«Muqaddas» – sevgi yo‘lidan ayriliq manziliga borgan yigit haqida qissa
Haqiqiy muhabbat bebaho tuyg‘u. U qalbni yangilaydi, dilni poklaydi, yurakni jo‘shtirib, jismni g‘ayratlantiradi. Sevib qolgan inson o‘zini har narsaga qodir va tayyordek his qiladi. Borayotgan yo‘li to‘g‘rimi yo egri farqlolmay, faqat sevgisi tomon intila boshlaydi. Ko‘plab xatolarga ham sevgi sabab yo‘l qo‘yiladi.

Odil Yoqubovning «Muqaddas» qissasi bosh qahramoni Sharifjon ham sevgiga olib boradigan yo‘ldan yuryapman deb o‘ylardi...
Syujyet:
Sharifjon zavodda ishlaydi. Ishxonasidan ta’til olgan vaqti imtihon kunlariga to‘g‘ri kelgani uchun o‘qishga topshirib ko‘rmoqchi bo‘ladi. Imtihonga borib kelib yurarkan, Muqaddas ismli qizni sevib qoladi. Ular bir-biriga yordam berib yuradi va Muqaddas ham Sharifjonni yoqtirishini bildiradi. 4 ta fandan imtihon topshirishadi. Muqaddas 18 ball, Sharifjon esa 16 ball to‘playdi. Afsuski, eng kamida 17 ball to‘plagan abituriyent o‘qishga qabul qilinardi.
Yigitning ruhi tushib ketadi. O‘qishga kirolmaganidan ham ko‘ra Muqaddas bilan o‘qiyolmay qolishidan ko‘proq siqilayotgandi. Aslida, o‘qimagan taqdirda ham tayyor ishi, ajoyib hamkasblari bor edi. Ammo unga Muqaddasdan ayrilish juda og‘ir botdi. Lekin Muqaddas yigitning ko‘nglini ko‘tarib, keyingi yil imtihongacha sadoqat bilan kutishga va’da berib, uylariga – Bekobodga ketdi.
Sharifjon ishxonasiga tomon yo‘l oldi. Hamkasblarini sog‘inganini his qildi. O‘qishga ishxonadagilarga bildirmay topshirganidan vijdoni qiynalib yurgandi. Ayniqsa, Sulaymon akaga buni qanday aytishni bilmayotgandi. Sharifjonning otasi injiner edi. Mashinasozlik zavodida Sulaymon aka bilan ishlagandi. Urushga ham ikkisi birga ketadi. Sharifjonning otasi qaytmaydi. Onasi Rahima esa hozirgi o‘gay otasiga turmushga chiqadi. Otasi boshqa ekanini yaqinda bilgan yigit padarining kasbini davom ettirishga ahd qilib, Sulaymon akaning yonida ishlay boshlaydi.
Ishxonaga borib, hamkasblarini ko‘rib uyga qaytsa, ota-onasi uni kutib o‘tirganini ko‘radi. Sharifjon inshodan uch olgandi. O‘gay otasi institutda o‘qituvchiligi uchun amallab domlalar bilan gaplashib, inshosini qayta yozdirish uchun uyga olib kelgandi. Bunday noqonuniy ishga avvaliga yigit ko‘nmaydi. Ammo onasi «Otangning orzusi seni o‘qitish, injiner qilish edi», deb turib olgani uchun va ayniqsa, Muqaddas bilan besh yil birga, bir kursda o‘qishni o‘ylagani uchun inshoni qayta yozishga kirishadi...
Bir necha kun o‘tgach institutga boradi. Buyruq chiqibdi. Ammo ro‘yxatni qarab Muqaddasning ism-familiyasini topolmadi. Hayron bo‘lib, dekanatga yo‘l oladi. Yo‘lda Muqaddasni uchratadi. U ham dekanatga chiqib ketayotgandi. Uyoq bo‘lib-bu yoq bo‘lib bilishsaki, Muqaddasning o‘rniga Sharifjon o‘qishga qabul qilingan bo‘ladi...
Haqiqatni bilgach yigit esankirab qoladi va qilib qo‘ygan ishining oqibati qanchalar dahshatli ekanini anglaydi. Muqaddasga tushuntirmoqchi, bunday bo‘ladi deb o‘ylamaganini aytmoqchi bo‘ladi. Ammo «Mening o‘rnimda boshqasi bo‘lgandayam bu qanchalik adolatsizlik bo‘lishini his qilmayapsizmi?» degan javobni oladi.
Muqaddas ketadi. O‘qishdan ham, shahardan ham, Sharifjondan ham...
Tahlil:
Ko‘p hollarda bilib-bilmay xudbinlik qilib qo‘yamiz. Ammo bu xudbinligimizning badali qancha bo‘lishini, kimlarning hayotiga qanchalik daxl qilishini bilmay qolamiz. Sharifjonda ham ayni shu holat yuz berdi. Muqaddas haq edi. Muqaddas emas, boshqa abituriyentning o‘rniga qabul qilingan taqdirda ham bir insonga jabr bo‘lmasmidi? Necha yillik mehnatlari, yana bir yil umri nohaq kuymasmidi? O‘qishga kirdim deb xursand bo‘lib ketib, ikki-uch kundan so‘ng kirolmaganini bilgach tushkunlikka tushmasmidi? Aynan shunday oqibatlarni o‘ylash kerak emasmi?!
