Jahon | 20:36 / 01.10.2023
19259
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya mudofaa vazirligi: Rossiya yana bir necha yillik urushga tayyorlanmoqda

Britaniya harbiy razvedkasi Ukrainadagi urush bo‘yicha har kungi sharhida RF hukumati «Ukrainada yana bir necha yil davom etuvchi janglarga tayyorlanayotgani» haqida qayd etgan.

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi RFning 2024 yil uchun budjet loyihasiga asoslanib shunday xulosaga kelgan, oldinroq Bloomberg agentligi mazkur loyiha bilan tanishgandi. U, xususan, 2024 yilda budjetning mudofaa uchun xarajatlari hozirgi YaIMning 3,9 foizidan 6 foizgacha oshib, 6,4 trillion rubldan 10,8 trillion rublga yetkazilishini ko‘zda tutadi.

Sharh mualliflari hisoblashicha, katta ehtimol bilan, Rossiya 2024 yil davomida mudofaa xarajatlarini bunday miqyosga yetkazishi mumkin, ammo faqat iqtisodiyotning boshqa sektorlari hisobiga. 

Britaniya harbiy razvedkasi qayd etishicha, Rossiya mudofaa xarajatlari haqidagi to‘liq ma’lumotlar hamisha maxfiylashtirilgan bo‘lsa-da, oshkor etilgan ma’lumotlar Rossiya yana bir necha yil davom etadigan urushga tayyorlanayotgani haqida gapirishga imkon beradi.

  • RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu sentabr oyi oxirida, uning baholariga ko‘ra, Ukrainadagi harbiy harakatlar 2025 yilda ham davom etishi haqida aytgandi.
  • RF mudofaa vazirligi rahbari Anton Siluanov esa sentabr oyi oxirida budjetda mudofaa xarajatlari ulushi ortgani va ularga asosiy ustuvorlik berilayotganini tan olgandi. Shu bilan birga, Siluanov boshqa moddalar bo‘yicha xarajatlar ham qisqarmayotgani, balki o‘sib borayotganiga ishontirgandi. Siluanov hech qanday raqamlar keltirishni joiz topmagandi.
  • Bloomberg agentligining RF budjeti loyihasidagi harbiy xarajatlar to‘g‘risidagi maqolasi 22 sentabr kuni chiqqandi. Uning asosida Rossiyadagi boshqa nashrlar qatori «Kommersant» gazetasi ham xabar yozgandi, ammo xabar ko‘p o‘tmay «tahririyat qarori» bilan o‘chirib yuborilgandi.

Mavzuga oid