O‘zbekiston | 21:37 / 06.10.2023
22472
4 daqiqa o‘qiladi

Putin va Mirziyoyev qo‘shma bayonot berdi

Rossiya va O‘zbekiston ikkitomonlama hamkorlikka yangi sur’at berishga qaror qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Moskvada bo‘lib o‘tgan Rossiya-O‘zbekiston muzokaralari yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonot ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo va sarmoyaviy, shuningdek, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka qo‘shimcha turtki beradi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin.

«Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonot siyosiy, savdo-investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda, xavfsizlik, jumladan, biologik va axborot xavfsizligi sohalarida qo‘shma tadbirlarga qo‘shimcha turtki berishga qaratilgan», dedi u O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Shavkat Mirziyoyev kelishuvlar bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolanishi va uning ijrosi qattiq nazoratga olinishini ma’lum qildi.

«Bugun biz tor doirada ham, kengaytirilgan shaklda ham kelishib olgan bo‘lsak, bularning barchasi bo‘yicha qo‘shma yo‘l xaritasini qabul qilamiz, uni ham imzolaymiz, ham qattiq nazoratga olamiz, chunki biz juda jiddiy masalalarni muhokama qildik va yaxshi poydevor va yaxshi istiqbollar bor. Nazorat bo‘lsa, haqiqiy natija bo‘ladi», dedi O‘zbekiston prezidenti.

Shuningdek, u Putinni o‘zi uchun qulay bo‘lgan istalgan vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qilganini aytdi.

Prezidentlarning qo‘shma bayonoti Kreml saytida e’lon qilindi.

«Mudofaa sohasida o‘zaro hamkorlikni, harbiy-texnik sohadagi hamkorlikni amaldagi va kelajakdagi kelishuvlar asosida rivojlantirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi», deyiladi hujjatda.

Shuningdek, Moskva va Toshkentning diqqat markazida terrorizm, ekstremizm, narkotiklarning noqonuniy aylanmasi, qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va portlovchi moddalar, transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘ladi.

Bayonotda «xalqaro munosabatlarda suveren davlatlarda hokimiyatning konstitutsiyaga zid ravishda o‘zgarishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan harakatlar, shuningdek, uchinchi kuchlarning siyosiy va iqtisodiy bosim o‘tkazish maqsadida ikkitomonlama va mintaqa ichidagi ishlarga aralashishga urinishlari qabul qilinishi mumkin emasligi» ta’kidlanadi va qoralanadi.

«Tomonlar davlatlar o‘rtasidagi nizolarni opportunistik siyosiy manfaatlar yo‘lida hal qilishning xalqaro mexanizmlarini suiiste’mol qilish tendensiyasini qoralaydilar hamda xalqaro adliya va xalqaro nazorat organlari o‘z faoliyatini xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalarini buzgan holda amalga oshirishiga qarshi chiqadilar», deyiladi bayonotda.

Rossiya va O‘zbekiston, shuningdek, ayrim davlatlarning o‘z xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan har qanday urinishlarni hisobga olgan holda, xalqaro xavfsizlik arxitekturasini ajralmaslik, hududiy yaxlitlik, haqiqiy tenglik va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish tamoyillari asosida mustahkamlashga ko‘maklashishda davom etish niyatini bildirdi. Davlatlarning o‘z xavfsizligini ta’minlashi boshqalarning xavfsizligi hisobiga bo‘lmasligi ta’kidlandi.

«Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalarida nohaq raqobat va xavf-xatarlardan himoya qilish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralarni ko‘rish niyatida», deyiladi hujjatda.

Mavzuga oid