O‘zbekiston | 10:18 / 04.10.2023
4936
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat OTMlarining ayrimlarini ko‘mir va quyosh panellari bilan isitishga tayyorgarlik boshlandi

51 ta oliy ta’lim mumassasining tabiiy gazga mo‘ljallangan 91ta qozonxonalarida ko‘mirga mo‘ljallangan qo‘shimcha qozonlar o‘rnatiladi. Professional ta’lim muassasalariga 31,5 ming tonna ko‘mir xarid qilish uchun 13,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Foto: Kun.uz

Davlat oliy ta’lim muassasalarining kuz-qish oyiga tayyorgarligi qanday ketayotgani haqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi. Unga ko‘ra, respublikadagi 115ta davlat oliy ta’lim muassasalarida jami 1218 ta bino va inshoot bor. Kuz-qish mavsumida muammo chiqmasligi uchun ulardagi 5 821 metr isitish tarmoqlari ta’mirlangan.

Ma’lum qilinishicha, 31ta oliy ta’lim muassasasining markazlashgan issiqlik tizimiga ulangan 92ta talabalar turar joylarida va 51ta oliy ta’lim muassasasining tabiiy gazga mo‘ljallangan 91ta qozonxonalarida ko‘mir bilan ishlaydigan qo‘shimcha qozonlarni o‘rnatiladi.

Professional ta’lim muassasalariga esa 31,5 ming tonna ko‘mir xarid qilish uchun 13,2 mlrd so‘m mablag‘lar ajratilgan. Hozirgacha 31,7 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi xarid qilinib, tegishli professional ta’lim muassasalariga jo‘natilgan.

Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalarida ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 5,2 ming tonna qo‘shimcha ko‘mir yoqilg‘i zaxirasi yig‘ilgan.

Vazirlik ta’lim muassasalarida o‘rnatilayotgan quyosh panellari haqida ham ma’lumot berdi. 2023 yil oktyabr holatiga ko‘ra, 30ta akademik litseyda quyosh panellari o‘rnatilgan va yana 11ta akademik litseyga o‘rnatish ishlari davom etyapti.

Respublikadagi barcha davlat oliygohlarida yillik ehtiyojni to‘liq qoplash uchun joriy yilda 44,8 MVt quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha dastur tasdiqlangan. Hozir davlat oliygohlarida jami 50 MVt quyosh panellari o‘rnatilib, “Yashil energiya” axborot tizimiga to‘liq kiritilgan.

Shuningdek, davlat oliygohlari 24,5 mlrd so‘mlik 2,7 MVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish uchun shartnomalar qilgan. Ularga ko‘ra, obektlarga quyosh panellari o‘rnatish ishlari yakunlangandan so‘ng belgilangan reja 118 foizga (52,7 MVt) bajariladi va yiliga 105,5 mln KVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2023 yil boshida energetik kollaps tufayli gazni tejash maqsadida maktab, bog‘cha, shifoxona va zavodlarning ma’lum bir qismi ko‘mirda ishlashga moslashtirilishi bo‘yicha prezident qarori e’lon qilingan edi. Shundan keyin Kun.uz ko‘mirga o‘tishning ekotizimga ta’siriga oid xalqaro tahlillar haqida yozgandi.

Mavzuga oid