O‘zbekiston | 22:03 / 28.09.2023
130538
3 daqiqa o‘qiladi

Sergelida portlagan omborxona kimga tegishli?

«Interlogistics» qo‘shma korxonasiga qarashli «United Cargo Center» majmuasi 2017 yilda ishga tushirilgan. Kompaniyaga bevosita va shu’ba korxonalari orqali Dubayda ro‘yxatdan o‘tgan «Integra benefit investmens» egalik qiladi.

Foto: United Cargo Centre

Bugun, 28 sentabr kuni Toshkent shahri Sergeli tumanidagi omborxonada kuchli portlash oqibatida yirik yong‘in ro‘y berdi. «Quruvchilar» dahasida joylashgan mazkur bino «Interlogistics» kompaniyasining bojxona ombori bo‘lgan.

Spot’ning yuridik shaxslar yagona reyestridagi ma’lumotlarga tayanib yozishicha, «Interlogistics» 2016 yil 11 avgustda ro‘yxatga olingan. Kompaniya noturar joy binolarini ijaraga berish va boshqarish bilan shug‘ullanadi. Ustav kapitali – 48,9 mlrd so‘m. Ta’sischilari – «Integra benefit investmens» (78,9 foiz) va «Benif» LTD MChJ QK (21,1 foiz).

Flagma.uz saytida «Interlogistics» kompaniyasi 2017 yilda ish boshlagani aytiladi. Uning Xonobod ko‘chasi, 3-binoda joylashgan obektiga «United Cargo Center» nomi berilgan. Logistika markazi tez buziladigan tovarlardan tortib to yirik hajmgacha bo‘lgan tovarlarni qabul qilish, saqlash, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish va jo‘natish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi. Korxona boshqaruvchisi – Farida Salixova.

«Interlogistics» rahbari sifatida Saitdinov Firdavs Faxridinovich ko‘rsatilgan. Facebook sahifasida shu nomdagi profil egasi 2005 yilda Toshkent shahridagi 18-maktabni tamomlagani qayd etilgan. Shundan so‘ng Toshkent moliya instituti bakalavriatini, 2020 yilda esa Toshkent davlat yuridik universitetida magistr darajasini olgan.

Ta’sischilardan biri «Integra benefit investmens» Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan. Ikkinchisi – «Benif» LTD 1995 yilning 18 sentabr kuni ro‘yxatga olingan. Ulushdorlari – «Integra benefit investmens» (80,7 foiz) va «Madad-Tijorat» MChJ (19,3 foiz). Rahbari – Payziyev Rustam Abdushukurovich. Ustav fondi – 3,7 mln dollar. Kompaniya noturar joyni ijaraga berish va boshqarish bilan ham shug‘ullanadi.

«Madad-Tijorat» MChJ – 2000 yil 8 fevralda tashkil etilgan. Ustav fondi – 4,8 mln so‘m. Rahbari – Mirzaxmedov Xotam Sharipovich. Ta’sischilari – Irgashev Baxtiyor Ilyasevich (50 foiz) va Irgasheva Shoira Shamshitdinovna. Metall konstruksiyalar va buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Mavzuga oid