Jahon | 20:00 / 09.10.2023
32393
12 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Qora dengiz floti ko‘chirilishi va qiyin ahvolga tushib qolgan Ukraina armiyasi

RF Qora dengiz flotining Sevastopoldan ketishi Rossiyaning dengizdagi imkoniyatlariga qanday ta’sir qiladi? Ukraina Qrimga desant tushirmoqda, lekin buning nafi ko‘rinmayapti. Frontda Ukraina qurolli kuchlarining ahvoli yomonlashmoqda. Rossiya Xarkivdagi qishloqqa, Ukraina esa mudofaa korxonasiga kamyob zarbalaridan birini berdi.

Sevastopoldagi Rossiya harbiy kemasi. Foto: Aleksander Lyskin / Global Look

Germaniyaning Bremen universiteti qoshidagi Sharqiy Yevropani o‘rganish markazi ilmiy xodimi Nikolay Mitroxin Ukraina frontida so‘nggi hafta ichida sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qildi.

Qora dengiz floti Sevastopoldan ketishi va Qrimdagi Ukraina bayrog‘i

O‘tgan haftaning asosiy voqeasi, Ukrainaning ulkan g‘alabasi — RF Qora dengiz floti asosiy harbiy kemalari guruhining Sevastopoldan chiqarilgani bo‘ldi. Mustaqil harbiy tahlilchilar va Rossiyaning harbiylashgan telegram kanallari flotning jangovar yadrosi Feodosiya va Novorossiyskdagi portlarga ko‘chirilganini ta’kidlashdi. Guruhning asosiy qismi Novorossiyskka ko‘chdi: 11356 loyihasining ikki fregati («Admiral Essen» va «Admiral Makarov»), uchta dizelli suv osti kemasi, beshta katta desant kemalari va bir necha kichik raketa kemalari.

Flotning bir qismini Abxaziyaning Ochamchiri buxtasida joylashtirish borasida muzokaralar olib borilmoqda. Bu yerga Ukraina QKga Yevropa tomonidan yetkazib berilgan raketalar va o‘zlari ishlab chiqargan pilotsiz dronlar yetib borishi qiyin.

Bu hol «Kalibr» raketalarining uchish masofasini uzaytiradi va Rossiya desantlarining kutilmaganda Ukrainaning Qora dengiz sohillariga tushirilishini to‘liq soqit qiladi. RF Qora dengiz flotining dengizning g‘arbiy sohillari yoqalab Ukraina portlariga yo‘l olayotgan kemalarni nazorat imkoniyatlari ham keskin qisqaradi. Portdan olib ketilgan kemalarning radarlari, raketalari va qo‘shog‘iz pulemyotlarisiz Sevastopolning havo hujumidan mudofaa tizimi ham kuchsizlanadi.

Qora dengiz floti kuchsizlanishi Ukraina diversiya guruhlarining ortgan imkoniyatlarida ham o‘z aksini topadi, ular ayni damda Odessa oblastining janubiy qismi va Qora dengizning shimoliy-g‘arbiy qismidan meteorologik yordam, Zmeiniy orolidagi va orolning janubidan boshlab Qrim sohillarigacha o‘rnatilgan «Boyko minoralari»da yo‘naltiruvchi tizimlar yordamida Qrimning g‘arbiy qismiga (eng avvalo Tarxankut yarimoroliga) suzib o‘tish imkoniyatiga ega.

4 oktyabr kuni Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi bo‘linmasi jangchilari urush davrida ilk bor 5 ta suv mototsikllari va katerlarda nisbatan ko‘psonli guruh bilan qirg‘oqqa tushishga muvaffaq bo‘lishdi. Ular Ukraina bayrog‘ini o‘rnatib, kameraga qarata «Krim yo Ukrainaniki bo‘ladi, yo kimsasiz bo‘ladi», deb baqirishgan, shundan so‘ng yetib kelgan chegara naryadi bilan otishmaga kirishishgan. Natijada desant chekingan va rossiyaliklarga Ukraina bayrog‘i va 46 yoshli yarador askarni qoldirib ketishgan. U keyinroq so‘roq davomida «sohildagi bayroq»ni videoga olish - o‘tkazilgan operatsiyaning bosh maqsadi bo‘lganini aytgan.

Bu bunday qo‘qqisdan hujumlarning birinchi bo‘lmagani bois, Ukraina Bosh razvedka boshqarmasining piari va navbatdagi «ruhiy g‘alaba»dan boshqa undan ko‘zlangan maqsad unchalik tushunarli emas. Balkim qandaydir noma’lum maqsad bordir.

