Jahon | 19:56 / 30.09.2023
8670
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy qurol ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro alyans tuzilganini e’lon qildi

Dunyoning yetakchi qurolsoz korxonalari Ukrainaga yordam berish uchun birlashadi.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Kiyevda DFNC1 birinchi xalqaro mudofaa forumi bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning yetakchi qurolsoz korxonalari ishtirok etdi. Forumda mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukrainaga yordam berish uchun birlashishga tayyor qurol ishlab chiqaruvchilarning yangi guruhi tashkil etilishini ma’lum qildi.

«Bugun biz Mudofaa sanoati alyansi tuzilganini e’lon qilamiz. Xalqaro huquqni qadrlaydigan va xalqaro huquq va xavfsizlikni haqiqiy himoya qilish uchun qanday ishlashni biladigan ittifoq. Men nafaqat Ukraina haqida, balki dunyodagi barcha xalqlarning agressiyaga qarshi xavfsizligi haqida gapiryapman», dedi u forumda.

Zelenskiy shuningdek, Kiyev Ukrainada qurol ishlab chiqarishga qaror qilgan kompaniyalarga «maxsus shartlar» taklif etishga tayyorligini bildirdi. U, shuningdek, musodara qilingan Rossiya aktivlarini sotish orqali to‘ldiriladigan maxsus jamg‘arma tashkil etilishini e’lon qildi.

«Biz qo‘shma korxonalar va xizmat ko‘rsatish markazlarini yaratmoqdamiz, bu Ukraina mudofaa-sanoat kompleksini hamkor mamlakatlarning mudofaa-sanoat muhitiga bosqichma-bosqich integratsiyalashga yordam beradi», deb tushuntirdi Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal.

Shu bilan birga, harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash, harbiy infratuzilmani va yangi texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus jamg‘arma tashkil etish ham rejalashtirilgan. Moliyalashtirish davlat mudofaa korxonalari dividendlari, shuningdek, musodara qilingan Rossiya aktivlarini sotishdan olinadigan foyda hisobidan amalga oshiriladi, deyiladi Ukraina TIV bayonotida.

Forumda Yevropa, Amerika, Osiyo va Avstraliyaning 30 dan ortiq davlatidan 252 ta mudofaa sanoati korxonalari vakillari ishtirok etdi. Alyansga allaqachon 19 mamlakatdan 38 ta kompaniya qo‘shilgani aytilmoqda.

Mavzuga oid