Jahon | 23:21 / 17.10.2023
25168
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Yevropa Ittifoqidan O‘zbekiston fuqarolari uchun viza nazoratini kuchaytirishni talab qildi – OAV 

Bu xavfsizlik choralari bilan izohlanyapti. Avvalroq, o‘zbekistonlik migrantlar «IShID» a’zosi yordamida AQSh hududiga kirgani aniqlangan edi. 

Foto: David Peinado/Bloomberg/Getty Images

AQSh prezidenti Jozef Bayden ma’muriyati Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarni Markaziy Osiyoning ayrim mamlakatlaridan kelgan sayohatchilarga nisbatan keskin choralar ko‘rish haqida ogohlantirgan. Bu ehtimoliy terrorchilarning Qo‘shma Shtatlarga kirishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan, deb yozdi Bloomberg. 

So‘rovlar avvalroq, bir guruh migrantlarning «Islomiy davlat»ga (IShID) aloqador kontrabandachi yordamida AQSh janubi-g‘arbiy chegarasidan o‘tgani bilan bog‘liq. Bu Yevropa aeroportlari orqali tranzit o‘tayotgan yo‘lovchilarning Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy yo‘llar bilan kirishga urinishlari bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytirgan. 

AQSh rasmiylari Yevropa Ittifoqidan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun aeroportlarda tranzit vizasi talab qilinishini istamoqda. Tranzit vizasi - bu mamlakat hududi orqali tranzit sayohat qilish (o‘tish) uchun zarur bo‘lgan muddatga, chiptalarga muvofiq va ko‘pi bilan uch kun (72 soat) muddatga o‘tish punktida to‘xtash huquqi bilan beriladigan viza. 

Oq uy rasmiylari Bloomberg nashrining bu boradagi so‘roviga javob bermagan.

Avgust oyida FQB Qo‘shma Shtatlarning janubiy chegarasida boshpana so‘ragan O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan kelgan o‘ndan ortiq migrantlar ustidan tergov boshlagani xabar qilingan edi. Rasmiylar migrantlarning «Islomiy davlat»ga aloqador kontrabandachi yordamida chegaradan o‘tganini aniqlagan. 

Bu haqdagi shoshilinch maxfiy razvedka hisoboti prezident Jozef Bayden kabinetidagi yuqori mansabdor shaxslarga yuborilgan. Biroq, FQB hech qanday terrorchilik rejasini aniqlamagan.

Mavzuga oid