O‘zbekiston | 20:14 / 04.10.2023
11989
5 daqiqa o‘qiladi

To‘lov intizomi muammosi: Toshkentda suv ta’minoti xodimlariga tajovuz qilindi

“O‘zsuvta’minot” Toshkent shahrida suvdan qarzdorligi bor xonadon egalarining suv ta’minoti korxonasi xodimlarini haqoratlab, ularga tahdid qilayotgan tarsvirlarini e’lon qildi. Kompaniya xabariga ko‘ra, bu iste’molchilarning xatti-harakatlariga tegishli huquq-tartibot idoralari baho bermoqda.

Foto: Videodan kadr

Tasvirlardan ko‘rinib turibdiki, xonadonlar suv uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan, natijada anchagina qarz bo‘lib ketgan, bugungi kunda to‘lash malol kelyapti.

Bizningcha, bunday munosabatga sabab – suv ta’minoti korxonasi (gaz va elektr ham) xodimlari organ xodimi emas. Odamlar aynan shu sababli ularni nazar-pisand qilmasdan, bemalol haqorat qilish va urish mumkin, deb o‘ylashadi. Harqalay, bu kasb egalari urush va so‘kish hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatishdek og‘ir oqibat keltirib chiqaradigan MIB xodimi emas, ular bu qilmishi uchun jinoiy emas, ma’muriy javobgarlikka tortilishadi.

Elektr va gazdan farqli o‘laroq, suv hisoblagichlari onlayn boshqarish funksiyasiga ega emas. Gaz yoki elektrdagidek, puli oldindan to‘lanmagan bo‘lsa va qarzdorlik hosil bo‘lsa suv ta’minotini uzib ham bo‘lmaydi. Hattoki shunchaki borib, suv quvurini qo‘lda uzish ham oson emas: juda ko‘p joyda quvurlar yer ostidan tortilgan. Ko‘p qavatli uylarda ham suvdan uzish oson ish emas – quvurlar xonadonning ichidan o‘tgan, buni amalga oshirishga qarzdor xonadon egalari albatta yo‘l qo‘yishmaydi.

Ayni paytda suv ta’minoti uchun tariflar ko‘p joylarda oshirilgan: 1 metr kub suv uchun to‘lov miqdori turli hududlarda 1500–2000 so‘m atrofida. Oqova uchun ham joyiga qarab shu miqdorning 50–100 foizi qo‘shimcha hisoblanadi.

Albatta, suv uchun oyma-oy to‘lov amalga oshirilsa, bu oila budjetiga ta’sir ko‘rsatmaydi. 2-3 yildan buyon yig‘ilib yotgan qarzdorlikda hisoblagich ko‘rsatkichiga ko‘ra to‘plangan qarzdorlik bugungi kundagi aktual tarif narxlarida hisoblanadi. Chunki o‘tgan yillarda aynan qancha suv ishlatilganini aniqlashning imkoni yo‘q. Masalan, 3 yil avval suvning bir metr kubi 500 so‘m, bugun 1500 so‘m bo‘lsa, uch yil davomida ishlatilgan va puli to‘lanmagan suv hajmining barchasi 1500 so‘mdan hisoblanadi.

O‘z-o‘zidan, bu juda katta qarzdorlik summasi kelib chiqishiga sabab bo‘ladi va odamlarning to‘lagisi kelmaydi.

Bunday vaziyatda suv ta’minoti korxonasi abonentni sudga berishi va qarzdorlik summasini MIB orqali undirishdan boshqa iloji qolmaydi. MIB esa pulni qanday qilib undirishni biladi.

Bunday vaziyat yuzaga kelishiga korrupsion omillarning ham ta’siri bor. Odamlar millionlab qarz bo‘lsa ham “200-300 ming so‘m pora evaziga hisoblagich ko‘rsatkichini ortga qaytarib, qarzni yo‘q qilaman”, deb o‘ylaydi. Afsuski, suv ta’minoti korxonalarining shunday “xizmat” ko‘rsatuvchi xodimlari ham bor. Odamlar ham buni yaxshi bilishadi.

Qolaversa, ayrim joylarda suv ta’minoti xodimlariga suv uchun naqd to‘lov qilib, kvitansiya olmagan odamlar ham bor. O‘tgan 2-3 yil ichida inspektor o‘zgaradi, to‘lovlar kassaga kirim qilinmagan, qarzdorlik saqlanib, bugungi kun narxida yanada kattaroq summa ko‘rinishiga kelgan bo‘ladi. Bu ham ayrim iste’molchilarning e’tiroziga sabab bo‘ladi.

Xuddi mana shu korrupsion omil ayniqsa hovli joylarda turuvchilarning suvdan xo‘jasizlarcha foydalanishiga zamin yaratadi: ular mashina va gilam yuvishadi, yozda basseyn to‘ldirishadi, hovli va ko‘chalarga shilta qilib suv sepishadi. Ayrimlar esa gazon va daraxtlarni sug‘orishadi.

Albatta, suvni tejab ishlatish, uning uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish iste’molchilik madaniyati yuqori bo‘lgan insonlarga xos qadriyatga aylanishi lozim.

Hozir gaz va elektr ta’minotida qarzdorlarni avtomatik tarmoqdan uzish tizimi muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Suv hisoblagichlarining ham avtomatik hisob yurituvchi va ma’lumotlarni tizimga uzatuvchi zamonaviylari bor. Agar to‘lov intizomi shakllanmas ekan, xonadonlarga ana shunday hisoblagichlar o‘rnatishdan boshqa iloj qolmaydi.

Kommunal sohada tartib bo‘lishi shart. Qolaversa, o‘z xizmat vazifasini amalga oshirayotgan suv, gaz, elektr ta’minoti xodimlariga tajovuz uchun ham alohida og‘irroq jazo belgilash uchun fursat yetgan. Bular sirasiga xalq bilan ishlovchi va turli zo‘ravonliklarga duch kelayotgan o‘qituvchi va tibbiyot xodimlarini ham qo‘shish mumkin.

Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist

Mavzuga oid