O‘zbekiston | 20:46 / 19.10.2023
44111
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxlik fermer piyoz yetishtirish bo‘yicha rekord o‘rnatdi 

U gektaridan 150 tonna piyoz hosilini olgan. 

Jizzax viloyati, Zomin tumani, «Chorvador» qishlog‘idagi «Jilg‘alisoy shabadasi» fermer xo‘jaligi rahbari Baxtiyor Mirzayev 2023 yilda har gektar maydondan 150 tonna piyoz hosilini olib, rekord o‘rnatdi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi Kun.uz nashriga ma’lumot berdi. 

Qayd qilinishicha, Baxtiyor Mirzayev tik quduq qazib, o‘z dalalariga tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etgan. Mahalliy piyoz urug‘larini ekib, rekord darajada piyoz yetishtirishga erishgan. 

«Bu yilgi natija bilan to‘xtab qolish niyatimiz yo‘q, keyingi yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi ilmiy tadqiqot instituti olimlari bilan birgalikda gektaridan 160 tonna hosil olishni reja qilganmiz. Keyingi 3 yilda hosilni yanada ko‘paytirib, gektaridan 200 tonnagacha hosil olishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz», dedi o‘z yutug‘idan mamnun bo‘lgan fermer. 

Vazirlikning ta’kidlashicha, bugungi kunda dunyoda 4,5 mln gektar maydonga piyoz ekilib, 92,1 mln tonna mahsulot yetishtirilmoqda. O‘rtacha hosildorlik gektaridan 19,3 tonnani tashkil etadi. Piyoz yetishtirish bo‘yicha Xitoy, Hindiston, AQSh, Eron davlatlari yetakchi o‘rinni egallaydi. 

O‘zbekistonda ham piyozning yangi serhosil va turli muddatlarda yetishtirishga mos navlarini yaratish, urug‘idan, ko‘chatidan hamda no‘shidan yetishtirishda takomillashgan texnologiyalarni, xususan suv tejovchi texnologiyalar — tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish tizimini qo‘llash orqali hozirgi kunda bir qator fermerlar yaxshi hosil olmoqda.

Mavzuga oid