Jahon | 20:38 / 13.10.2023
20956
12 daqiqa o‘qiladi

Beeri - HAMAS hujumiga uchragan yana bir kibuts

Bu yerda yashovchilarning har o‘ninchisi halok bo‘lgan.

Foto: Ilan Rosenberg / Reuters / Scanpix / LETA

HAMAS a’zolarining Isroilga 7 oktyabr kungi hujumlari vaqtida mamlakat janubidagi chegaradosh hududlar eng ko‘p jabr ko‘rdi. Reim kibutsi yaqinida Universo Paralello musiqa festivali ishtirokchilariga hujum qilgan, Kfar-Aza kubutsida o‘nlab kishilarni o‘ldirgan qurolli shaxslar G‘azo sektori bilan chegaradan taxminan besh kilometr masofada joylashgan Beeri kibutsini ham shturm qilgan. Isroillik harbiylar bu joyni ozod etishi uchun ham ikki kunga yaqin vaqt sarflandi. Shundan keyin hududga kirgan Zaka qidiruv-qutqaruv guruhi ko‘ngillilari tinch aholi vakillari bo‘lgan 120 dan ortiq kishining jasadini topishgan. Beerida jami 1100 nafar atrofida odam yashagan.

HAMAS Beeriga 7 oktyabr kuni taxminan soat 6:30 da raketa zarbalari yo‘llagan. Isroil mudofaa armiyasiga ko‘ra, kibuts hududiga 70 ga yaqin jangari kirib kelgan.

HAMAS a’zolarining Isroilga hujumi yo‘lidagi ilk nishon bo‘lgan Reim kibutsidagi musiqa festivali ishtirokchilaridan biri, 20 yoshli Noyya Rouven raketa zarbalari boshlangan vaqtda Beeriga qochgan. U Beeriga soat 7:00 da yetib kelgan, ammo kibuts allaqachon HAMAS kuchlari nazoratiga o‘tgandi.

Shundan keyin u Beeri yaqinidagi beton boshpanada yashiringan do‘stlari bilan bog‘lana olmaydi. Faqat dushanba kuniga kelib ularning taqdiri ma’lum bo‘ladi. Ularning ikkisi og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, degan u Times of Israel nashriga. «Afsuslar bo‘lsinki, yana ikki kishi o‘ldirilgan va bir kishi o‘g‘irlangan», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Beeriga hujum HAMASning yuzlab jangchilarining keng ko‘lamli reydining bir qismi bo‘ladi. Guruh a’zolari bundan tashqari Isroil janubidagi yana uch shahar — Ofakim, Sderot va Netivotga, shuningdek, chegaradagi boshqa kibutslarga kirishgan.

Beeridagi voqealar haqida nimalar ma’lum?

Mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, 7 oktyabr kuni ular ertalab soat 6:30 atrofida havo trevogasi va to‘xtovsiz portlashlar ovozidan uyg‘ongan. Taxminan 45 daqiqa o‘tganidan keyin ular kibutsda HAMAS a’zolari harakatlanayotganini tushunishgan.

Mahalliy aholi vakillaridan biri Mixal Pinyan CNN muxbiri bilan suhbatda bu vaqtda vatsapdagi oilaviy chatga ota-onasi tashqaridan otishma ovozlari va arabcha so‘zlar eshitayotgani haqida xabar kelgani haqida aytadi. «Otangni otib tashlashdi va granata uloqtirishdi. Ular xavfsizlik xonasini portlatishdi», — deya yozgan Mixalning onasi. «Uydami?» — deya aniqlashtirish uchun savol bergan qiz. «Ha», — deya javob bergan ona. Bu uning so‘nggi xabari bo‘lib qolgan.

«Biz ular katta ehtimol bilan halok bo‘lganini bilardik. Ammo baribir bunday bo‘lib chiqmasligi, ularni faqat o‘g‘irlashganiga biroz umidimiz bor edi», — deydi Mixalning turmush o‘rtog‘i Lotan Pinyan. Ular farzandlari bilan o‘z uyidagi xavfsizlik xonasiga yashiringan va Isroil armiyasi kibutsga kirmagunicha 20 soatga yaqin vaqt davomida yeguliksiz, ichimlik suvi va hojatxonasiz o‘tirishgan. Ularning uyini ozod etish uchun shturmda 15 askar qatnashgan, ular oilani olib chiqishgan va xavfsiz joyga joylashtirib, jangni davom ettirishgan. Lotan atrofdagi jasadlarni ko‘rmasligi uchun bolalarning ko‘zini yopib turgan.

