Jahon | 19:03 / 02.10.2023
18282
13 daqiqa o‘qiladi

Tokmak uchun jang. Ukraina bu yilgi qarshi hujumining asosiy maqsadiga erisha oladimi?

Ukraina rahbariyatidagi manbalarga ko‘ra, Zaporijjya oblastidagi Tokmak shahri hozirda mamlakat qurolli kuchlari yurishidagi asosiy maqsad hisoblanadi. Uni shu yil egallashga katta umid qilinmoqda.

Foto: Getty Images

«Tokmak — minimum maqsad», — dedi o‘tgan oy oxirida CNN uchun bergan intervyusida ukrainalik general, «Tavriya» operativ-strategik qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni Oleksandr Tarnavskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maksimum maqsad — Ukrainaning 1991 yilgi chegaralariga chiqish hisoblanadi.

Ukrainalik yuqori martabali harbiy mulozimlar qarshi hujum boshlanishidan oldinroq 1991 yilgi chegaralarga qaytishni qarshi hujumning asosiy va erishish mumkin bo‘lgan maqsadi deb atashgandi. Ukraina razvedkasi rahbari Kirill Budanov ukrain harbiylari hatto 2023 yil bahoridayoq Qrimga kirishi mumkinligini prognoz qilgandi.

Keyinchalik ukrainlar o‘z yurishidan kutilmalarini o‘zgartirishga majbur bo‘lishdi. Jumladan, yoz-kuz kampaniyasi yakunigacha Rossiya armiyasining quruqlik yo‘lagini uzib qo‘yish uchun Azov dengizi sohillariga yetib borish yaxshi yutuq bo‘lishini aytishdi. Ammo keyingi oylarda bu kichikroq maqsadga erishilishi ham dargumon.

Ukraina hukumati yurish amaliyoti rejalashtirilganidek tezkor sur’atlarda ketmayotganini tan oladi.

Va, aftidan, endilikda Tokmakning ozod etilishi yurishning birinchi bosqichidagi maqsad deb hisoblanmoqda.

Bu shahar ozod etilishi yurish amaliyoti uchun qanchalik muhim, uni qanday ozod etish mumkin va nima uchun bu «minimum vazifa»ni uddalash ham juda qiyin bo‘lishi mumkin?

Oson bo‘lmagan vazifa

Avgust oyi oxirida ukrainlar Zaporijjya oblastining Rabotine posyolkasini ozod etgandi va 20 km masofadagi Tokmak tomon yurish boshlagandi

Ukraina qurolli kuchlari hatto bu «minimum»ga erishish uchun ham katta ishni bajarishi kerak. Hozirda ukrain jangchilari Tokmakdan 16-18 km masofada, rossiyaliklarning «Surovikin liniyasi» deb ataluvchi asosiy mudofaa chizig‘ini kesib o‘tishmoqda.

Covetlar harbiy terminologiyasiga ko‘ra «predpole» (asosiy mudofaa pozitsiyasidan oldinroqda mustahkamlangan uchastka) deb atalgan birinchi polosani ukrain armiyasi avgust oyi oxirida Robotine va Verbove qishloqlari orasida yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgandi.

Shu bilan birga, Ukraina harbiylari bir vaqtning o‘zida bir necha muammoni hal qilishiga to‘g‘ri keladi.

Birinchidan, ular rossiyaliklar mudofaasini Novoprokopivka janubi-sharqida va Verbovedan g‘arbda yorib o‘tib, Ocheretovate yo‘nalishida harakatlanishda davom etishi kerak. Shuningdek, raqib mudofaasiga kirib borayotgan «xanjar»ni kengaytirish va qanotlar xavfsizligini ta’minlash ham muhim.

BBC’ning Ukraina harbiy rahbariyatidagi manbasiga ko‘ra, hozirda ushbu yorib kirishning oldingi qismini kengaytirish uchun sa’y-harakat qilinmoqda. Hozirda o‘ziga xos bu «xanjar» eni eng keng joyda taxminan 10 kilometrga yetadi, eng tor joyda esa 4-5 km.

Aslida, agar qanotlar xavfsiz qilinmasa, Rossiya qo‘shini kuch to‘plab, ukrainlarning oldingi qatordagi bo‘linmalarini qurshab olishga harakat qiladi. Rossiya desantchilari allaqachon bunday harakatlarni boshlagan, lekin o‘tgan haftalarda Kopani va Verbove qishloqlari hududlarida bunday urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Tokmakka qadar so‘nggi 15 km ukrain armiyasining bu yildagi yurishining «eng og‘ir» qismi bo‘lishi mumkin, deb prognoz qiladi nashr manbasi.

Savdo yo‘llaridagi qal’a shahar

Keyingi yilning 20 sentabrida Tokmakka asos solinganining 240 yilligi nishonlanadi, lekin bu joy ming yillik tarixga ega. Tokmak o‘lkasi uzoq vaqt davomida Azovbo‘yidan shimoldagi dashtliklarda hukm surgan turli davlatchalarni ajratib turadigan chegarada joylashgandi.

