Eldor Aripov Markaziy Osiyoda to‘liq erkin savdo zonasini shakllantirishga chaqirdi
Mintaqaning siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar bog‘liqligini yanada mustahkamlash, uning dunyoga ochiqligini saqlab qolish, muammolarni imkoniyatlarga aylantirishda davom etish zarur, dedi Markaziy Osiyo ekspertlar forumida so‘z olgan SMTI direktori.
Bugun, 12 oktyabr kuni Bishkek shahrida Qirg‘iziston prezidenti huzuridagi Milliy strategik tadqiqotlar instituti (MSTI) tomonidan BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi ko‘magida tashkil etilgan VI Markaziy Osiyo ekspertlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qirg‘iziston bosh vaziri Aqilbek Japarov, BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Avazbek Ataxanov, shuningdek, Markaziy Osiyoning strategik institutlari rahbarlari, Qirg‘izistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar vakillari, mustaqil tahliliy markazlar va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov “Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, ishonch darajasini oshirish va barqaror rivojlanish yo‘lida” mavzusidagi panel sessiyasida ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi. Bu haqda institut matbuot xizmati xabar bermoqda.
Eldor Aripov o‘z ma’ruzasida Markaziy Osiyo mamlakatlari ekspertlar forumi formatida muntazam o‘tkazib kelinayotgan uchrashuvlarning muhimligini alohida ta’kidladi. Bu – mamlakatlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlik yuqori darajada ekanidan dalolat beradi, dedi u.
SMTI direktori 2017 yilgacha mintaqaviy birlashish jarayonlari haqida gapirishning imkoni deyarli bo‘lmaganini e’tirof etdi. Suv va chegara bilan bog‘liq hal etilmagan muammolar juda dolzarb edi. O‘z vaqtida boshlangan Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati va Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti formatlari yetarlicha rivojlanmagan.
“O‘shanda mintaqadagi barcha davlatlar ham MOHT va MOIH modellarini shakllantirishda ishtirok etmagan, ko‘p qarorlar deklarativ bo‘lib qolgan”, – dedi ekspert.
Unga ko‘ra, 2017 yilning noyabr oyi bu borada burilish davri bo‘ldi. O‘shanda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqandda Markaziy Osiyo bo‘yicha konferensiya o‘tkazildi. Tadbirda mintaqa davlatlarining barcha tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi. O‘zbekiston rahbarining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha rezolyutsiyasi qabul qilingani juda muhim, dedi Eldor Aripov. O‘ziga xos “Samarqand konsensusi” shakllandi. Markaziy Osiyoning barcha davlatlari mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini tasdiqladi. Bu intilishni mazkur rezolyutsiya homiylari sifatida faoliyat yurituvchi mintaqa davlatlarining tashqi siyosatdagi hamkorlari qo‘llab-quvvatladi.
“Hozir biz ko‘p yillar davomida birinchi marta Markaziy Osiyodagi har bir alohida davlatning taqdiri nafaqat uning o‘zi tomonidan belgilanishi, balki umumiy mintaqamizda sodir bo‘layotgan jarayonlarga bevosita bog‘liq bo‘lishini yanada aniqroq angladik. Buni anglash juda muhimdir. Va bu borada biz to‘g‘ri yo‘ldamiz”, – deb ta’kidladi ekspert.
Shu bilan birga, Eldor Aripovning fikricha, dinamikani saqlab qolish uchun, o‘zgaruvchan sharoitlarda mintaqaviy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish yo‘lida mintaqaning siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar o‘zaro bog‘liqligini yanada mustahkamlash, uning dunyoga ochiqligini saqlab qolish, muammolarni imkoniyatlarga aylantirishda davom etish zarur.
Shu munosabat bilan SMTI rahbari O‘zbekiston prezidentining Dushanbedagi sammitda ilgari surilgan tashabbuslarini amalga oshirishga kirishishni muhim deb hisoblaydi. Aripov bu borada quyidagilarni sanab o‘tdi:
– tovar ayirboshlash hajmini oshirish imkonini beruvchi musodara va cheklovlarsiz to‘liq erkin savdo zonasini shakllantirish;
– Markaziy Osiyo mamlakatlarida uzoq muddatli istiqbolda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish; bu ushbu sohadagi birgalikdagi sa’y-harakatlarga tizimli ko‘rinish beradi;
– savdo-iqtisodiy kun tartibining butun majmuasi bo‘yicha hamkorlikni ta’minlashning samarali mexanizmiga aylanadigan Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy kengashini tuzish.
Eldor Aripovga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi hamkorlik nafaqat umumiy manfaatlarga, balki hamma tomonidan qabul qilinadigan umumiy qadriyatlar va an’analarga asoslansa, samarali bo‘lishi mumkin.
“Aks holda, bunday hamkorlik faqat taktik, o‘zgaruvchan xususiyatga ega bo‘ladi. Doimiy qadriyatlardan farqli o‘laroq, manfaatlar o‘zgarish va rivojlanishga moyil bo‘ladi”, – deya xulosa qildi Eldor Aripov.
Mavzuga oid
22:15 / 25.10.2024
BMT Markaziy Osiyoni «Tinchlik, ishonch va hamkorlik hududi» deb e’lon qildi
15:54 / 24.10.2024
Import avtomobillar Piskentdagi poligonda sinovdan o‘tkaziladi
20:43 / 17.10.2024
Turkiston atamasi – etnik o‘zlik va mintaqaviy birlik ifodasi
15:54 / 16.10.2024