Frontdagi vaziyat: Ukraina QKning ahvoli og‘irlashmoqda

Ukraina qurolli kuchlari uchun front chizig‘idagi vaziyat tobora yomonlashmoqda. Zaporijjya frontidagi asosiy zarba yo‘nalishlarida rivojlanish yo‘q. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina QK muvaffaqiyatsiz yorib o‘tishlardan so‘ng mudofaaga o‘tib, «muvaffaqiyat»ni mustahkamlashga urinmoqda. Ayniqsa, bu hol Velika Novosilkadan janubroqdagi kesilgan Vremyiv tepaligiga taalluqli. Baxmutdan janubroqdagi Kleshchiyivkada qaqshatkich janglar kechmoqda. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina QK u yerda 200 metr oldinga siljishga, ayrim joylarda bir paytlar Rossiyaning mudofaa chizig‘i bo‘lib turgan temiryo‘l ko‘tarmasigacha chiqishga muvaffaq bo‘lishgan.

Kupyansk hududida — frontning eng shimoliy uchastkasida Rossiyaning 25-umumqo‘shin armiyasi shaharga, aniqrog‘i uning shimolidagi Minkivka qishlog‘iga qarab yurishni boshladi. Hozircha hattoki Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra ham muvaffaqiyat o‘rmondagi Ukraina tayanch punklarini egallash bilangina yakunlangan.

Ukraina harbiy xizmatchilari. Foto: Volodimir Zelenskiy telegram kanali.

Rossiyalik «harbiy muxbirlar» Ukrainaning shakllantirilgan desant guruhini frontning eng janubida — Kinburn yarimoroli va Nova Kaxovka hududidagi ehtimolli yo‘lakda kutishmoqda.

Umuman olganda, Ukrainaga kuz yomg‘irlari keldi, bu esa real qarshi hujum ehtimolini kamaytiradi, faqat kichikroq sohiloldi hududlarini egallash bo‘yicha desant operatsiyalari amalga oshirilishi mumkin. Bu vaziyatda namlangan tuproq va bulutli osmon dushman harakatini qiyinlashtirib, ularning foydasiga ishlaydi. Bundan tashqari, yaqin bir-ikki hafta ichida daraxtzorlarda barglar to‘liq to‘kilib bo‘ladi, bu esa raqib harakatini kuzatish imkoniyatini kengaytiradi, bu ham quruqlikda yirik qarshi hujumlar olib borish zarariga ishlaydi.

Havo jangi: Fuqarolarning eng yirik ommaviy o‘ldirilishi va Ukrainaning mudofaa korxonasiga hujumi

Rossiya tomonidan Ukraina infratuzilmasi va sanoat obektlariga asosan 20-25 talik guruhdan iborat Shahed dronlari bilan an’anaviy zarbalar davom etmoqda. O‘tgan hafta ichida nishonlar Dunaydagi portlar, parom bekatlari va yuk mashinalari turargohi bo‘ldi.

Ukrainaning ichki oblastlarida nishonga olingan joylar maxfiylashtirilgan. «Iskander» va S-300 raketalari bilan ballistik trayektoriya bo‘yicha sistematik o‘qqa tutiladigan Xarkiv oblastiga o‘tgan hafta og‘ir kechdi. Bu holatda aholini ogohlantirishga ham ulgurib bo‘lmaydi.

Bu yerda Kupyansk rayonidagi Groza qishlog‘ida ro‘y bergan fojiani alohida qayd etib o‘tish mumkin. Shu qishloq ahlidan bo‘lgan jangchi (Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, «Aydar» batalyoni jangchisi)ni qayta ko‘mish uchun o‘tkazilayotgan dafn marosimida qahvaxonaga berilgan raketa zarbasi tufayli 52 kishi halok bo‘lgan. Ya’ni qishloqning har oltinchi odami. Bu urush boshlanganidan buyon fuqarolardan iborat insonlar birvarakayiga eng ko‘p yo‘q qilinishi bo‘ldi.

Groza qishlog‘ida halok bo‘lganlar.

Umuman olganda, Kupyansk rayonida Rossiya aviatsiyasi mavjudligi darajasi juda yuqori bo‘lmoqda. So‘nggi ikki hafta ichida aviatsiya zarbalari natijasida Oskil daryosi uzra kamida 5 ta yo‘l o‘tkazgich yo‘q qilingan, bu esa daryoning sharqiy sohildagi Ukraina QK guruhlari ta’minotiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Intensiv bombalanayotgan yana bir hudud Dnipro daryosining o‘ng sohili, eng avvalo Xerson shahri bo‘lmoqda, u yerda har kuni tinch aholi vakillari qurbon bo‘lmoqda. Shuningdek, shimolroqdagi Berislav shaharchasi ham o‘tgan hafta qattiq bombalandi, shahar shifoxonasi va ko‘p qavatli turar joy binolariga talafot yetkazildi.