1103 yilda Kiyev Rusi knyazi Volodimir Monomax va Svyatopolk Izyaslavovichning polovetslarning ko‘p ming kishilik qo‘shiniga qarshi mashhur jangi aynan shu yerda bo‘lib o‘tgandi. Polovetslar qaqshatqich mag‘lubiyatga uchratiladi. Bu chegaradagi xavfni aritadi va o‘sha davrdagi qadimgi rus davlatining qudratini sezilarli darajada mustahkamlaydi.

Keyin Tavr dashtlari ko‘p vaqt davomida Qrim xonligi tarkibida bo‘ladi, XVIII asr oxirida esa Rossiya Imperiyasiga qo‘shib olinadi.

Taxminan shu vaqtlarda Molochnaya daryosi quyi oqimi va uning irmog‘i Tokmachki bo‘ylariga Poltavadan ko‘chib kelganlar Tokmak shahriga asos solishadi. Uning nomi, katta ehtimol bilan mo‘g‘ul-tatar tillariga mansub. Tadqiqotchilar fikricha, bu so‘z «yanchilgan», «jang» yoki «janglar joyi» ma’nosini bildiradi, ammo, «to‘yingan» ma’nosini ham berishi mumkin.

Nima bo‘lganda ham keyingi asrlarda Tokmak harbiy to‘qnashuvlar joyi sifatida emas, balki mashhur Chumatskiy traktidagi muhim savdo markazi sifatida shuhrat qozonadi. Chumaklar (XVI–XIX asrlarda hozirgi Ukraina hududi va Rossiya janubida yashab, savdo va tashish bilan shug‘ullangan xalqlar) aynan Tokmak orqali Azov sohillaridan shimolga baliq va tuz tashishgan.

XX asr boshida Tokmakda katta temiryo‘l stansiyasi qurilgan va shahar Ukraina janubidagi muhim transport tuguni vazifasini bajara boshlagan. Temiryo‘l Tokmakni Zaporijjya, Qrim va Donetsk bilan bog‘lagan, avtomobil yo‘llari esa Melitopol, Berdyansk, Polog, Vasilivka va Orexivga eltgan.

2022 yil 24 fevralida Qrim tomondan kirib kelgan va Melitopolni egallagan Rossiya qo‘shini tezda Tokmakni ham okkupatsiya qilib, uni qal’a shaharga aylantirgani bejiz emas.

Sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarda shaharga olib boruvchi yo‘lda kuchli mudofaa istehkomlari, xususan «ajdaho tishlari» deb ataluvchi tankka qarshi beton to‘siqlar o‘rnatilganini ko‘rish mumkin. Shaharning o‘zi tankka qarshi chuqurlar bilan o‘rab olingan.

Urushga qadar Tokmak shahri aholisi 30 ming kishi atrofida bo‘lgan. Bir yarim yildan buyon okkupatsiya ostida yashayotgan shaharda qancha odam qolgani — noma’lum. Tokmak meri Igor Kotelevskiy 2022 yil mayida sirli tarzda vafot etgan, u katta ehtimol bilan o‘z joniga qasd qilgan. U bosqin boshlanganida shaharda qolgandi, ammo Rossiya qo‘shinlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan.

Tokmakni qanday ozod etish mumkin?

«Ko‘cha janglaridan qochish, Tokmakni shturm qilib egallamaslik uchun, ular (Ukraina qurolli kuchlari) rossiyaliklar o‘zi shaharni tashlab ketishini ko‘zlagan holda aylanib o‘tish manyovrini qo‘llashni rejalashtirmoqda. Barchasi hozir u yerda bo‘lgan qo‘shinlarning chidamliligiga bog‘liq», — deydi BBC Ukraina xizmati bilan suhbatda harbiy tahlilchi va tarixchi Mixaylo Jiroxov.

U ukrain qo‘mondonligi shaharning qanotlariga o‘tib, Tokmak atrofidagi asosiy trassalarni, jumladan Pologi va Berdyansk olib boruvchi yo‘llarni kesib qo‘yish niyatida ekaniga e’tibor qaratgan.

Tahlilchining fikricha, agar Tokmakni rossiyalik safarbar qilingan harbiylar himoya qiladigan bo‘lsa, ular katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari shaharni yarim qurshov holatiga tushirayotganini anglagan zahoti o‘z pozitsiyalarini tark etadi.

Agar Tokmak mudofaasi Rossiya muntazam qo‘shini tomonidan amalga oshirilsa, shahar ostonasidagi janglar o‘ta og‘ir bo‘lishi mumkin.

«U yerda juda kuchli istehkomlar bor», — deya qayd etadi tahlilchi.

