6 oktyabr, juma kuni Granadada bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqining norasmiy sammitida YeI yetakchilari uning kelajagini muhokama qildi. Uchrashuv Yevropa Ittifoqining kengayish strategiyasi bo‘yicha keng va murakkab munozaralarning boshlanishi bo‘ldi. Gap nafaqat nomzod davlatlar, jumladan, Ukraina, Moldova va Gurjiston Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun nima qilishi kerakligi, balki Yevropa Ittifoqining o‘zi ham kengayishga qanday tayyorlanishi haqida bordi.
Masalan, qanday islohotlarni amalga oshirish kerak, qanday yangi qonunlar qabul qilish kerak, bu kengayish qanday moliyalashtiriladi, kabi savollar ko‘rib chiqildi. Xususan, Germaniya kansleri Olaf Shols Yevropa Ittifoqi tashqi va soliq siyosatida yakdillik tamoyilidan voz kechib, kelajakda hamma narsani ko‘pchilik ovoz bilan hal qilishi kerak, deb hisoblaydi. U, shuningdek, Yevrokomissiyaning kelajakdagi holati va Yevroparlamentda o‘rinlarni taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilishni taklif etyapti, bunda «shunchaki Yevrokomissiyani kengaytirib, yangi vazirliklar ixtiro qilish kerak emasligi» ta’kidlandi.

Yevropa Ittifoqi - «yopiq klub emas»
Hozircha gap keyingi kengayish 2030 yilda sodir bo‘lishi kerakligi haqida boryapti. Estoniya bosh vaziri Kayya Kallas kabi ba’zi rahbarlar buni juda kech deb hisoblayapti. «O‘z navbatida, biz 2030 yilgacha tayyor bo‘lishimiz kerak. Tezlashtirishimiz kerak. Yevropa Ittifoqiga oxirgi marta yangi davlatni qabul qilganimizga ko‘p yillar bo‘ldi», - deydi u. Kallasning so‘zlariga ko‘ra, Chernogoriya kabi kichik davlatlar Yevropa Ittifoqiga deyarli sezilmay qo‘shila oladi, yiriklari esa ko‘p mehnat talab qiladi. Shu tariqa, uning taklifi kichikroq mamlakatlarni qabul qilishdan boshlash va Yevropa Ittifoqi «yopiq klub emasligini» namoyish etishdan iboratdir. Kengayishning so‘nggi bosqichi Yevropa Ittifoqida o‘n yil oldin, Xorvatiya unga qabul qilinganda sodir bo‘lgan.
Biroq, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish hajmga emas, balki faqat qilingan ishlarga ko‘ra baholanadi, deb ta’kidladi Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel. Muddatlar - zarur shartlarni o‘z vaqtida bajarish uchun sabab, deydi u: «Har kim o‘z majburiyatlarini bajarishi kerak bo‘lgan sanani belgilash to‘g‘ri bo‘lar edi». Shu bilan birga, nafaqat nomzodlar, balki Yevropa Ittifoqi ham o‘z majburiyatlarini bajarishi kerak, dedi u.





