Kibutsni ozod etgan bo‘linmaga rahbarlik qilgan Barak Xiramning so‘zlariga ko‘ra, bosqin uyushtirgan HAMAS kuchlari qurbonlar soni ko‘proq bo‘lishi uchun maxsus taktika qo‘llashgan. «Ular yashovchilar uylarining ichiga qamalib olishini yaxshi bilishgan. Ular hovlilardagi mashinalarning yukxonasini ochib, zaxira g‘ildiraklarini olishgan, ularni yoqishgan va yong‘inni kuchaytirish uchun uylar ichiga uloqtirishgan. Ichkaridagi odamlar tiriklayin yonib ketishgan, derazadan sakrab tushganlar otib tashlangan», — deydi Xiram.

«Qalin tutun va gaz uyga elektr rozetkalar va eshik tirqishlari orqali kirib keldi. Uyga o‘t qo‘yilganida biz tutundan bo‘g‘ilib qoldik va yuzimizga suvga botirilgan sochiqlar yopdik, — deydi kibutsda yashovchi Miri Ged Mesika Ynetnews nashriga. — Terrorchilar ichkariga kirishga uringanida erim bor kuchi bilan eshikni ichkaridan tortib turdi».

Atrofda jangarilar yo‘qligida Miri va eri ikkinchi qavatdan sakrashgan va qo‘shninikiga chopishgan. «Biz uyimiz qanday yonayotganiga qarab turardik. Qanday qilib omon qilganimizni haliyam tushuna bilmayman», — deya hikoya qilgan u.

Kibutsni ozod etish bo‘yicha amaliyot 48 soatga yaqin davom etgan. Bu jang vaqtida ham falastinliklar aldamchi taktika qo‘llashgan, isroillik harbiylarning liboslarini kiyib olib, atrofdagi harbiylarni o‘qqa tutishgan.

Times of Israel gazetasi qayd etishicha, Beeri 17 soat mobaynida hamaschilar nazoratida bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar bu yerga darhol yetib kela olmagan, bunga bir necha soat vaqt ketgan.

Bu kechikish sababi Beeriga hujum qilingan vaqtga kelib armiya allaqachon zaiflashgan bo‘lgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deb yozadi Jewish Press nashri. Harbiylar dastlabki soatlarda katta yo‘qotishlarga uchragan: chegaradagi ko‘plab askarlar o‘ldirilgan yoki o‘g‘irlab ketilgan.

Beeridan 50 km masofada joylashgan Netivot shahridan bo‘lgan 22 yoshli feldsher Amit Mann HAMAS bosqini boshlangach, ushbu kibutsga ko‘ngilli sifatida yo‘l olgan. Amit bu yerdaligida bizga «Harbiylar qayerda?» deb qayta va qayta so‘rov yubordi, deb xabar bergan uning yaqinlari Channel 4 kanaliga. Ular esa politsiyaga qo‘ng‘iroq qilishgan va Isroil kuchlari tez orada yetib borishi haqida ma’lumot olishgan.

Amit klinikada ekanida binoga jangarilar kirib keladi. «Men bu yerdan chiqib keta olaman deb o‘ylamayman. Men seni sevaman», — deya yozgan u ukasi Gabrielga. Bunga javoban u Amitga qo‘ng‘iroq qilgan va qichqiriqlarni eshitgan. «Ular uning oyog‘iga o‘q uzishgan, [u aytdiki], bu yerda hammani o‘ldirishgan va u so‘nggisi edi, — deya yozadi u feysbukda. — Men o‘q ovozlarini eshitdim va aloqa uzildi»

TsAHAL matbuot xizmati bu yerga hujum qilgan o‘nlab jangarilar o‘ldirilgani haqida xabar bergan. Ammo Beeridagi voqealar ko‘plab isroilliklar uchun Isroil armiyasining kutilmagan zaifligini ko‘rsatib qo‘ydi, deya qayd etadi Times of Israel.

Zaka tashkiloti ko‘ngillilari 9 oktyabr kuni Beeriga kirishga muvaffaq bo‘lishgan. Ozod etilgan kommunaga birinchilardan bo‘lib kirgan odam isroillik feldsher Xami Atias bo‘lgan. «Men yetarlicha ko‘p narsa ko‘rib qo‘yganman deb o‘ylardim, lekin men o‘sha yerda ko‘rganlarimga tayyor emasdim. Jasad hidi — men bu hafta juda ko‘p cho‘mildim, ammo bu hiddan xalos bo‘la olmayapman», — deydi u Reuters bilan suhbatda. Atiasning so‘zlariga ko‘ra, kibuts ko‘chalarida o‘nlab jasadlar yotgan, atrofda esa yaradorlar baqirar, resurslar yetishmasligi tufayli tibbiyot xodimlari kimni birinchi bo‘lib qutqarish tanlovi qarshisida qolardi.