Ukraina QK o‘z navbatida Qrimga nisbatan hujumlar sonini keskin kamaytirdi (garchi u yerda Rossiya HHMlari kuniga bor-yo‘g‘i 1-2 ta Ukraina raketalarini tutib qolayotgan bo‘lsa ham). Markaziy Rossiya tomon zarbalar soni ham sustlashdi, ammo Belgorod, Bryansk, Kursk oblastlarining chegaraoldi hududlariga pilotsiz parvoz qurilmalari bilan zarba berish soni keskin oshgan. Bu yerda ukrainlar nimstansiyalarni yo‘q qilib, elektr energiyasi uzatishga ta’sir qilmoqchi. Ayrim rayonlar chindan ham bir muddat chiroqsiz qolishdi.

3 oktyabr kuni pilotsiz parvoz qurilmalari zarba guruhi Smolensk oblastidagi X-59 raketalari ishlab chiqaruvchi zavodga hujum qilgandi. Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi hisobotiga ko‘ra, ishlab chiqarish quvvatlariga sezilarli talafot yetkazilgan. Ushbu ma’lumotni tekshirib ko‘rgan «Meduza» zavod binosiga kelib urilgan faqat bitta dron haqidagi axborot o‘z tasdig‘ini topganini yozib chiqdi. Nima bo‘lganda ham, Rossiyaning muayyan mudofaa korxonasiga bunday hujum uyushtirilishi Ukraina o‘zining nisbatan kuchsiz dronlari uchun nishon sifatida tanlaydigan neft bazalari kabi «ramziy» nishonlardan farq qiladigan juda kamyob hodisa hisoblanadi.

Ukraina nashrlari o‘z o‘quvchilari diqqatini Rossiya QK Ukrainadan ortda qolmaslik uchun o‘z askarlari va qurollari maketini yasay boshlaganiga qaratdi. Maqsad — Ukraina dronlari, artilleriyasi va HIMARS tizimlarini soxta nishonlar bilan chalg‘itish. Ukraina QK bu texnologiyadan 2022 yil yozidan buyon foydalanadi.

Bu orada Rossiya «harbiy muxbirlari» Rossiya dronlari front chizig‘idan Ukrainaning 50 km hududigacha kirib borib, nishonlarni ko‘rsata boshlaganiga e’tibor qaratishgan. Bunaqasi ilgari hech kuzatilmagan edi. Bularning barchasi Rossiya mudofaa sanoati ishlab chiqarishni faol rivojlantirayotgani, yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarayotganini ko‘rsatibgina qolmasdan, Ukraina HHM tizimlarida inqiroz boshlagani, zenit raketalarini dronlar kabi kichik nishonlarga sarflashdan ayashayotgani yoki butun front chizig‘ini qoplay olishmayotganidan ham darak beradi.

G‘arblik ittifoqchilar bu masalada yordam qo‘lini cho‘zishmoqchi: Germaniya yil oxirigacha yana bir Iris-T kompleksi va Gepard zenit qurilmalarini Qora dengiz va Dunay portlarini himoyalash uchun yetkazib bermoqchi. Shu hafta ichida nemislar SurveilSpire nomli, 30 km uzoqlikdan turib dronlarni topuvchi va ularga qarshi kurashuvchi kompleksni yetkazib berishga va’da qilishdi. Ispaniya oltita kichik HHM uchun Hawk zenit raketa komplekslarini va’da qildi.

Yaqinda Volodimir Zelenskiy tomon yog‘dirgan tanqidi mashhur bo‘lgan Oleksiy Arestovich adolatli tarzda qayd etganidek, Ukrainaga yuzlab va yana o‘zi ishlab chiqargan zenit-raketa qurilmalari kerak. Bu masala bilan g‘arblik hamkorlarning yetkazib berishiga ko‘z tikmasdan, bir yil avvalroq shug‘ullanish lozim edi.

Taniqli kollaborantlarga qarshi hujumlar qayta boshlandi

7 oktyabr kuni ertalab okkupatsiya ostidagi Nova Kaxovkada avtomobil portlatildi va unda «Yedinaya Rossiya» partiyasining mahalliy bo‘limi ijroiya kotibi Vladimir Malov og‘ir yaralandi. Kunduzi u olingan jarohatlardan shifoxonada vafot etdi.

Bu yoz fasli boshlaridan buyon Dnipro daryosining so‘l qirg‘og‘ida Zaporijjya va Xerson oblastlaridagi yashirin qurolli ukrain guruhlari tomonidan amalga oshirilgan Rossiya tomoniga o‘tgan chinovnikka qarshi muvaffaqiyatli terakt bo‘ldi. Shunisi e’tiborliki, u shahar ichida, front chizig‘iga yaqin joyda amalga oshirilgan. Buni shaharga pusib kirgan guruh amalga oshirgan bo‘lishini ham inobatdan soqit etmaslik kerak.

Mavzuga oid