07:49 / 03.10.2023
1845

Malayziya IT-kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda 

O‘zbekiston va Malayziyadagi startap tanlovlarida tomonlarning ishtirokini rag‘batlantirish ham mo‘ljallangan.

O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida IT Park Uzbekistan dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi va Malayziyaning texnologiya va innovatsiyalar bo‘yicha tadqiqot akseleratori (MRANTI) vakillari o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo".

Muzokaralarda O‘zbekiston va Malayziyadagi startap tanlovlarida tomonlarning ishtirokini rag‘batlantirish, IT Park Uzbekistan va MRANTI innovatsion texnoparki rezidentlari o‘rtasida hamkorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida o‘zaro ilg‘or tajribani almashish yuzasidan mushtarak qiziqish bildirildi.

Muzokaralar natijasida Malayziya IT-kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirishida amaliy ko‘mak ko‘rsatish va texnoparklar rezidentlari o‘rtasida B2B aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Joriy yil oktyabr oyida Malayziya Fan, texnologiya va innovatsiyalar vazirligi hamda MRANTI agentligi rahbariyatining IT Park Uzbekistan texnoparkiga va IT Park Uzbekistan delegatsiyasining MRANTI innovatsion texnoparkiga amaliy safarlarini amalga oshirish bo‘yicha rejalar ham belgilab olindi.

Mavzuga oid
Top