Zaka ko‘ngillisi Kobi Mazkaning so‘zlariga ko‘ra, Beerida o‘ldirilganlarning eng katta yoshlisi 85 yoshda, eng kichigi — bir necha oylik chaqaloq bo‘lgan. «Bu yerda hammasi butkul boshqacha, bu natsistlar qilgan ishlar haqida bolaligimda o‘qiganlarimni eslatadi. Bu xolokostdan ham yomonroq», — degan Mazka Isroildagi «Yediot axronot» nashriga.

12 oktyabr tongida TsAHAL rasmiy vakili Jonatan Konrikus brifingda Beerida ham G‘azo yaqinidagi HAMAS hujumiga uchragan boshqa qo‘shni kibutslarda bo‘lgani kabi boshi olingan jasadlar topilgani haqida aytdi. Uning aniqlik kiritishicha, TsAHAL bunday xabarlarni voqea joyidan olgan va ularni tekshirish uchun ma’lum vaqt talab etilgan. «Hatto HAMAS ham bunday varvarlik aktini sodir etishiga ishonish qiyin edi, ammo guvohlarning guvohliklari va Zaka rasmiy vakili CBS yangiliklari dasturida „Ha, menya boshsiz bolalar jasadini ko‘rdim“ deganidan keyin, men o‘ylaymanki, afsuski, Beerida aynan shunday bo‘lgani haqida ishonch bilan aytishimiz mumkin», — degan Konrikus.

Keyinroq Isroil hukumatidagi manba CNN bilan suhbatda ushbu kibutsda boshi kesilgan jasadlar topilgani to‘g‘risidagi ma’lumotni tasdiqlay olmasligini ma’lum qildi. «HAMAS jangarilari bosh kesish va IShIDga xos boshqa vahshiyliklarni sodir etishi holatlari bo‘lgan. Ammo biz qurbonlar erkak yoki ayol, harbiy yoki tinch aholi vakili, kattalar yoki bolalar ekanini tasdiqlay olmaymiz», — degan shaxsi sir qolishini so‘ragan mulozim.

Kibutsda yashovchi Tom Hend 7 oktyabr tongida havo trevogasini eshitganida avvaliga xavotirlanmaganini aytgan. Uning sakkiz yoshli qizi Emili tunash uchun dugonasinikiga, bombapanasi bosh uyga ketgandi va bolalar xavfsizlikda ekaniga uning ishonchi komil bo‘lgan. Ammo tez orada ko‘chada o‘q ovozlari eshitila boshlaydi. «Agar men bilganimda… Men chopib borgan, uni olgan, uning dugonasi va onasini ham uyga olib kelgan bo‘lardim. Ammo nima bo‘layotganini tushunganimda juda kech bo‘lgandi», — deydi Hend.

U uyidan chiqa olmaydi — kibuts hamaschilar tomonidan egallab bo‘lingandi. Hendning turmush o‘rtog‘i, Emilining onasi bir necha yil oldin saratondan vafot etgandi, shuning uchun, o‘zining izohlashicha, u qizini otasiz ham qoldirish xavfiga yo‘l qo‘ya olmagan.

Beeridan evakuatsiya qilingan odamlar O‘lik dengiz sohilidagi mehmonxonaga joylashtiriladi. Ularning orasida Tom Hend ham bor edi. Bir necha kundan keyin unga qizi vafot etganini xabar qilishadi. U shundan keyin yengil tin olganini aytadi. «Men endi u yolg‘iz emasligini, u G‘azoda emasligini, xudo biladi qanchadan qancha qo‘rqinchli odamlar bilan to‘lgan qorong‘i xonada emasligini, bu holatda har kuni, har daqiqa, ehtimol uzoq yillar qolmasligini bilardim», — deydi Hend.

Ota-onasi o‘limidan xabar topgan Mixal Lotanning aytishicha, oila endi kibutsga qaytishni rejalashtirmoqda. «Biz [bolalarga] kemani tubga cho‘kib ketishga yo‘l qo‘ymasligimizni tushuntirdik. Biz borib bu joyni qayta qurishimiz, jamoatni tiklashimiz kerak. Va shundan keyin butun oila o‘tirib, buyog‘iga nima qilishimizni hal qilishimiz mumkin», — deydi u.

Mavzuga oid