Sharifjon-ku mayli, yosh ekan. G‘o‘rlik qilibdi, sevgidan boshi aylanibdi. Ammo uning onasi-chi? Marhum otasi o‘g‘lini o‘qitishni orzu qilgandir, lekin bu ish noqonuniy tarzda amalga oshishini istamagandir. Umuman olganda, kattalar doim o‘z armonlarini bolalari orqali ushaltirishga urinadi. Aslida bu katta xato. Bolaning o‘z fikri, dunyoqarashi, mustaqil tanlovlari bo‘lishi kerak. Rahima ham aynan shu yo‘ldan bordi. Erini ham, o‘g‘lini ham qing‘ir ishga majburladi. Bu yil kirolmagan bo‘lsa, keyingi yil kirishi mumkin edi-ku. O‘g‘li ham allaqachon shunga ahd qilib bo‘lgandi...
Yaqin yillargacha o‘qishga kirish imtihonlarida soxtalik, qing‘irlik holatlari judayam ko‘p kuzatilardi. Alifni ham bilmaydigan bolaga tayyor ishlangan testlarni olib kirish, telefon ishlatishiga ruxsat berish, yordamchi ma’lumotlardan foydalanishiga yo‘l qo‘yish kabi noqonuniy choralar har qadamda uchrardi. Bularni ko‘rib turgan haqiqiy abituriyentlar tushkunlikka tushib qolganlari ham bor gap. Aynan qing‘ir yo‘l bilan o‘qishga kirgan bolalarning ballari eng yuqori ko‘rsatkichlarda qayd etilardi. Haqiqiy mehnat qilgan, o‘z kuchi bilan imtihon topshirgan bola esa shartnoma asosida qabul qilinib, yillab nohaq mablag‘ to‘lardi.
Bu ham mayli, eng yuqori natija bilan kirgan zo‘rning bolasi alifniyam bilmay bitiradi va ertaga ishlash joyini rasvo qilishdan boshqasiga yaramaydigan kadr bo‘lib yetishadi. Oqibatda esa jamiyatda tartibsizlik, parokandalik, har bitta sohada tanazzul yuzaga keladi. Ayting-chi bunday jamiyatning kelajagi bo‘ladimi keyin?
Yozuvchi Sharifjon va Muqaddas timsolida shunday qing‘irliklar va ularning keyingi oqibatlarini ko‘rsatib bermoqchi bo‘lgan. Oqibat nima bo‘ldi? Sharifjon ham sevgisidan, ham obro‘sidan, eng yomoni, vijdonidan ayrildi. Beburd bo‘ldi. O‘ylanmay bosilgan birgina qadam butun orzularini barbod qilib, qalbida o‘chmas dog‘ qoldirdi. Agar yiqitilgan talaba Muqaddas bo‘lmagan taqdirda, hech narsa ochiqlanmagan taqdirda, Sharifjon o‘qishni tamomlagan taqdirdayam uning olgan diplomi, diplomi orqali topgan noni ham halol bo‘lmas edi.
Haq egasini taniydi. Halol tangani okean ostiga tushirib yuborsa-da, egasini topib keladi. Shunday ekan, har bir inson birovning haqqini o‘zlashtirishdan, o‘rniga ko‘z tikishdan, baxtsizligi evaziga baxt topishdan ehtiyot bo‘lishi lozim. Zero, barchasining javobi bor...
Tavsiya etamiz
AQSh elchisi o‘zbekistonlik noqonuniy migrantlarga murojaat qildi
O‘zbekiston | 16:53 / 03.04.2025
AQShning yangi bojlari O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?
Nuqtayi nazar | 14:23 / 03.04.2025
Xorazmda pulini ko‘paytirib berishni aytib, mingdan ortiq odamni chuv tushirgan shaxs ushlandi
Jamiyat | 20:24 / 02.04.2025
Bitta mashinada nuqson topilsa, brendning hamma modellarini yoppasiga taqiqlash to‘g‘rimi?
O‘zbekiston | 20:13 / 02.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Taniqli jurnalist Jasur Hamroyev vafot etdi
Jamiyat | 10:30
-
Toshkentda beton to‘siqqa urilgan BYD yonib ketdi
Jamiyat | 09:52
-
Zelenskiy: Tinchlikparvarlik missiyasini ishchi guruhlar tayyorlaydi
Jahon | 09:27
-
Elektr tarmoqlari korxonasi xodimi 1 mlrd so‘mlik elektrni talon-toroj qildi
Jamiyat | 09:14
Mavzuga oid

18:33 / 27.11.2023
“Qora kamar” – millatning asl jonkuyarlari tanazzuli haqidagi asar

11:00 / 30.10.2023
“Chiqish yo‘li - qabristonda”. “Yaxshiyam, sen borsan” hikoyasi haqida

15:43 / 28.10.2023
«Qon sachramagan faqat quyosh qoladi». «O‘ldir – o‘ldirma» hikoyasi haqida

14:25 / 08.10.2023