‘lig‘i bilan bog‘liq noxush holatdan qattiq xavotir bildirib, ular tez fursatda sog‘ayib ketishini tilagan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Chust tumanida o‘nlab bolalarda zaharlanish qayd etilishi bilan bog‘liq holat yuzasidan munosabat bildirdi.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining Chust tumanida yuz bergan bolalar sog‘lig‘i bilan bog‘liq noxush holatdan qattiq tashvishda, ular tez fursatda sog‘ayib ketishini tilaydi.

Davlat rahbari bu boradagi vaziyat to‘g‘risida axborotni muntazam olib bormoqda. Viloyat hokimi va mas’ullarga masalani alohida nazoratga olish, sabablarini aniqlash va tegishli takliflar kiritish bo‘yicha topshiriqlar berilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

21 sentabr kuni Namangan viloyati Chust tumanidagi bog‘chaning ayrim tarbiyalanuvchilari orasida tana harorati ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatilgani xabar berilgan edi. Jami 71 nafar bolaning sog‘lig‘idan shikoyatlar qayd etilgan va ular tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.

22 sentabr kuni bunday holatlar boshqa tumanlar va Andijon viloyatida ham kuzatilayotgani to‘g‘risida xabarlar kela boshladi. Kun oxiriga kelib Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar salomatligi yomonlashishiga sabab qilib ko‘rsatilayotgan kaliy yod preparati iste’molini laboratoriya xulosalari chiqqunga qadar zudlik bilan vaqtincha to‘xtatib turish haqida topshiriq berdi. 

Mavzuga oid