Hozirda Ukraina qurolli kuchlari Tokmak-Pologi yo‘li tomon Novoprokopivka va Verbove qishloqlari orasidan harakatlanmoqda. Yo‘lgacha 6-7 km masofa bor.

Ammo bu yo‘lda rossiyalik harbiylar nazoratidagi tepaliklar mavjudligi vaziyatni qiyinlashtiradi. Avstriyalik harbiy sharhlovchi Tom Kuperning qayd etishicha, ukrainlar ushbu tepaliklarni egallash uchun bir necha bor urinib ko‘rgan, ammo raqib qo‘shini tepaliklarni o‘z nazoratiga qaytargan.

Tokmak shahrining o‘zi undan 40 km janubi-g‘arbdagi strategik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Melitopol kabi pastlikda joylashgan.

Mixaylo Jiroxovning hisoblashicha, agar Ukraina qurolli kuchlari zaxira kuchlarni saqlab turolsa, ukrain bo‘linmalari Novoprokopivka va Verbove atrofida «Surovikin liniyasi»ni butunlay orda qoldirganidan keyin, zaxira kuchlar Tokmakni o‘rab olish uchun jangga kiritilishi mumkin.

Va bu yerda muhim savol o‘rtaga chiqadi — bunday zaxiralar mavjudmi va ularning miqdori qancha?

«Qancha zaxira borligi tushunarsiz. Agar Ukraina qurolli kuchlarida hali zaxirada uchta brigada bor bo‘lsa, unda shunday yutuqqa erishish mumkin. Ammo bu faqat bir yorib o‘tish uchun yetarli, afsuski, zaxiralarning bir qismi allaqachon yozgi janglarda holdan toygan», — deya prognoz qiladi Jiroxov.

Tokmak nimasi bilan bunchalik muhim?

Tokmak — Zaporijjya oblastining rossiyaliklar nazoratida qolayotgan yirik shaharlaridan biri. Melitopol (urushgacha 150 ming kishi yashagan) va Berdyansk (110 ming aholi) ham Rossiya qo‘shinlari tomonidan ishg‘ol etilgan, ammo ular front chizig‘idan uzoqda va hozirda ularni ozod etish haqida gapirishning mavridi emas.

Ammo Tokmak Rossiya qo‘shinlari uchun tranzit punkti va yirik transport tuguni bo‘lgani uchun ham muhim hisoblanadi. Uning ozod etilishi Melitopol tomon yo‘l ochadi.

Shuningdek, okkupatsiya ostidagi Qrimdan Rossiyaning Rostov shahriga boruvchi avtomagistral ham shu shahar orqali o‘tadi. Rossiyaliklar uchun muqobil yo‘nalish bo‘lgan Kerch bo‘g‘ozidagi ko‘prik vaqti-vaqti bilan ukrainlar tomonidan o‘qqa tutilishi bois, bu magistral mojaroning ikki tomoni uchun ham strategik ahamiyat kasb etgan.

Agar Ukraina qurolli kuchlari Tokmakni ozod etishga muvaffaq bo‘lsa, bu shubhasiz, joriy yilgi qarshi hujumning yutug‘i bo‘ladi, deydi Jiroxov.

«Tokmak — tugundagi stansiya, bu juda muhim strategik punkt», — deya qayd etadi u.

Donbassdan Azov sohillariga qadar quruqlik yo‘lagini butunlay uzib qo‘yish rejalariga kelsak, hozircha bu Ukraina uchun juda og‘ir vazifa, deb hisoblaydi «Axboriy qarshilik» guruhi harbiy sharhlovchisi Konstantin Mashovets.

«Shuning uchun (bu yo‘lakni) toraytirishga qaror qilindi. Bu esa belgilangan vazifalarni bajarish, masalan, Kerch ko‘prigi bo‘ylab tizimli zarbalar berish va Qrrimdan sohil bo‘ylab o‘tuvchi avtomagistralni (Jankoy — Rostov trassasi) olov nazoratiga olish imkonini beradi», — deydi ekspert Ukrainaning «5 kanal» efirida.

Mashovets shuningdek, Rossiya ma’lum tanaffusdan keyin ukrain harbiylari sentabr oyi oxirida Tokmak yo‘nalishidagi yurishni tiklashini kutmaganini qayd etgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari jangchilari raqibni Novoprokopivkaning shimoliy chekkalaridan va Verbovening g‘arbiy chekkalaridan surib chiqargan.

«Bu raqib uchun kutilmagan holat bo‘ldi, chunki ular Ukraina qurolli kuchlarining bu yerda harakatlangan operativ-taktik guruhi holda toyishiga umid qilgandi», deydi u.

Jang maydonidagi vaziyat esa bunday emasligini ko‘rsatmoqda va ukrain armiyasi Tokmak tomon yurishini davom ettirmoqda.

O‘z navbatida, Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilari hisobotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi ham bu hududga qo‘shimcha kuchlarini olib kelib joylashtirmoqda.

Mavzuga oid