20:30 / 10.10.2023
8534

«Zarafshon» milliy tabiat bog‘idagi 11 ta noqonuniy qurilma buzdirildi

Buzilgan qurilmalarning chiqindilari olib chiqilib, o‘rniga manzarali daraxtlar ekilgan.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi

2021–2022-yillarda Samarqanddagi «Zarafshon» milliy tabiat bog‘i hududidagi 39,8 gektar yer maydoni 57 nafar jismoniy va yuridik shaxsga ijara bitimi hamda shartnomaga asosan dam olish maskani qurish uchun ajratib berilgan.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, sud qarorlariga muvofiq milliy tabiat bog‘ida 11 nafar fuqaro va yuridik shaxs tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalar buzib tashlangan.

«Milliy bog‘ hududidagi og‘ir rekonstruksiyali binolar, devor va to‘siqlar bosqichma-bosqich maxsus texnikalar yordamida buzilmoqda. Qolgan holatlar yuzasidan Bosh prokuratura jinoiy ish qo‘zg‘atib, qo‘shimcha tarzda o‘rganish ishlari olib bormoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, vazirlik, Bosh prokuratura va Zarafshon milliy tabiat bog‘i mas’ullari hamkorligida buzilgan binolar o‘rni tozalanib, o‘rniga manzarali daraxtlar ekilib, hududda yashil bog‘lar barpo etilmoqda.

Avvalroq, Bosh prokuror o‘rinbosari Sherzod To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan «Zarafshon» milliy tabiat bog‘idagi vaziyat o‘rganilgan va bir qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangandi.

Jumladan, milliy tabiat bog‘i mansabdor shaxslari tomonidan 2021-2022-yillarda bog‘ hududidan 39,8 gektar yer maydoni 57 nafar jismoniy shaxs va yuridik shaxslarga ijara bitimi va shartnomalarga asosan dam olish maskani qurish uchun ajratib berilgan.

Oqibatda, ijarachilar tomonidan 8015 metr kvadrat yer uchastkasidagi butalar va o‘simlik dunyosi nobud qilinib, noqonuniy ravishda qurilish ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, fuqarolarga 115,6 gektar yer maydoni qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun noqonuniy berib yuborilgan.  Aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Ma’lumot uchun, «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi qonunda, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yer uchastkalari faqat xususiy buyurtma qo‘riqxonalar hamda tabiiy pitomniklar tashkil etish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga berilishi mumkinligi belgilangan.

Top