Jahon | 22:47 / 18.10.2023
8191
2 daqiqa o‘qiladi

Gurjiston parlamenti prezident Zurabishviliga impichment e’lon qilolmadi 

Impichment taklifi parlamentda yetarli ovoz to‘plamadi. 

Foto: AP

Gurjiston parlamenti prezident Salome Zurabishviliga impichment e’lon qilolmadi, deb xabar berdi Gurjiston «Birinchi» telekanali. Impichment e’lon qilish uchun Gurjiston parlamentining 150 nafar deputatidan 100 nafari yoqlab ovoz berishi kerak edi. 

18 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 86 nafar deputat impichmentni qo‘llab-quvvatladi, bir nafari qarshi ovoz berdi. Parlamentning qolgan a’zolari ovoz berishda qatnashmadi. 

Jarayon parlamentda 84 o‘ringa ega bo‘lgan hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi tomonidan boshlangan edi. 

Ovoz berish boshlanishidan oldin «Gurjiston orzusi» parlament fraksiyasi rahbari Irakliy Kobaxidze deputatlar oldida so‘zga chiqib, impichmentni qo‘llab-quvvatlovchi dalillarni taqdim etdi. Keyin Salome Zurabishvili nutq so‘zladi. Gurjiston prezidenti nutqdan so‘ng deputatlar savollariga javob berishdan bosh tortdi. 

Gurjiston parlamenti o‘z tarixida birinchi marta prezidentga impichment e’lon qilishga urindi. Jarayon Konstitutsiyaviy sud tomonidan tegishli ruxsat berilganidan so‘ng boshlandi, u Zurabishvili hukumatning roziligisiz xorijga chiqqanida va rasmiylar bilan uchrashganida Gurjiston Konstitutsiyasining 52-moddasini buzganini tan olgan. 

Salome Zurabishvili 2018 yilning 16 dekabridan buyon Gurjiston prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. U bir necha bor hukumat qarorlarini ochiqchasiga tanqid qilgan. 

Parlament respublikasi bo‘lgan Gurjistonda prezidentning vakolatlari qonun bilan cheklangan. 

Mavzuga oid