O‘zbekiston | 09:17 / 11.10.2023
11540
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulkni birlashtirish va bo‘lish tartibi belgilandi

Ko‘chmas mulkni bo‘lish va uning yangi chegaralarini belgilash uchun shaxs YaIDXP, DXM yoki Kadastr agentligi sayti orqali ariza yo‘llaydi. Davlat kadastrlari palatasi filiali 10 kun ichida joyiga chiqqan holda ko‘chmas mulkni bo‘lish imkoniyatini o‘rganadi.

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida» qonuni qabul qilingani munosabati bilan hukumat ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlanmoqda: 

ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;

ko‘chmas mulkni bo‘lish hamda birlashtirish va uning yangi chegaralarini belgilash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlari.
 
Ko‘chmas mulkni bo‘lish va uning yangi chegaralarini belgilash uchun shaxs YaIDXP, Davlat xizmatlari markazi yoki Kadastr agentligining veb-sayti orqali ariza yo‘llaydi. Davlat kadastrlari palatasining tuman filiali 10 kun ichida joyiga chiqqan holda ko‘chmas mulkni bo‘lish imkoniyatini o‘rganib, abris tayyorlaydi va ko‘chmas mulkning yangi chegaralarini belgilash haqida dalolatnoma tuzadi.

Dalolatnoma ko‘chmas mulklarning mulkdorlari tomonidan ERI orqali tasdiqlanadi va dalolatnoma Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tuman (shahar) bo‘limiga yuborilib, bo‘lim tomonidan 3 kun ichida kelishiladi. Kelishilgan dalolatnoma murojaatchiga yuboriladi.

Mavzuga oid